www.ziyouz.com
kutubxonasi
141
— Bekor qilibsiz, — dedi Habib Sattorov istehzo bilan kulib.
— Nega bekor bo‘larkan? Men kadrlarni qadrlashni bilaman. Siz esa men haqimda
noto‘g‘ri fikrlarda yurasiz. Partbilet, azizim, siyosiy masala. Siyosiy masala esa — hazil
gap emas! Uchib ketishingiz hech gap emas!
— Baribir bekor qilibsiz. Men partbiletni stolga qo‘ymasdim, — Habib Sattorov shunday
deb mug‘ombirlarcha kuldi-da, yana qo‘shib qo‘ydi: — ikki dunyoda ham qo‘ymasdim.
— Siz... katta ketyapsiz. Siz ularni bilmaysiz. Ular shundayki... qo‘yishga majbur
bo‘lardingiz baribir.
— Qo‘ymasdim, — dedi Habib Sattorov o‘jarlik bilan.
— Nega?
— Chunki menda partbiletning o‘zi yo‘q. Partiyasizman.
Sohib Po‘latov joyida bir qimirlab oldi.
— Bo‘lar ish bo‘libdi, — dedi Habib Sattorov g‘olib odamning ovozi bilan. — O‘zim ham
«Bo‘shasammikin», deb yuruvdim. Buyruq uchun rahmat. Endi men kompyuterimni olib
ketsam.
— Qanaqa kompyuter?
— Bilmaysizmi? Nahotki? Buyuk Britaniya qirollik akademiyasi Habib Sattorovga beshta
kompyuter sovg‘a qilgan edi. Bittasi shaxsan o‘zimga sovg‘a, qirolichaning dastxati ham
bor. Bilishimcha, kompyuterning uchtasi Moskvada qolgan. Ikkitasi shu yerda. Mayli,
men faqat dastxat bitilganini olay. Bittasi institutda qolsin.
—E, yo‘q, azizim, — Sohib Po‘latov shunday deb jilmaydi. — Sizga berolmaymiz uni.
Bular institutning mulki. Siz esa bizda ishlamaysiz. Sizga faqat bir yaxshilik qilishim
mumkin: istagan paytingizda kelib foydalanishga ijozat etaman.
Shunisi ortiqcha bo‘ldi. Habib Sattorov shunisiga chiday olmasdan chapanichasiga so‘kib
yubordi. Shu so‘kish bahonasida har ikki tomon aytadiganini aytib, yuragini g‘uborday
bosib turgan alamlardan forig‘ bo‘ldi. G‘azab toshlari tugagach, Sohib Po‘latov:
— Akademik Xolidiy domla ukangni jinni, devdilar. To‘g‘ri aytgan ekanlar. O‘zi
urug‘laringda bor ekan jinnilik, — deb bahsga yakun yasadi.
Habib Sattorov bu yakunga qarshi bir gap aytmadi. Sohib Po‘latovning fikrini
ma’qullaganidan emas, aksincha, aytilgan gapning naqadar tuban, naqadar puch ekani
sababli unga javob qaytarishni lozim topmadi. U o‘z ko‘nglida sukut saqlab, harifidan
baland keldi, g‘oliblik shohsupasini egalladi. Sohib Po‘latov esa so‘nggi gapi bilan uni
«tamoman majaqlab tashlaganiga» amin edi.
Habib Sattorov ko‘chaga chiqib bir oz yurgach, to‘xtadi. «Yana bir-ikki og‘iz gapni
aytsam bo‘lar ekan», degan fikrda afsuslandi. So‘ng «Shu odamga gap ta’sir qilarmidi»,
degan fikr bilan o‘zini o‘zi ovutdi. Agar uning yonida Sobitxonga o‘xshash ilm
sohiblaridan biri bo‘lganida, ayni bir haqiqatni aytib, ko‘ngliga taskin berardi. Afsus
shuki, yonida bunday aqli rasolardan yo‘q. Yana bir afsus shuki, o‘zi shu yoshga yetib
ahli donishlar suhbatiga intilmadi. Xudo bergan aql xazinasini karra jadvaldan tortib,
turli formulalar bilan to‘ldirdi. Agar ruhoniy ilmga ozginagina joy bergandami edi «As-
sinatuhum ahla minal asal va qulubahum qulubuz-ziaab»* — hadisi sharifining neni
anglatishini bilgan bo‘lardi. Sohib Po‘latovning qiliqlarini shunda tushunib yetardi. Bo‘ri
qo‘yxonaga oralasa, bir necha jonivorni bo‘g‘izlaydi. Holbuki, bittagina qo‘yni olib ketadi.
Sohib Po‘latov ham shunday. U hozircha Habib Sattorovni ishdan bo‘shatdi. Hali
shogirdlar, tarafdorlar... turishibdi. Habib Sattorov hozircha bu haqda o‘ylamaydi...
U avtobus bekatiga qadar bo‘lgan yarim chaqirimlik yo‘lda xayolini hozirgi
noxushliklardan tozalamoqchi bo‘ldi. Bu — uning hamishalik odati. Biron nohaqlikka
duch kelsa, ko‘ngli g‘ashlansa, janjalli holatda o‘zini tutib, hatto buni uzoq o‘ylamay,
xayolidan chiqarishga harakat qiladi. Buning uchun u ko‘ngliga huzur baxsh etuvchi
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |