www.ziyouz.com
kutubxonasi
35
IV b o b
1
O‘zining o‘rmoniga sig‘magan bir sher boshqa bir o‘rmonga borib qarasaki, o‘zidan
zo‘rrog‘i yo‘q. Shunda u behad quvonib «Men shu o‘rmonning shoh-arsloniman! Hamma
qarshimda tiz cho‘ksin!» deb na’ra tortibdi. Bu nodon o‘ylamabdiki, bu o‘rmonning o‘z
xo‘jasi — arsloni bordir, u pinakka ketgandir, hademay uyg‘onar, uyg‘onsa ish rasvo
bo‘lar...
O‘z ko‘nglicha shaharga yakka hokim bo‘lib olgan Hosilboyvachcha ana shu nodon sher
toifasidan edi. Yengil-elpi g‘alabalar bilan shu martabaga yetgan u aqli qosir mutlaq
hokimlikka erishmoq uchun bittagina asosiy g‘alaba yetarli deb o‘yladi. Agar u qimorboz
bo‘lsa edi, oshig‘i hamisha olchi turishi mumkin emasligini bilardi. U oshiq tepishni
yaxshi o‘rganmay turib bor mulkni, hattoki jonni tikdi. Tikdi-yu, Asadbekning oshig‘i
olchi turib, u yutqizdi. Agar Hosilboyvachcha din ahlidan, yoinki ularga yaqinlardan
bo‘lsa edi, «Iza tavotiru aala ahadikum an nia’mu fal-yabki aala nafsihi fa qod salika
g‘ayra tariyqus-solihin»* hikmatining ma’nisini chaqarmidi. Afsuski, u o‘z holiga yig‘lay
olmay ketdi.
Har bir qush qaerga, qanday in qurishni biladi. Buni bilibdimi, demak, yashashdan
maqsadi ne ekanini ham anglaydi. Jonzotlar orasida eng onglisi hisoblanuvchi inson
vakili bo‘lmish Hosilboyvachcha qush bilgan narsaga fahmi yetmadi. Chumchuq hech
qachon burgut uyasini orzu qilmaydi. U esa orzu qildi... Chumchuq bilan burgutning
qanoti ham, changali ham har xil bo‘lishini bilmadi...
Asadbek esa bu o‘yinda yutishiga ishonardi. Inson qalbi haqiqatdan, adolat va
muruvvatdan o‘z xohishi bilan emas, o‘zi bilgan va bilmagan kuch orqali zo‘rlik bilan
uzoqlashadi. Asadbek uni o‘ldirishni istamagan edi. U Hosilboyvachchaning ko‘p
qiliqlarini kechirib kelardi. Ayrim izdihomlarda «Shu bola oxiri to‘qmoq yeydi», deb
qo‘yardi, lekin «shu to‘qmoq bilan o‘zim ursam kerak», deb o‘ylamasdi. «Yovni ayagan
yara yer, kaltagini sara yer», deb bejiz aytishmagan. Asadbek bu maqolni bilmas edi,
ammo u «Senga zulm qilsalar, sen o‘n karra zulm bilan javob qaytar», degan o‘z
aqidasiga sodiq holda yashardi. Hosilboyvachchaning zarbidan so‘ng quyosh yuzi to‘silib,
sovuq bosh ko‘targani kabi, Asadbekda zulm uyg‘ondi. Afsus shuki, kechroq uyg‘ondi.
Asadbek Hosilboyvachchaning zarbaga shaylanayotganini sezgan edi. Qilich
Sulaymonovning «Shu ish bahona bo‘lib Asadbekni yo‘qotish kerak. Bu shaharga
xo‘jayinlik qilish faqat sizga yarashadi», degan gaplarini yozib olib taqdim etishi yoki
Elchinni to‘yda haqoratlashga jur’at etishining o‘ziyoq ogohlantiruvchi zarbalardan edi.
Asadbek «Hosilboyvachcha kuchliroq zarba berishga qodir emas», deb yanglishdi.
Asadbekning keyingi kunlardagi ahvolini ko‘rgan Chuvrindi «kasallik xuruj qilyapti», deb
xavotirlandi. Asadbek esa kasalini qariyb unutgan, butun fikri-zikri Hosilboyvachchada
edi. U ko‘zlarini yumdi deguncha qizi sharmandali holda gavdalanar, bu manzara temir
tirnoqlar bilan ruhini ezardi. Uning ingrashlari tan azobidan emas, ruh qiynog‘idan edi.
O‘sha kuni qizi titroq ovozda, «Ada, siz hech kimni o‘ldirmaysiz, ularni o‘zim
o‘ldiraman», deganida zimiston ko‘ngliga bir yorug‘lik mo‘raladi. Ehtimol, qaysi bir ota
shunday fojiaga ro‘para bo‘lsa-yu, qizi qasos istagida shunday desa, balki «Mayli, qizim,
o‘ch ol!» der. Lekin gap shundaki, u «qaysi bir ota» emas. U — ASADBYeK! U erkak
bilan ayolning vazifalarini ajrata oladi. O‘lar holida ham bu ishni qiziga qoldirmaydi. Agar
o‘g‘illari shu yerda bo‘lishganida, shubhasiz, ular singillarining toptalgan nomusi haqqi
qasos olishga otlanishardi. Ammo o‘shanda ham Asadbek ularning yo‘lini to‘sgan
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |