www.ziyouz.com
kutubxonasi
114
jam bo‘lsinki, men uning tagiga yetaman. Xo‘sh, yana o‘sha savolga qaytamiz?
— Namozov ishini men boshlaganman. Lekin uni qamoqdan men chiqarmaganman.
— Bilaman. Bu Keldievning ishi. U bilan gapimiz boshqacha bo‘ladi. Men siz —
o‘zbeklarni yaxshi bilaman. Biringiz ikkinchingizga oshirib turasiz. «Ish»ni siz ochgansiz,
agar rozilik bermasangiz Keldiev yopa olmas edi. Xo‘sh, nima uchun rozi bo‘ldingiz?
Roziligingizning narxi qancha?
— Siz men bilan bu tarzda gaplashmang, haqqingiz yo‘q! — dedi Zohid, bu safar
g‘azabini yashira olmay.
— Nimaga haqqim boru nimaga yo‘q, sendan yaxshiroq bilaman, — dedi Berger oyoqqa
qalqib. — Sen pokmisan? Pok bo‘lsang nima uchun indamay turding? Nima uchun
yuqoriga yozmading? Haqqing bor edi-ku?
— Bu mening xatoim bo‘lishi mumkin.
— Har bir xatoning o‘ziga yarasha haqi bo‘ladi.
— Men shu paytgacha birovdan pora olmaganman, bundan keyin ham olmayman.
— Bunaqa kulgili cho‘pchaklarni bolalar boqchasiga borib aytish kerak. Men bola
emasman, SSSR Prokuraturasidanman! Bu «Ish», azizim, sen o‘ylaganchalik hazil ish
emas. Bilib qo‘yganing yaxshi: «O‘zbek ishi»ning ikkinchi sahifasi ochilyapti. Hali ko‘p
odam boradi boradigan joyiga. O‘rtoq Gdlyan aytgan: senlar bilan odam tilida gaplashib
bo‘lmaydi. Senlar odam tilini bilmaysanlar. Gap shu: Namozov tan oldi. Senga ellik ming
bergan ekan. Ertaga ertalab mana bu yerga, — Berger stol ustini shapatilab qo‘ydi, —
yigirma besh mingni qo‘yasan. Kelishdikmi?
«Bu Azroilning urg‘ochisi nimalar deb valdirayapti? Pora so‘rayaptimi yo sinamoqchimi?
Sharipov bermagan narsasini «Berdim» degan bo‘lsa-chi? Qiynoqqa olgan bo‘lsa, aytib
yuborishi hech gapmas. Xo‘sh, aytsa nima? Bir ahmoqning gapi haqiqat emas-ku?»
— Kelishdikmi? — dedi yana Berger uning o‘yga berilganini ko‘rib.
— Yo‘q, kelishmadik, — dedi Zohid qat’iy ovozda.— Men undan sariq chaqa ham
olmaganman.
— Men ayol bo‘lsam ham sen bilan erkakchasiga gaplashyapman. Sen esa xotinga
o‘xshab chaynalyapsan. Erkakmisan o‘zing? — Berger qo‘lidagi sigaretni pastga tashlab,
etigining uchi bilan ezdi. — Yaxshi. Ertalabgacha o‘yla. Men senga shans beraman:
kamerada emas, uyingda o‘ylaysan.
— O‘ylashning hojati yo‘q: undan hech narsa olmaganman.
— G‘irt ahmoq ekansan! Sen men bergan shansdan foydalanishni istamadingmi? —
Berger savoliga javob kutmay, dahlizdagi yigitlardan birini chaqirdi:— Vlad!
Kiraverishda Zohidni to‘sgan qoruvli yigit hayallamadi. Eshikni ochib, ichkariga bir
qadam qo‘ydi.
— Olib chiqib, kameraga tiq buni. Xom kallasini pishitib olsin. Bir tishlam non, bir
xo‘plam suv ham berilmasin.
Zohid ishning bunaqasiga aylanishini kutmagan edi. Shu sababli gangib qoldi. So‘ng
o‘rnidan sapchib turdi-da:
— Haqqingiz yo‘q! — dedi, ovozini bir parda ko‘tarib.
— Haqqim bor, — dedi Berger kibr bilan.
— Prokuror ruxsatnomasini ko‘rsating, — deb talab qildi Zohid.
— Ruxsatnomami? — dedi Berger, so‘ng ikki barmog‘i orasiga bosh barmog‘ini qistirib
Zohidning burniga taqadi. — Mana senga ruxsatnoma! Men SSSR prokuraturasidanman,
shuning o‘zi senga kifoya emasmi? Vlad, olib chiq.
Zohid qarshilik qilish befoyda ekanini bilib, Vladning oldiga tushdi.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |