www.ziyouz.com
kutubxonasi
110
o‘tganimmi? Sinovdan o‘tganim — baxtimmi? Baxt tushunchasi shunchalar tormi?»
— Men farzand ko‘rganimda o‘zimni baxtli his qilgan edim, — dedi Zohid, masalani o‘zi
uchun oydinlashtirib olish uchun. — Men ham adashganmanmi?
— Sizga bu baxtni kim berganini anglaganmisiz? Unga shukr etganmisiz? — dedi Botirov
unga sinovchan tikilib.
Qamoqxonaning zax xonasida, dimiqqan havoda nafas olib, ularning baxt masalasini
oydinlashtirishga kirishishlari ajab hol edi. Ular jisman bir xonada, ammo ruhan ikki
olamda edilar. Shu holatda baxt xususida yagona tushunchaga ega bo‘lmoqlari mumkin
emasdi. Ayniqsa Zohid mahbusning baxti nimada ekanini his qila olmas edi. Yanada
oydinroq aytilsa, mahbusning baxtli bo‘lishi mumkinligi uning uchun yot tushuncha edi.
U hissiyotga berilib, asl maqsadidan uzoqlashayotganini his etdi. Botirov uning ko‘ziga
begunoh farishtaday bo‘lib ko‘rina boshlagan edi. Unga «Mahbusni yaxshi xislatlarini
izlama, yaxshi fazilatiga yo‘liqqan chog‘ingda ko‘zlaringni yumginu so‘roqni davom
ettir», deb ta’lim berishgan. Har qanday darajadagi mahbusdan bir pog‘ona balandda
turib so‘roq qilishi lozimligini ham unutgani yo‘q. Lekin Botirov ostona hatlab kirgan
onidan boshlab uni chalg‘itib yubordi.
Zohid bu «dars»larga hamisha amal qilmasa-da, hozir xonasi kelganini angladi. Xayolini
jamlab, «Sen u bilan bahslashgani kelmagansan, sen so‘roq qilgani kelgansan. Mahliyo
bo‘lma. «O‘g‘ri qarisa — so‘fi bo‘ladi», degan maqol bor. Bu ham qilg‘iliqni qilib qo‘yib,
keyin mullaga aylangandir balki...», deb o‘ziga-o‘zi tanbeh berdi. So‘ng tergovchi
qiyofasiga kirdi:
— Botirov, — dedi u rasmiy ohangda, — siz bir qizni zo‘rlashda, so‘ng uning puli,
kiyimlarini o‘g‘irlashda ayblanasiz. Aybingizga iqrormisiz?
Botirov suhbat mavzuining, gap ohangining keskin tarzda o‘zgarganidan ajablanmadi,
balki «asl qiyofasiga kirdi», deb o‘ylab kulimsiradi. Zohid bu kulimsirash zamirida yotgan
achchiq kinoyani uqdi. «Nimaga kulyapsiz?» deb ham so‘ramoqchi bo‘ldi. Biroq, yana
gap chuvalishi mumkinligini anglab, savolini takrorladi:
— Aybingizga iqrormisiz?
— Odam yo‘q aybiga iqror bo‘lishi mumkinmi?
— Harholda sizga shunday ayb qo‘yib, qamashgan. Qiz ham tanish chog‘ida sizni
adashmasdan ko‘rsatgan.
— Lekin u keyingi ko‘rsatmalarida tongan. Sudda ham «Zo‘rlagan bu odam emas»,
degan. Ammo qozilar uning gaplariga e’tibor berishmadi. Sizlarning ishingiz qiziq. Qiz
«Bu emas», deb tursa-yu, ish ustida bo‘lmaganlar, «Yo‘q, shu edi», deb ishontirmoqchi
bo‘lsa... Shunchalar ham tuhmat bo‘larmi? Yo Rabbim, ularga o‘zing to‘zim ber. Men bir
narsaga ajablanaman, birodar, nima uchun tuhmatga osongina ishonasizlar-u, haqiqatga
inonishdan bo‘yin tovlayverasizlar? Haqiqatdan qochish — do‘zax olovi sari bir qadam
qo‘yish emasmi, vallohi a’lam?
— Qizning keyingi gaplarini haqiqat deyapsizmi?
— Siz ham ishonmaysizmi? U holda yana qayta tergov qilishingizdan naf bormi?
Ishonchsiz qo‘llar bilan adolat eshigini ochaman, deb fikr qilyapsizmi?
— Quruq gap bilan haqiqatni isbot etib bo‘lmaydi. Hozircha mening ishonchimni bir
chetga qo‘yib turaylik. Qiz balki keyin qo‘rqitilgandir. Balki pul berilgandir... Shunday
bo‘lishi mumkin emasmi?
— Mumkin emas! — dedi Botirov qat’iy tarzda.
— Bizning ishimizda bunaqa gapidan qaytishlar ko‘p uchraydi.
— Sizning ishingizda balki ko‘p uchrar. Ammo mening «Ish»imda bunday bo‘lmagan.
Bizning u qizga beradigan pulimiz yo‘q. Puldor oila bo‘lganimizda birinchi safar qamatib
qo‘yishmasdi. Puldor bo‘lmaganimiz ham yaxshi ekan. Yo‘qsa, quloqlarimizgacha
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |