www.ziyouz.com
kutubxonasi
32
boshladi.
— Zohid, siz hech ilm bilan shug‘ullanishga harakat qilganmisiz?
Suhbat mavzuining to‘satdan bu mavzuga ko‘chishi Zohidni ajablantirdi. «O‘tmishimni
bilib so‘rayaptimi yo boshqa bir narsani aytish niyati bormi?» deb o‘ylab, mujmalroq
javob qaytardi:
— Sal-pal... harakat bo‘lgan.
— Bizning ishimizda o‘sha «sal-pal»i chatoq. Ilmga «sal-pal» qiziqqanimiz uchun ham
cho‘kamiz. Mana, bizning ishimiz nima o‘zi? Jinoyatni ochish, jinoyatchini fosh qilish...
hokazo, hokazo... Men esam «bizning ishimiz ilmning aynan o‘zi!» deyman. Bu ishga ilm
nuqtai nazaridan qaramaganimiz uchun ham cho‘kamiz. Siz ranjimang, kinoya
qilayotganim yo‘q. Cho‘kayotganimiz aniq. Men sizga bekor qiziqib qolmadim. Sizda
ilmiy tahlilga intilishni ko‘rdim. Mana, kechagi xabar: Rusiyada bir manyakni ushlashibdi.
O‘n yettita xotinni zo‘rlab, o‘ldirgan. Bu xabar yuzaki qaraganda men uchun ahamiyatli
emas. Lekin ikki yil ichida o‘n yetti xotinning qotili izlangan. Uchtasi hatto «topilgan».
Ahmoqlikni qarangki, bitta xotinning erini qotil deb gumon qilib, otishga hukm qilishgan,
bolalarini yetimxonaga joylashgan. Agar u ahmoqlar ilmga asoslanib ish yuritishganda
shunday bo‘larmidi?
— Bizda ahmoqlar yo‘q deysizmi?
— Ha, qoyilman. Hamma gap shunda. Shuning uchun Sunnatullaevning eski «Ish»ini bir
ko‘ring dedim. Mening fikrimcha, har bir jinoiy ishning ochilishi — ilmiy ish. Menga qolsa,
Sunnatullaevning ishini ochsangiz, shartta «huquqshunoslik fanlari nomzodi» yoki
«do‘kto‘ri» unvonini berib yuborardim.
— Rahmat, xuddi unvonni olganday bo‘ldim, — dedi Zohid kulimsirab.
— Endi ishimizga taalluqli bir savol: Asadbekka o‘xshaganlar, jinoiy guruhlar nima uchun
taltayib ketishdi? Ular oldin pastki qobiqda pisib yurishardi. It qutursa egasini qopadi,
deyisharmidi? Ularni nima quturtirdi?
— Buning sabablari ko‘p. Jamiyatning tomir urishiga qarab, sabablarni axtarish kerak.
— Siz bir axtaring. Ungacha mening javobimni eshitib ko‘ring. Jamiyatning kasalini
eslaganingiz yaxshi. Asadbeklar paytdan foydalanishdi. Oshqovoq Gdlyan tepa tomonni
sur-sur qilayotganida bular bilan hech kimning ishi bo‘lmay qoldimi? Kadrlar masalasi
ko‘tarildimi? Ko‘p joylar bo‘shadimi? Bular o‘sha joylarga o‘zlariga sodiq odamlarini
tiqishtira boshlashdimi? O‘rtada pul degan nozanin o‘ynadimi? Bu nozanin bir
karashmasi bilan necha jonlarni behalavot qilarkin? Bular hali ham o‘sha-o‘sha zamon
deb o‘ylashyapti. Hali ham aytganlarini qonun deb ishonishadi. Bir jihatdan shunday deb
o‘ylashlari ham durust. Ilm deganim — rentgenday gap. Biz ularning o‘pka-jigarlarigacha
ko‘rib turishimiz shart. Bo‘lmasa kasalning ildizini topa olmaymiz... Ustozim to‘g‘ri
aytgan ekanlarmi, qahva aqlni peshlarkanmi? Yana bittadan ichamizmi?
Zohid piyolani chetga surib, iltifoti uchun Said Qodirovga rahmat aytdi-da, ketishga
ijozat so‘radi. U ostona hatlab xonaga kirishida ezgin kayfiyatda edi, chiqishda boshqa
holda bo‘ldi. «Gapi boshqa, ishi boshqalarga o‘xshamaydi», deb o‘ziga-o‘zi taskin berdi.
2
Jamshid Sunnatullaevning avvalgi jinoiy ishini o‘rganishni Zohid e’tiborga molik masala
deb hisoblagan bo‘lsa-da, bu vazifani bajarishni keyinroqqa qo‘ygan edi. Said
Qodirovning huzuridan chiqqach, Jamshid o‘smirlik chog‘ida ishlagan idoraga qarab
yurdi. U «Ish» bilan dastlab tanishgan chog‘ida pala-partishlikni, da’vogar qizning
tergovdagi gaplari bilan sudda aytganlari orasida mantiqiy bog‘lanish buzilganini
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |