www.ziyouz.com
kutubxonasi
144
— Maskovda haqiqat bor deb o‘ylaysizmi?
— Menga haqiqat emas, ilmiy ish uchun sharoit kerak.
— Haqiqat yo‘q yerda sharoit ham bo‘lmaydi. Domlangiz boshingizni silagani bilan
«qora-quralar nasibamizni yeb ketyapti», deydiganlar ko‘p u yerda...»
Qiziq, yo‘l ustida aytilgan gapni o‘shandayoq unutgan edi. Kelini esga soldi... Unda
Anvar bilan picha bahslashgan edi, nasihat ham qilib edi. Endi keliniga nima desin?
Bu gap a’zoi badaniga titroq yubordi. Keliniga norozi qiyofada qaradi-da:
— Siz oyim bilan o‘tira turing, men Anvarning xonasiga kiray, — deb uy tomon yurdi.
Anvar uchun ham darsxona, ham mehmonxona vazifasini o‘tagan uyga qadam bosib
kirib, o‘rtada to‘xtadi. O‘zining kuyovlik onlari kechgan bu uy deyarli o‘zgarishsiz.
Faqat... ranglar unniqqan. Qaysi bir yili chakka o‘tganidan shiftdagi fanerning ayrim
joylari tirishgan. Uyni qaytadan bo‘yoqdan chiqarishga Anvarda qunt ham, toqat ham,
muhimi — mablag‘ ham yo‘q edi.
«O‘zim qarab tursam bo‘larkan», deb o‘yladi Habib Sattorov.
Qaysi bir yili onasi «Ukangning topish-tutishida baraka yo‘q, sen qarashib tur», deganda
«Ukam yosh bola emas. Harakat qilsin. Har kim o‘z aravasini o‘zi tortishi kerak», deb uni
ranjitgan edi. Mana endi afsuslanib turibdi. Endi bu afsusdan ne foyda? «Hayitgacha
uyini moylatib beraman», deb ham o‘yladi. Endi uyning moyi yangilandi nima-yu,
yangilanmadi nima? Hayitgacha Anvar tirilib kelib o‘tirarmidi? Yo Xonzodaga kerakmi? U
erining yili o‘tguncha o‘tirar, keyin ketar... Keyin Habib Sattorovning o‘zi ko‘chib kelar...
Bir oyog‘i singani tufayli kanop bilan bog‘lab qo‘yilgan, deraza tokchasiga qadalib turgan
stol hozirgina hovliga chiqqan egasini kutayotganday mung‘ayib ko‘rindi. Xonzodaning
kelinligida tortiq etilgan bu stol mehmonlar uchun ham, dars uchun ham xizmat qilardi.
Dam o‘rtaga sudralib, dam deraza tomonga qo‘yilaverib oyog‘i singan bu stolning
«tabibi» Anvar o‘limidan uch kun oldin «vaqtincha» bog‘lab qo‘ygan edi.
Stol ustida uch-to‘rt kitob, taxlam qog‘oz, bir necha turli qalinlikdagi daftar turardi.
Anvar so‘nggi marta bu uydan chiqqanida bular sochilgan holda edi. Keyin... Xonzoda
titroq qo‘llari bilan batartib holga keltirdi.
Stol ustida qalam yotibdi... xuddi hozirgina ishdan horib yonboshlaganday... Yoki yetim
qolganidan bo‘zlab, bag‘rini yerga berib yotganday. Shunisi to‘g‘ridir... qalam yetim...
kitob-daftarlar yetim, siniq oyog‘i kanop bilan bog‘langan stol, hatto uy yetim... Faqat
yetim bola yo‘q. Otani sog‘inuvchi, «voy otam»lab yig‘laguvchi farzand yo‘q.
Xayoliga shu fikr kelganda ko‘zlariga yosh quyildi. Bag‘ri kuyib yig‘ladi. Nima uchun
yig‘ladi? Ukasidan zuryod qolmaganidanmi? Yoki o‘zining yolg‘izligidanmi? O‘z ta’biri
bilan aytganda, «ahmoq bo‘lsa ham» ukasi bor edi. Endi... ko‘zi ojiz onasi, xotini, ikki
qizi... «Moskvaga yoki Angliyaga borib ishlayman», dedi. O‘zi-ku, borib kelar. Onasiga
kim qaraydi? Xotinimi? Qaynona-kelin munosabati aniq-ku?
Ha... u o‘zining qismatiga ham yig‘ladi. U olimligini unutib, odam ekanini esladi.
Shunisiga ham shukr...
Habib Sattorov unsiz yig‘lagan holida bir oz turgach, stol yonidagi stulga o‘tirdi. Bir
necha daqiqa harakatsiz o‘tirdi. Kitob-daftarlariga qo‘l tekkizishga botinmadi. Kitob-
daftarlar qo‘l tegishi bilan «Voy, egam!»lab dod soladiganday tuyuldi. Bir oz harakatsiz
o‘tirgach, qo‘liga qalamni oldi. Qalamning badanida tishlarning izi...
Xayolga berilib, beixtiyor qalamni tishlagan holda nimalarni o‘yladi ekan? Balki o‘zini
qachon, qaerda, qanday osishni o‘ylagandir?
Shu fikr xayoliga urilishi bilan, qo‘li titrab, qalamni joyiga tashladi. So‘ng daftarni olib,
varaqladi. Ayrim satrlariga ko‘z tashladi. Anvar husnixat egasi emasdi. Ayrim satrlari
o‘layotgan odamning kardiogrammasini eslatardi: dastlabki harflarni o‘qish mumkin edi,
satr oxirida harf degani to‘g‘ri chiziqqa aylanardi.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |