www.ziyouz.com
kutubxonasi
34
ko‘rmagansiz, bilmaysiz. Shaytonga bo‘yin egadigan bolamas edi. Bu yerda bir tuhmat
bo‘ldi chog‘i.
— Yosh o‘smirda kimning xusumati bo‘lishi mumkin? Yo otasining dushmanlari bormidi?
— Bunisini bilmayman, uka, siz nima uchun surishtirib qoldingiz?
— Men prokuraturadanman, — Zohid shunday deb hujjatini ko‘rsatdi. — Siz aytganday
tuhmat bo‘lishi mumkin. Tuhmatligi aniqlansa, u oqlanadi.
— Ie, haliyam qamoqdami u? — deb ajablandi Mamasodiqning sherigi.
— E, yo‘q, — dedi Mamasodiq, — ikki yilmi uch yilmi o‘tirib chiqdi. Endi oqlashlaringning
nima foydasi bor? Onasi bu sharmandalikni ko‘tarolmay o‘lib ketdi. Otasi ishdan
bo‘shadi. Issiq joyini sovutdi. Oqibat na o‘likmas, na tirikmas — yotibdi.
— Shunday deysiz-ku... oqlansa... har holda yelkasidagi sharmandalik yuki olib
tashlanadi-ku?
— Baribir foydasi yo‘q. Uni oqlab, tuhmat qilganlarni qamash qo‘lingizdan keladimi?
Kelmaydi-da. Shuning uchun foydasi yo‘q, dedim.
— Siz tuhmat deyapsiz. O‘sha paytda nima uchun aytmagansiz?
— Biz kimmiz, bizning gapimizni birov sariq chaqaga olarmidi? Qorovulning gapini
eshitadigan quloq bormi o‘zi? O‘shanda birdan mish-mish tarqaldi. Tergovchi keldi, opa
bilan gaplashdi. Opa kimni chaqirsa, o‘sha guvohlik beribdi. O‘sha kuni men ismenda
edim, birov bir nima deb so‘ramadi. «Sendan so‘rashni istashmayotibdimi, sen bir faqir
odam, lozim bo‘lmagan ishga burningni tiqma», deb jim qolaverdim-da.
— Siz Jamshidning zo‘rlashi mumkinligiga nima uchun ishonmayapsiz?
— E, inim, zo‘rlaydigan bolaning ko‘zi o‘ynab turadi. «G‘unajin ko‘zini suzmasa, buqacha
arqonini uzmaydi», degan maqolni eshitganmisiz? Jamshidniki emas, o‘sha... hajiqizning
ko‘zi o‘ynab turardi. G‘arko‘z edi u. Hozir ham o‘ynab turadi. Uning o‘zi Jamshidga osilib,
labini cho‘zib yurardi. Imoratni ko‘rib turibsiz. Shu uchinchi qavatdan o‘zini tashlagan
odam tirik qoladimi? Xo‘p, adolat qilmoqchi ekansiz, yuring, ko‘rsatay.
Mamasodiq shunday deb o‘rnidan turdi-da, hovli tomon yurdi.
— Ana, osma tik tarnovni ko‘ryapsizmi, deraza yonidan o‘tgan. O‘shanga osilib, manavi
tomga tushgan, undan yerga sakrab, dod-voy qilgan. Derazadan tashlagan odam hech
bo‘lmasa manavi tomga tushadi, hech bo‘lmasa tunukani pachoq qiladimi?.. Gap shu
ukam, adolat qilaman, desangiz, o‘sha hajiqizning bo‘yniga qo‘yib, qamang.
— U hozir qaerda, bilmaysizmi?
— Qaerda bo‘lardi, go‘rga ketadimi, shu yerda. Opaning muovini hozir. Nomi muovini,
aslida opa hamma ishni shuning qo‘liga topshirib qo‘ygan. Bu shaytonning urg‘ochisidan
hamma bezor.
— Gapingizga qaraganda uni yomon ko‘radiganga o‘xshaysiz.
— Men yomon ko‘rdim nima-yu yaxshi ko‘rdim nima, foyda-zarari yo‘q hech kimga. Men
bir qorovul odam bo‘lsam, kelayotganida o‘rnimdan turib salomimni beraman, hushiga
kelsa alik oladi, kelmasa yo‘q, alik olmasang onangnikiga, deb qolaveraman. Idora
xodimlariga achinaman-da. Ba’zan duch kelganni itday qopadi. Yo qudratingdan, bu
yalmog‘iz doim chap yoni bilan turadimi, deyman. Huzuriga kirmoqchi bo‘lganlar zirillab
turishadi. «Hajiqizning kayfiyati qalay, kirsak bo‘larmikin?» deyishadi.
Zohid tajangroq ko‘ringan Mamasodiqning bu gaplarini eshitib kulimsiradi:
— Unda men ham so‘ray: kayfiyati qalay, hozir kirsam bo‘larmikin?
— Bugun qopadigan kuni. Qo‘rqmasangiz, kiravering.
— Qopsa qopar, do‘xtirga borib qirqta ukol olsam, tuzalib ketarman, quturmasman.
Zohidning hazili Mamasodiqqa ma’qul kelib, jilmaydi.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |