www.ziyouz.com kutubxonasi
176
yanglishganini bildi. «Ko‘zi ko‘r, aqli past ekan, — deb o‘yladi Asadbek, — bu tagi pastga
olov bilan o‘ynashishni kim qo‘yibdi?»
— To‘yda ahvol qanaqa ekan? — deb so‘radi Asadbek, o‘zini bir oz bosib olgach.
— Uloq Hasanalidamish. Elchinga pul qistirishmabdi, — dedi Chuvrindi.
— Ha, tulki! — Asadbek o‘rnidan turib, eshik tomon yurdi. — Ketdik.
— Siz bormaganingiz ma’qul, — dedi Chuvrindi, joyidan jilmay. — Men yigitlarni
yubordim. O‘zlari tinchitishadi.
Asadbek to‘yxonaga kunduzi borib muborakbod etib, sovg‘a-salomini berib kelgan edi.
Uning kechki ziyofatlarga kelmasligi ko‘pchilikka ma’lum, shu uchun hozir borsa,
mag‘lubiyatini bo‘yniga olgan bo‘lib chiqadi. Chuvrindi buni oldindan hisob-kitob qilib
qo‘ygan edi. Asadbek uning maqsadini darrov tushunib, joyiga qaytdi.
— Siz tashvishlanmang. Bir jihatdan shunday bo‘lgani ham durust. Burniga suv kirsa,
keyin qadringizga yetadi, — dedi Chuvrindi.
Asadbek xabarni eshitib, titrab o‘tirgan paytda Elchin to‘yda yonib qo‘shiq aytardi. U
davraga birinchi chiqishidayoq bu yerga sharmanda bo‘lish uchun kelganini angladi.
Undan oldin Hasanali chiqqanida uni qiyqirib qarshi olishdi. Hasanali o‘rtaga chiqib,
xuddi tsirk artistiday bir qo‘lini yuqori ko‘tarib ta’zim qildi. Olqishlar tingach, unga torni
ikki qo‘llab uzatishdi. U arzimagan bir odamning maktubini olayotgan podshoday qaddini
g‘oz tutib, torga qo‘l uzatdi. Shu onda Hosilboyvachcha unga yaqinlashib, ustidan pul
sochdi. Hasanali ashula aytib emas, pul sochishdan, qistirishdan charchadi. Navbat
Elchinga yetganida to‘yxonada olqishlar yangramadi. Pullar sochilmadi. Tashqaridan
qaragan odam barcha pul avvalgi ashulachiga sarf etilib tugabdi-da, deyishi mumkin edi.
Elchinga bu usul ma’lum. Ashulachini xor qilishning eng madaniy yo‘li shu. Bundan bir
vaqtlar Asadbek ham foydalangan. Elchinni boshlab borib, uning obro‘yini oshirish, to‘y
egasi chaqirgan hofizni yer qilish uchun shu usulni qo‘llar edi. Hosilboyvachcha aks yo‘l
tutdi: o‘zi aytib kelgan qo‘shiqchini o‘zi xor qildi. U atayin davraga chiqmadi. Xuddi
Elchinning ashulasini eshitmaganday ulfatlari bilan chaqchaqlashib o‘tiraverdi. Elchinning
raqqosasi — to‘ylarda yuraverib ko‘zi pishgan jonon juvon — Hosilboyvachcha o‘tirgan
yerga borib ming muqom qildi, ming ishva bilan suzildi, foydasi bo‘lmadi.
...Ana shu paytda Asadbekka xabar ketgan edi...
Elchin izzati bitganini bilib, to‘ydan chiqib ketmoqchi ham edi. Biroq o‘zini tutdi.
Sharmandalik yukini ortmoqlab chiqib ketgandan ko‘ra oxirigacha chidashga qaror qildi.
Hozir chiqib ketsa — ularga shu kerak — g‘oliblik jomini sipqorishadi, ketmay
o‘tiraversa, chiqib ashulasini aytaversa, ular ajablanishadi, balki xavotirga ham tushib
qoli-shar.
Elchin to‘yxonada o‘zining kalaka qilinayotganidan bir ezilsa, ikki to‘da orasida
qo‘g‘irchoq bo‘layotganini anglab, ming ezildi. «Bunga avvalroq aqlim yetishi kerak edi»,
deb o‘zini o‘zi ayblashdan o‘zga chora topmadi. U davraga ikkinchi marta chiqqach,
atayin mungli ashulani ayta boshladi. Shirakayf yigitlar kelib, «sho‘xrog‘idan bo‘lsin»,
deb qulog‘iga shivirlab ketishsa ham parvo qilmadi. To‘yda yayrab, o‘ynayman, deb
kelgan qizlar, yigitlar betoqat bo‘lishdi. Hosilboyvachchaning davrasidagilar ham u
tomonga bir-ikki qarab qo‘yishdi. Hozirgina qiziyotgan to‘y soviy boshladi. To‘y to‘yga
emas, ma’ruzachining gaplari yoqmay g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir boshlangan majlisga o‘xshab
ketdi. Hosilboyvachcha o‘rnidan turib, Elchin tomon bir qadam qo‘ygach, to‘xtadi. Elchin
uning to‘xtab qolishi sababini ro‘parasida Jamshid paydo bo‘lgach, angladi. Jamshid
ashuladan mast bo‘lgan odamday jilmayib qo‘ydi-da, cho‘ntagidan bir dasta pul chiqarib
Elchinning ustidan sochdi. Jamshiddan so‘ng yana ikki notanish yigit sochdi. Ana shunda
Hosilboyvachcha cho‘ntagiga qo‘l tiqib o‘rnidan turdi. Ana shunda Elchin ashulani
nihoyasiga yetkazmay uzdi-da, joyiga qaytdi.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |