www.ziyouz.com
kutubxonasi
132
odamni qo‘y. Yursa — birga yursin, yotsa — birga yotsin. Har bir nafas olishi kuzatuvda
bo‘lsin.
— Shu ehtiyotkorliging menga yoqmayapti, — dedi Kesakpolvon. — Axir odam ichketar
bo‘lib o‘lib qolishi ham mumkin-ku? Birov axlatini titib, sening izingni toparmidi?
— Kerak bo‘lsa juda topadi-da! Lekin mening izimni emas, sening achib-bijib ketgan
ahmoq miyangni topadi. Keyin «Shu ahmoq miyani yeb zaharlanibdi», deb qo‘ya qoladi,
— dedi Asadbek jahl bilan.
Ularning maslahati pishmay turib, eshik qiya ochildi-da, boloxonadagi yigitlardan birining
boshi ko‘rindi:
— Xo‘jayin, bir odam so‘rayapti, — dedi u aybdor bola kabi dovdirab.
— Kim ekan? — dedi Kesakpolvon zarda bilan. — Avval kimligini bilib, keyin
kelmaysanmi, s-so‘tak!
— Kimligini bildim, aka: Maskovdan kelibdi. Xongir degan odamdan salom olib
kelganmish. Xongirning kimligini xo‘jayin bilarkanlar...
Xongireyning nomini eshitib, Asadbek bilan Chuvrindi bir-biriga sirli ravishda qarab
oldilar. Moskvadagi uchrashuvdan bexabar Kesakpolvon esa ensasi qotib so‘radi:
— Kimdan deding?
— Xongirmi... Gapiga yaxshi tushunmadim. Tilidan o‘risga o‘xshamaydi. Gurzinmi
deyman...
— Bir o‘zimi yo sherigi bormi? — deb so‘radi Chuvrindi.
— Bitta o‘zi keldi.
— Chaqir, kirsin, — dedi Asadbek.
Chaqirilmagan mehmonni Asadbek ham, Chuvrindi ham darrov tanidilar. Moskvadagi
uchrashuvda Xongirey yonida turgan, artistlarday o‘ziga bino qo‘yib kiyingan, qaldirg‘och
mo‘ylovli bu yigitni ehtirom bilan kutib olib, to‘rga o‘tqizdilar.
— Qalay, Xongirey sog‘-salomat yuribdimi? — deb so‘radi Asadbek.
— Ollohga shukr, — dedi mehmon. — Xongirey senga-da salomlar yubardi. O‘zing
nechuksan? Sog‘misan, qardosh?
Uning yosh bo‘la turib sensirashi uchovining g‘ashlarini keltirgan bo‘lsa-da, sir boy
berishmadi. Nozikroq odamlar bilan Asadbekning o‘zi gaplashardi. A’yonlar u yoki bu
masalaga ko‘z qarashlari bilan munosabatlarini bildirib turishardi. Bu safar ham an’ana
buzilmadi.
— Qo‘ng‘iroq qilganingda kutib olardik, Xongireyning odami biz uchun aziz mehmon, —
dedi Asadbek uning savollariga javob bermay.
— Kelib-ketib yurgan yerim. Bu joylar o‘z uyimday bo‘lib qolgan. Seni bezovta
qilmoqning hojati yo‘qtur.
— Qanday yumush bilan kelding? Balki yordamimiz tegar?
— Yordammi? E, yo‘q, qardosh menga yordam kerakmas. Kerak bo‘lsa, bizlar senlarga
yordam berishimiz mumkin. Men bu yerga Xongireyning ukasini ko‘rgani kelgan edim.
Sen uni taniysan — Hosil. Uyida yo‘q, ofisida yo‘q. Safarga ketgan emish. Sen
bilmaysanmi? Qaerga ketgan? — U shunday deb Asadbekka sinovchan tikildi. Asadbek
undan nigohini olib qochmadi, tik qaraganicha kiprik qoqmay javob berdi:
— Uning o‘z kallasi, o‘z oyoq-qo‘li bor, istagan tomoniga bora beradi. Mendan so‘rab
o‘tirmaydi.
— Sen uni yaqin orada ko‘rmadingmi?
— Yaqin orada ko‘rmadim.
— Eslab ko‘r-chi, qachon ko‘rgan eding?
— Sen Xongireyning odamimisan yo prokurormisan? — dedi Asadbek kinoya bilan. U shu
tarzda mehmon izzatini bilmayotganini ma’lum qilib qo‘ymoqchi edi. Mehmon bu
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |