www.ziyouz.com kutubxonasi
178
qoldi. Jamshid xayr ham demay, jo‘nab ketdi. Elchin cho‘ntagidan kalit chiqardi-yu,
qulfga solishga qo‘li bormadi. Nima uchundir uyiga kirgisi kelmadi. Kimgadir dardini
aytishni istadi. Uning dardini yarim kechada kim eshitadi? Zelixon bo‘lganida eshitardi.
Lekin u Farg‘onadan qaytgach, «zarur ishni» bahona qilib, Maskovga jo‘nab qolgan.
Elchinning dardini Anvar ham eshitishi mumkin. Lekin uyg‘otib, xotini bag‘ridan chiqib
unga quloq tutish malol kelsa-chi? Elchin shu fikrlarni xayolidan o‘tkazib, o‘zini nochor,
yolg‘iz sezdi. Atrofda «azizim, birodarim, do‘stim...» deydigan odamlar ko‘p. Ammo
dardini eshitadigan inson yo‘q bo‘lsa ham qiyin ekan. «Odamlar qamoqdan qo‘rqishadi,
— deb o‘yladi Elchin. — Axir shu yorug‘ jahonning o‘zi turma-ku? Yonma-yon yashaysan,
lekin bir-biringga ishonmaysan. Bu Yer deganlari gunohkor bandalarning surgun
muddatini o‘tovchi joyi emasmi? Qamoqxonada har bir barak o‘ziga xos bir mamlakat.
Har bir barakning o‘z qonuni, o‘z urfi, o‘z podshosi bor. Yer yuzidagi har bir mamlakat
qamoqxonalardagi baraklardan nimasi bilan farq qiladi? Dindorlarning gaplari balki
to‘g‘ridir? Odam bolasi chindan ham sinov uchun bu dunyoda yashar? Sinovdan o‘tsa —
ozodlikka chiqadi, jannatga tushadi. O‘tmasa jahannam azobida qoladi...»
4
Zaynab erini kutib, uxlamay o‘tirgan edi. Mashina kelib to‘xtaganini bildi. Mashina eshigi
tez ochilib, tez yopildi. Mashina shitob bilan qo‘zg‘oldi. Zaynab otarchilar shilta yo‘llardan
yuradilar, deb ko‘p eshitgan edi. Erining to‘yga borajagini bilganidan beri, shu yo‘lda
yurib keladi, degan fikr unga tinchlik bermayotgan edi. Darvoza eshigi hadeganda
ochilmay, eri kiravermagach miyasiga o‘rnashgan gumon haqiqatga aylanaverdi.
Nazarida eri o‘ynashi bilan tushib qolib, darvoza oldida quchoqlashib turganday
tuyulaverdi. Yelkasiga qalin ro‘molini tashlab, tashqariga chiqdi. Devor oldiga kelib,
ko‘cha tomonga quloq osdi. U kutgan hansirashlar, pichirlashlar, hiringlashlar
eshitilmadi. «Mashina qo‘shnilarnikiga kelgandir» — Zaynab shu fikrda iziga qaytmoqchi
edi, ko‘cha tomonda Elchin yengil yo‘taldi. Zaynab sergak tortib, yana qulog‘ini ding
qildi. «Nimaga kirmayaptilar?» deb ajablandi. Qancha o‘ylamasin, savoliga javob
topolmadi. Kuta-kuta, oxiri eshikni o‘zi ochdi.
Torini quchoqlab g‘arib ahvolda turgan erini ko‘rib, hayrati yana oshdi. Elchin qo‘qqis
eshik ochilganida bir cho‘chib tushdi. Ayvonda yonib turgan chiroq nuri bu yerga arang
yetib kelardi. Shu sababli Elchin xotini ko‘zidagi ajablanishni sezmadi. Zaynab ham
erining ko‘zidagi hayronlik alomatini ilg‘amadi.
— Zaynab? Tinchlikmi? — dedi Elchin. Uning tili gapga kelmay, ovozi soqov odamnikiday
g‘o‘ldirab chiqdi. Zaynab «mast ekan», degan xayolga borib, past ovozda:
— Tinchlik, — dedi, — kiring...
«Kutayotgan ekan!» Shu fikr Elchinning ko‘nglini yoritib, yelkasidan bosib turgan dardni
quvganday bo‘ldi. Ostona hatlab o‘tib, eshikni yopgach, bir qo‘lini xotinining beliga
yuborib, uni o‘pmoqchi bo‘ldi. Zaynab yuzini olib qochdi, o‘ptirmadi. Elchin buni nozli
araz o‘rnida qabul qilib, ko‘ngli yanada ravshanlashdi. «Shunchalik kutdimi, shunchalik
arazladimi, demak, yaxshi ko‘radi» degan qarorga keldi. Ichkari kirib plashchini
yechgach, uni yana quchmoqchi bo‘ldi. Zaynab bir to‘lg‘onib uning quchog‘idan chiqdi-
da:
— Avval yuvining, — dedi.
Bu gapdan so‘ng Elchinning ustidan sovuq suv quyilganday bo‘ldi.
— Sen hali... meni shunaqa sayoq... shaltoq deb o‘ylaysanmi?!
Zaynab erining ko‘zlariga qarab bir olam g‘am ko‘rdi. Yana bir gap aytsa, nazarida eri
yig‘lab yuboradiganday tuyuldi. Gapi qo‘pol chiqqanini anglab, yumshatishga harakat
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |