www.ziyouz.com kutubxonasi
96
keldi... Asadbek ko‘rgan tushini xotiniga aytdi.
— Voy o‘lmasam, — dedi Manzura, pastki labini tishlab, — tuyalar chiqib ketishdimi?
— Chiqib ketdi. Ha, yomonmi? — dedi Asadbek soddalik bilan.
Manzura eri uchun ta’birchi bo‘lib qolgan edi. Tush yo‘yish unga ona meros. Farishtaday
oq ko‘ngil bu ayolga qo‘shnilar o‘z sirlarini ishonishardi. Manzura kichkinaligida onasi
yonida o‘tirib, ko‘p tushlarning ta’birini bilib olgan. Yangi turmush qurgan kezlari, bir
kuni Asadbek yarim kechada uyiga qaytsa, chiroq yoniq, eshik ochiq, xotini uy ichida
o‘rtaga joynamoz solib ustida mudrab o‘tiribdi. Asadbek «Yarim kechada ham namoz
o‘qiydimi», deb hayron bo‘ldi-yu, xotiniga bu haqda gapirmadi. Bu hol yana uch-to‘rt
takrorlangach, so‘radi. Manzura sababini qo‘rqa-pisa aytdi: qimorbozlar xotinlarini ham
tikib, yutqizib qo‘yishsayu da’vogar kirganida xotin joynamoz ustida o‘tirgan bo‘lsa
tegmas ekanlar... O‘shandan beri Asadbek «uncha-bunchaga aqli yetar ekan», deb irim-
sirimga oid masalalarda uni gapga tutib turadigan bo‘ldi. Birinchi marta bosinqirab
uyg‘onganida Manzuraning qistovi bilan ko‘rgan tushini aytdi. «Ilonlar ichida qolgan
bo‘lsangiz, boyib ketar ekanmiz», dedi Manzura. Asadbek bu gapga ishonmagan edi. Bir
haftadan so‘ng qo‘liga katta pul tushgach, xotiniga tan berdi. Shu-shu g‘alatiroq tush
ko‘rsa, darrov xotiniga ma’lum qiladi.
— Ha, yomonmi? — deb qayta so‘radi Asadbek, xotinining jim qolganidan ajablanib.
— Yomonmas-ku... mozorimizdan avliyolar ketib qolishibdi. Odamlardan iymon
ko‘tarilganigamikin...
— He... tentak, shumi topgan gaping. Nima ekan, debman.
Asadbek shunday deb yonboshiga o‘girildi. Manzura o‘yga tolib, anchagina qimirlamay
o‘tirdi. Tong nafasi kelib qolgani uchun qayta yotmay, o‘rnidan turib ketdi.
Asadbek o‘ziga tegishli gap bo‘lganida, aytaylik, «dushmanlaringiz bosh ko‘tarar ekan,
sizdan avliyolar yuz o‘giribdi», deyilganda boshqacha holatga tushardi, yonboshiga
o‘girilib yotavermasdi. Avliyolarning mozorni tashlab chiqib ketishlari unga ahamiyatsiz
tuyuldi. Hatto ishonmadi ham. Bolaligida ajinalar haqida hikoya eshitib, tunlari ovloq
ko‘chalarda, mozor yaqinida yurishga qo‘rqardi. Keyinroq qo‘rquv degan narsa chekindi.
Ajinalar ertaklardagi kabi yashirin holda ish olib borishni bas qilib, odamlar qiyofasiga
kirib kuppa-kunduz kuni ochiq ish yuritishga o‘tgach, tunlar ham osoyishta bo‘lib,
ovloqlar ham dahshatli ko‘rinishni yo‘qotdi. Endi kunduzdan, odamlardan qo‘rqqulik edi.
Asadbek tush ta’biriga ahamiyat bermay yonboshga o‘girilib yotgani bilan uxlolmadi.
Xotinidan so‘ng u ham o‘rnidan turib, yuvindi. Asadbek hovlida ko‘ringani zahoti
boloxonada ham jonlanish sezildi.
Manzuraning «Biz bilan choy ichmaysizmi?» degan gapiga qisqagina «ichaveringlar» deb
darvozaxona tomon yurdi. Mashinaga yetib ulgurmay tepadan Jamshid tushib, salom
berdi.
— Ha, shu yerdamiding? — dedi Asadbek, salomga alik olgach. Jamshid so‘qqabosh
bo‘lgani sababli qaerda tunash uning uchun ahamiyatsiz edi. Maishatga bormasa shu
boloxonada soqchi yigitlar bilan qolaverar, Asadbek uning bu odatiga ko‘nikkan edi.
Jamshidning taqdiri o‘ziga bir oz o‘xshab ketgani uchun Asadbek uni yaxshi ko‘rar, ikki
qanotiga qanday suyansa, bunga ham shunday ishonardi.
Jamshid oilada yolg‘iz o‘g‘il bo‘lsa-da, erkalatish, taltaytish nimaligini bilmay o‘sdi.
Otasining pul to‘la hamyoni huda-behudaga ochilavermas edi. Jamshid istamasa ham
turli to‘garaklarga borishga majbur edi. Hatto skripka chalishni o‘rgatish maqsadida bir
cholg‘uchi yil davomida ter to‘kdi. U bechora «bolada qobiliyat yo‘q» deyolmaydi, chunki
xizmat haqini olib turibdi. Jamshidning «o‘rganolmayapman» degan gapiga ota-ona
ishonmaydi. Xullas, o‘smirlik ko‘chasiga kirgunicha haykaltaroshlik, radiotexnika singari
sohalarda ham qobiliyati sinab ko‘rildi. Maktabni bitirganida hamyon bir kavlandi.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |