www.ziyouz.com
kutubxonasi
221
amakimnikidan telpon qilishdi, tez yetib borar ekansiz», dedi. Chuvrindi darrov
mashinani orqaga burdi. Katta ko‘chaga chiqib, tezlikni oshirgan mahalda ro‘parasida
yuk mashinasi ko‘rinib, chiroqlarini yoqdi...
«Kamaz»dan tushgan Xumkalla old tomoni pachoqlanib butunlay yo‘q bo‘lib ketgan
«Jiguli»ga picha qarab turdi-da, o‘zini sal narida kutayotgan mashina tomon yurdi.
3
Dafn marosimiga kelganlarning barchasi tarqaldi. Qor aralash yomg‘ir sevalab turgani
uchun domla ham «Taborak» surasini yarim qilib o‘qib qo‘ya qoldi.
Odamlar tarqalishgach, Asadbek qabr boshiga keldi. Ikkita bir xildagi marmar tosh.
Birida onasi, ikkinchisida Samandar — ukasi. Ularning yoniga ukadek aziz bo‘lib qolgan
Chuvrindi qo‘yildi.
Asadbek osmonning ko‘z yoshlari ostida picha turdi. Paltosi ivib ketdi. Yuzlarini, ko‘z
yoshlarini qor aralash yomg‘ir yuvdi.
«Bu yer mening joyim edi, Mahmud ukam. Sen kelding. Yoningda yana bir joy bor...
«Mastlikda bo‘lgan», deyishyapti. Men bunga ishonmayman. Senga qasd qilganni xor
qilmasam, otimni boshqa qo‘yaman. Qasos olmagunimcha yoningga kelmayman...»
Kimdir qo‘lidan ushlab, tortdi.
O‘girilib qaradi: Kesakpolvon.
— Sen mening yuragimga tupurding, — dedi Asadbek.
— Unday dema, Asad, agar shu mening ishim bo‘lsa — Xudo ursin!
— Yo‘qol...
— Asad...
— Yo‘qol, dedim!
Kesakpolvon uch-to‘rt qadam chekindi-yu, ammo yo‘qolmadi.
ENG SO‘NGGI BOB
Zohid, 1990 yil, 3 fevral.
Prokuror imzo chekkanidan so‘ng ham Zohid ishonmadi: nahot adolatga yetishgan
bo‘lsa?! Nahot Botirov «Ish»i shu tariqa yaxshilik bilan yakunlansa. «Ishkal»ning gapi
nima bo‘ldi? «Topshiriq bilan qamaganmiz, eplay olmaysan» deb edi. Topshiriq bilan
qamagani to‘g‘ri. Oqlanishi-chi? Said Qodirov aytmoqchi, o‘zgarishlarning mevasimi?
Zamon shunchalik tez o‘zgardimi?
Botirov o‘zining kiyimlarini kiyib, ko‘chaga chiqqach, «Alhamdulilloh, Olloh, o‘zing
buyuksan, qudratlisan!» deb qo‘ydi. Zohid uni uyiga qadar kuzatib bordi. So‘ng
quvonchini baham ko‘rish uchun Hamdam Tolipovni yo‘qladi. U topshiriq bilan chiqib
ketgan, qachon qaytishi noma’lum edi. Shundan so‘ng ilk ustoz sanalgan mayor Solievni
ko‘rgisi keldi.
Mayor Soliev uning suyunchilik xabarini eshitib, qo‘lini siqdi-da:
— Adolatga osonlik bilan yetib bo‘lmaydi, — dedi.
Botirovning ozod etilishi Zohid uchun dastlabki muhim g‘alaba edi.
Asosiy kurashlar hali oldinda.
Bu — endi ertaning ishi...
Asadbek, 1990 yil, 3 fevral.
Asadbek qabristondan to‘g‘ri eski shahardagi uyiga bordi.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |