www.ziyouz.com
kutubxonasi
102
qilishadi», dedimmi, demak qilishadi. Yettita yigit seni qiynab qo‘yishi mumkin, bilib
qo‘y. Keyin... — Berger zaharli kuldi: — to‘qqiz oydan keyin tuqqan bolangning otasi
kimligini bilolmay garangsib yurasan. Lekin... sen o‘zingni nomusli ayol deb bilasan-a?
Nomusli bo‘lsang, pulni qaerga yashirganlaringni ayt. Xo‘sh? Hovliga ko‘mib
qo‘yganmisanlar? Yo qarindoshlaringnikidami? Ayt! Balki manavi yangi uyingning
g‘ishtlari orasiga terib yuborgandirsanlar, a? Agar xohlasam uyingni ham buzib
ko‘rishadi. Unda ham ersiz qolasan, ham uysiz. Xo‘sh, aytasanmi?
— Pulimiz yo‘q, — dedi Nasiba yig‘lamsirab.
— Vlad, vaqtni o‘tkazma, bu to‘nkalarga gap tushuntirib bo‘lmaydi. Eri o‘ziga kelgunicha
yechintirib qo‘ya qol.
Bir zumda Nasibaning kiyimlari parcha-parcha qilib yirtilib, yarim yalang‘och holga keldi.
Ikki qo‘li bilan ko‘kraklarini to‘sib, ayozda qolganday titray boshladi.
Bu orada Sharif sal o‘ziga kelib, qaddini rostladi.
— Namozov, esingni yig‘, agar olib ketsam, u yoqda battarroq azoblar bor. Ayt,
Kozlovdan pul oldingmi?
— Yo‘q, tanimayman, unaqa odamni.
— Vlad, boshla!
Vlad degani astoydil ravishda shimini yecha boshladi. Orqada turgan yigit esa,
Sharifning sochlarini changallab tortdi.
— To‘xtang! — deb baqirdi Sharif jon holatda. — Aytaman, to‘xtang. Faqat, xotinimga
tegmang.
— Ha, erkakka o‘xshar ekansan-ku! Vlad, shimingni kiy. Osiyoliklar nomusni hamma
narsadan ustun qo‘yishadi, bilib qo‘y. Xo‘sh, Namozov, endi ayt.
— Avval xotinim chiqib ketsin. U bilmaydi.
— Sen bizga shart qo‘yma, Namozov.
— Bunaqa holatda aytolmayman.
— Mayli, Namozova, nima, sovqotdingmi? Kiyinib ola qol. Pullarni sanayotganda
bunchalik titramagandirsan, a? Xo‘sh, Namozov?
— Meni bu yerdan olib keting. Aytsam, meni o‘ldirishadi. Pul menda emas.
— Qiz-z-ziq... — Berger shunday deb Sharifga yaqinlashdi-da, tutab tugay boshlagan
sigaret cho‘g‘ini uning yuziga bosdi. Sharif ingrab yubordi.
Kiyina boshlagan Nasiba esa eriga qarab qoldi.
— Sen kiyinaver, — dedi Vlad, uni turtib.
— Namozov, o‘tir, yoz, — dedi Berger.
— Nimani?
— Kozlovdan ikki million rubl olganingni yoz. Qaerdaligini mayli, keyinroq aytasan.
Sharif tamoman gangib qolgan edi.
Yayrab, o‘ynoqlab yurgan qo‘zi to‘satdan qo‘l-oyoqlari bog‘langanida, tepasida pichog‘ini
qayrayotgan qassobga mo‘ltillab qaraganini kuzatganmisiz? Hozir Sharif ana shu
javdirash bilan qarardi. U hozir o‘zini o‘ylamas, ahli ayoli bilan farzandlaridan xavotirda
edi.
Yozda u g‘alati manzaraning guvohi bo‘lgandi: chumchuqning hali uchirma bo‘lmagan
bolasi uyasidan tushib ketgan ekan. Mushuk tayyor luqmani ko‘rishi bilan pisib kela
boshladi. Chumchuqcha chirillab qochmoqni, uchmoqni ixtiyor etardi. Ammo qora bulut
kabi bostirib kelayotgan mushukning muddaoga yetmog‘i ayonroq edi. Mushuk
qushchaga yaqin kelgan onida ikki chumchuq paydo bo‘ldi. Ularning biri hech tap
tortmay, mushukning yuziga urildi. Ularning «jangi» uzoq davom etmadi. Mushukning
panjasi uning hamlasidan kuchliroq chiqdi. Mushuk chalajon chumchuqqa «Sen endi
happai halol o‘zimnikisan. Manavi jimirtak biror kavakka kirib g‘oyib bo‘lmasidan yeb
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |