www.ziyouz.com kutubxonasi
177
Uni to‘y oxirigacha davraga chorlamadilar. U esa o‘zini erkin tutgan bo‘lib, yeb-ichib
o‘tiraverdi. Sheriklarining savol nazarlariga «xotirjam bo‘linglar», degan ma’noda im
qoqib qo‘yaverdi.
To‘y tugab, kelin-kuyov kuzatilgach, Hosilboyvachcha Elchin o‘tirgan ustolga yaqinlashdi.
— Qalay, hofiz, urintirib qo‘ymadikmi? — dedi u, Elchinning yelkasiga qo‘l tashlab.
— Maza qildik, aka, — dedi Elchin uning ko‘ziga tik qarab.
— Akaxonni xursand qildingiz, rahmat, — u shunday deb cho‘ntagidan ikki taxlam yuz
so‘mlik chiqarib, ustol ustiga tashladi. — Yetadimi?
Elchin zaharli jilmayish bilan pullarga qaradi. Bir taxlamni olib, yonida o‘tirgan doirachiga
uzatdi-da, «O‘zing bo‘lib ber», dedi. So‘ng ikkinchi taxlamni Hosilboyvachchaga uzatdi:
— Akaxon, men xolis xizmatga kelganman.
Hosilboyvachcha qoshlarini bir chimirdi-yu, ammo sir boy bermadi. So‘ng pulni olib
raqqosa oldiga tashladi.
— O‘yiningga besh ketdim.
U shunday deb burilib, iziga qaytdi.
3
Ko‘chada Jamshid kutib turgan edi. Elchin uni ko‘rmaganday o‘tib ketmoqchi bo‘ldi.
Ammo sergaklikda uncha-buncha odamga dars bera oladigan Jamshid uning yo‘lini
to‘sdi.
— Siz bu yoqqa chiqing, — dedi, qat’iy ohangda.
«Demak, Asadbek olib kelishni buyurgan», deb o‘yladi Elchin. U bir to‘xtamga kelib
ulgurmay, Jamshid orqaroqdagi doirachiga buyurdi:
— Torni mana bu moshinga qo‘ying. Hofiz akangiz biz bilan birga ketadilar.
Elchin Jamshid bilan g‘idi-bidi aytishni o‘ziga ep ko‘rmay, mashinaga o‘tirdi.
«Asadbekning ko‘zi uchib turgan bo‘lsa, unga aytadigan ikki og‘iz shirin so‘zim bor», deb
qo‘ydi.
Jamshid odatiga sodiq qolgan ravishda jim borardi. Orqa o‘rindiqda o‘tirgan Elchin unga
tikilib, o‘ylardi: «Asadbek bu laychasini atay yubordimi? Endi menga nimalar deb sasir
ekan? «Hosilboyvachcha Asadbekning kuyovini bir pul qildi», degan andishaga chiday
olmas harholda...»
Elchin qamoqdan chiqib kelgach, o‘zini aqlan to‘lishgan his qilardi. «Atrofimda sodir
bo‘layotgan har bir voqeaga, aytilayotgan har bir gap-so‘zga aqlim yetadi, kimga nima
deyishni yaxshi bilaman», deb o‘ylardi. Zohiran shunday. Har bir inson yil o‘tgani sayin
o‘zini aqlli his qilib boradi. Xuddi shu his uni ko‘pga kulgi qiladi yoinki hayot so‘qmog‘ida
chalib yiqitadi, yiqitganda ham bir umr majruh qilib qo‘yadi. To‘g‘ri, Elchin ko‘pni ko‘rdi.
Nayrang nima, munofiqlik nima, vahshiylik nima — hammasiga tirik guvoh. Ammo, bu
nayrang, bu munofiqlik, bu vahshiylik, odam bolasiga yot jamiki illatlar rangi kundan-
kunga turlanib turishini hisobga olishni o‘rganmadi. Buni o‘rganishi ham qiyin. Bugun
sariq rangda tuslangan vahshiylik ertaga qaysi rangda jilo beradi? Qorami? Yashilmi?.. U
Shilimshiqni o‘ldirmoq istagida yurganida qaysi rangda edi. Bu jingalak sochli yigitga
pichoq sanchayotganida qaysi rangni afzal biladi? Buni uning o‘zi ham bilmaydi. U o‘zi
sezmagan holda ikki guruh o‘zaro tepib o‘ynaydigan koptok holiga tushdi. Zimdan
tayyorlanayotgan olishuv sahnasida bir zarra bo‘lib qolganini u hali tushunib yetmasdi.
Jamshid shohko‘chadan to‘g‘riga yurmay, chapga burilgach, Elchin ajablandi. «Demak,
bugun Asadbek meni ko‘rishni istamaydi. Demak, bu tun o‘ylanadi, reja tuzadi. Asadbek
qo‘lida qo‘g‘irchoqqa aylanganingiz muborak bo‘lsin, Elchinboy. Qasoskor erkak sizmi
edingiz?» Elchin darvozasi yonida to‘xtagan mashinadan tushib, torini qo‘ltiqlagan holda
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |