www.ziyouz.com
kutubxonasi
145
Habib Sattorovga bu daftar ilmiy ishning qoralamasi kabi tuyulib, ayrim satrlar diqqatini
tortdi. Birinchi sinf bolasiday hijjalab o‘qiy boshladi:
«...Bir xalq o‘z ixtiyori bilan boshqa xalqqa qanday qilib qo‘shilsin? Xo‘p, nomuhtaram,
noakademik, nojanob, balki bu dunyoda sizning ahmoq kallangiz bilan fikr yuritadigan
galvarslarga ergashib kattaroq yoki kichikroq xalqlar qo‘shilar. Lekin qanday qilib bir
millat o‘z ixtiyori bilan boshqa millatga qo‘shilsin? Bu holda qo‘shilguvchida or-nomus
bo‘larmi? Millat — bir dinga mansublikmi? Bir millat o‘z ixtiyori bilan boshqa millatga
qo‘shilibdimi, demak u o‘z dinidan, o‘z imonidan, vijdonidan yuz o‘giribdi. Alqissa: «O‘rta
Osiyo Rossiyaga o‘z ixtiyori bilan qo‘shildi», degan gap o‘rta osiyolik musulmon dinidan
chiqib nasroniylikni qabul etdi, degani emasmi? Shu yolg‘onni chinga aylantirib
berayotganlari uchun valine’matlaridan mukofotlar oladilar. Biroq, tentakona bu gapga
kim ishonadi, kimlarni ishontirmoqchi bo‘lishadi. Omilarnimi? Omilarga bari bir — kim
non bersa, kayfini xushlasa o‘shanga qulluq qilaveradi. Qornini to‘yg‘azib qo‘yib,
qamchilasa ham g‘ing demaydi. Bunaqa omi odam nima — mol nima — farqsiz. Ammo...
(Ammo!) ongli odamlar ko‘p-ku? Ularni chalg‘itish mumkinmi?
Odamning o‘ng yelkasida Rahmon farishtasi, chap yelkasida Shayton bolasi turadi,
deyishadi. Balki shundaydir. Lekin mening nazarimda (buning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini
Sobitxondan so‘rab olishim kerak!!!) odam o‘ngga qarasa haqiqatni, chapga qarasa —
aldovni ko‘radi. Odam o‘ng tomoniga boshini bursa, yuziga shapaloq (balki mushtdir,
Xudo ularga insof bersin) bilan uradilar. Chap tomonga bursa, peshonasini silaydilar.
Uning ko‘zi ajoyib narsalarga, «imtiyozlar» deb ataluvchi bu dunyo jannatiga tushib
rohat topadi...»
Fikr shu yerga yetganida satrlar uzilib, arab harflarida bir nimalar yozib qo‘yilgan edi.
Agar Habib Sattorov arab alifbosini bilgandami, beadad ulug‘ hikmatni o‘qir edi.
Daftardagi:
«Izo, kaanam turobu dalila qovmin, Sayahdihum ila arzil jiyafi»* degan arabiy baytning
Sohib Po‘latovga ham tegishli ekanini anglardi.
Habib Sattorov daftarni yana varaqlab «jinnixona» degan so‘zga ko‘zi tushib jumla
boshini izladi.
«...Meni jinnixonga keltirishdi. Na izzat, na-da ikrom, na poyondoz, na-da gullar bor.
Obro‘ ham shunchalar bo‘lar-da. Ishonchim komilki, agar Nortojiev (ya’ni Gorbachev)
jinnixonaga yotqizilsa, bundan ortiq obro‘ ololmaydi. Demak, men obro‘ jihatdan
Nortojiev bilan tengman. Oramizdagi farqimiz, u — professional, men esa kelajagi porloq
havaskor jinniman! Qanday yaxshi! Kelajagi yo‘q yosh olim bo‘lgan durustmi yoki
kelajagi porloq yosh jinni a’loroqmi? Albatta keyingisi — muddaoning o‘zi! Darvoza
tepasiga «Lenin biz bilan», deb yozib qo‘yishibdi. Endi «Butun dunyo jinnilari,
birlashingiz!» deb yozdiramiz. Qiziq... jinnilar nima uchun birlashishmas ekan? Balki
birlashishgandir?.. Ha, birlashganlar! Faqat ularga «jinni» degan unvon berilmagan. Ular
— aqlli jinnilar. Biz esa... men esa... ahmoq jinniman. Yo‘q, ular jinnilarmi? Men
jinnixonadaman. Demak, men ularning mehmoniman. Bunisi qoyil! Lekin... bir kunmas
bir kun, biz havaskor jinnilar ham birlashamiz. So‘ng... Xo‘sh, so‘ngra nima qilamiz? Ha,
eng avvali o‘zimizni «Aqlli jinni» deb e’lon qilamiz. Keyin erkakni xotin, xotinni esa erkak
deymiz. «Falonchining eri tug‘di» yoki «Falonchining eri bolasini emizmayotgan
emish...» yoki «Falonchining eri boshqadan ikkiqat emish». Zo‘r-a! Bolalar-chi? Tug‘ilgan
bolalarni «buvasi», «buvisi» deymiz... Qarabsizki, qiyomat! Eng qiyomati —
televizorning hamma kanallarida faqat «O‘zbekfilm» tomoshalarini ko‘rsatamiz.
Qarabmizki, ertalab nahorga bosmachi, nonushtaga bosmachi, tushlikka ham, kechlikka
ham. Zahartang qilib yoki uyqusi qochib tursa ham — «O‘zbekfilm»...
Shu yerga kelganda Habib Sattorovning toqati toq bo‘lib daftarni yopdi-da, nari surdi.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |