www.ziyouz.com kutubxonasi
21
ostonangizda yotadi. Bu yog‘ini menga qo‘yib bering. Televizor, radio faqat sizning
ashulalaringizni beradi. Sherali-yu, G‘ulomlaringiz sariq chaqa bo‘lib qoladi. Siz ashula
aytganingizda Ortiqlar «amma-xolasi havodor» deb etak ochib o‘tiradi.
— Rahmat, Bek aka, bularning evaziga men nima qilishim kerak? Har holda «hisobli
do‘st ayrilmas», deganlar. Siz ko‘p so‘ramaysiz, bilaman. Nari borsa, sizga qul bo‘lishim
kerak-da, a?
Asadbek Elchindan bunaqa ignali gapni emas, balki samimiy minnatdorchilik kutgan edi.
Asadbek lof urmayotgan edi, aytganlarini albatta ro‘yo qilardi. «Bu otarchi nimasiga
ishonib katta ketyapti?» Asadbek bir g‘ijinib oldi. Kimda-kim zid so‘z aytsa, u gapini
kalta qilardi. Uning nima hukm chiqargani bir qarashidayoq a’yonlariga ma’lum bo‘lardi.
Asadbekka botinib gap qaytargan odamning sho‘riga sho‘rva to‘kilishi aniq edi. Elchin
buni bilardi. Bila turib beixtiyor nojo‘ya gap aytdi, degan gapimga ishonib chalg‘imang.
Elchin bila turib aytdi, bu gapni. Uning maqsadi Asadbekning qanotiga kirish edi. Lekin
mute bo‘lib emas, qaddini g‘oz tutib kirmoqchi edi. Hozirgi marhamatga javoban
minnatdorchilik bildirish yana mutelik jandasini kiyish bilan barobar bo‘lardi. U holda
Asadbekning atrofidagi parvona fohishalardan farqi qolmas edi. Elchin shu uchun azob
chekibdimi, shu uchun payt poylabdimi, reja tuzibdimi?!
Asadbek Elchinni avval ham durustroq bilmas edi. Elchin Asadbek uchun bir qo‘shiqchi,
pul qistirganda irshayib qulluq qiluvchi otarchi edi. Asadbek man-man degan ashulachini
ham odam qatoriga qo‘shmas edi. Unvoni, shuhrati ulug‘ ashulachilarni esa ko‘pchilik
oldida mazax qilishni, kamsitishni yoqtirardi. To‘yda viqor bilan yurib o‘rtaga chiqardi,
ashulachiga yaqinlashib cho‘ntagiga qo‘l solardi. Agar marhamat qilsa ikkita yuztalikni
chiqarib ashulachining ikki yelkasiga «pogon» qilib qo‘yardi. Kayfiyati chatoqroq bo‘lsa —
yoqasiga qistirardi. Asadbekning izidan chiqqan boshqalar ham faqat yuztalik qistirardi.
Shuning uchun ham yoqasiga pul qistirilgan ashulachi o‘zini kamsitilgan deb hisoblamas,
balki «akaxon»ning hazillari deb bilib, irshaygan holda ta’zim qilardi. Elchin birinchi
marta Asadbekning qahriga o‘shanday holatda duch kelgan. Asadbek yoqasiga pul
qistirmoqchi bo‘lganida bo‘y bermagan edi. O‘sha kuni yengil jazo oldi — ikki yigit
yaxshigina do‘pposlab, torini majaqlab tashladi.
Asadbek hozir o‘sha voqeani esladi. Eslab turib «qamoqda ham aqli kirmabdi bu
bachchag‘arning», deb qo‘ydi.
Qorong‘ilikni titratib chiqqan Asadbekning qahrli ovozi oraga tushgan bir damlik sukutni
buzdi.
— Mening qullarim ajib-bijib yotibdi. Sendan durustroq qul ham chiqmaydi. Sen...
ashulangni bilsang bas. Boshqa ishlarga tumshug‘ingni suqma.
Elchin Asadbekning sensirashiga o‘tganidan bildiki, u g‘azab otiga mindi.
— Sen mol emassan. U yoqdan burningni oqizib kelmagansan. Tishingni qayrab
yuribsan.
— Bek aka...— Elchin «mening hech qanday yomon niyatim yo‘q», deb gapni
chalg‘itmoqchi edi, Asadbek yo‘l bermadi.
— Ovozingni o‘chir! Men gapiryapman, haddingdan oshma, bola! Sen xotining
o‘ldirilganini, u yoqlarda yurib kelganingni unut. Ammo Asadbek akangni unutma!
Asadbek akang, Xudoga shukr, tirik. Mabodo u o‘lib qolsa, o‘ligidan ham qo‘rq. Men
go‘rimda ham tinch yotmayman. Atrofingda kimlar bor?
Bunday ochiq savdoni Elchin kutmagan edi. «Bilib turib so‘rayaptimi yo taxminan
mo‘ljalga olyaptimi? Qizi yo‘qolganidan keyin yigitlari izg‘ib hid olishgan bo‘lsa-chi? Unda
nima uchun qizidan gap ochmayapti?» Elchin arqonni uzunroq tashlash maqsadida o‘zini
go‘llikka soldi:
— Ota-onam o‘tib ketishibdi, Xudo rahmat qilsin ularni...
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |