www.ziyouz.com kutubxonasi
146
juftlamay turib, savol yana takrorlandi: — O‘zing kimsan, deyapman. Mahallaga bitta
tosh qo‘yganmisan? Kecha kelib bugun hammayoqni sasitib yurgan senmisan, hali?! Soli
ota, it yetaklab yurish odatingiz yo‘q edi-ku, qariganingizda sizga nima bo‘ldi? Bu agar
mahallaga sig‘mayotgan bo‘lsa ketiga bir tepish kerak, chiqqan joyiga kirib ketsin.
Jalil tizzasi bilan yana soniga turtdi.
— Bo‘ldi, qo‘y endi, — dedi.
— Sen jim o‘tir. Kimligimni bu bilmasa sen bilasan-ku? Shunaqa deyishsa, boshlab
kelaverdingmi? Agar qo‘limdan kelsa... buzdirtirmayman mahallani! Hammayoq buzilib
bo‘ldi. Bitta mahalla qolsin. Ammo mana buni, — Asadbek ko‘rsatkich barmog‘i bilan
Jo‘ra cho‘loqni ko‘rsatdi, — yo‘qotinglar. Mahallaga begona aralashmasin.
— Siz...
Jo‘ra cho‘loqning gapi og‘zida qoldi. Soli ota duoga qo‘l ochdi.
2
Asadbek ig‘vo qilinganini, Qilich Sulaymonov qamoqda o‘tirganini aytganidan keyin ham
Sharif tinchimadi. Esi og‘ib qolgan odamday xonasida u yoqdan-bu yoqqa borib
kelaverdi. «Nimaga ig‘vo qilishadi, kim ig‘vo qiladi?» degan savol miyasiga o‘rnashib olib
tinchini buzdi. Telefon qo‘ng‘iroqlariga ham javob bermadi. Kotiba birinchi marta eshik
ochib, ajablandi. Ikkinchisida «jinniroq odammi bu», deb cho‘chidi.
Sharif xonasiga sig‘madi. Paltosini kiyib uyiga ketdi. Qamoqdan qaytgan kunning
ertasigayoq o‘zi uchun ham kutilmagan bir tarzda hovlisida qurilish boshlangan edi.
Ikkita ag‘darma mashina pishiq g‘isht tashlab ketganida «sho‘pirlar adashdi-yov», deb
o‘yladi. So‘ng to‘rt kishi g‘ishtni hovliga tashiy boshladi. So‘ng taxta keldi. Mardikorlar
Sharifning savoliga faqat yelka qisishdi. «Bizga pul berib buyurishdi, biz ishlayapmiz»,
deyishdan nariga o‘tishmadi. Bu harakatlar Asadbekning himmati tufayli bo‘layotganini
keyinroq bildi. Undan ko‘ra ko‘proq Nasiba xavotirga tushdi. Erining qamalishi, pul so‘rab
yozilgan xat, so‘ng to‘satdan ozod bo‘lishi, keyin qurilish... vinzavodga boshqon bo‘lish...
Har qanday ayolning esini o‘g‘irlashi turgan gap. Ayollarning sochi uzun, aqli kalta,
deganlar ularning ko‘ngli sezgir bo‘lishini hisobga olmagan bo‘lsalar kerak. Xonadonlari
boshi uzra yopirilib kelayotgan abri baloni erlardan avvalroq sezadilar. Sezadilar-u, uni
qaytarishga ojizlik qiladilar. Nasiba erining yomon bir o‘yinga aralashib qolganini sezib
turardi, ammo uni bu o‘yin girdobidan chiqarib olishga qurbi yetmasdi. Qurilishni qanday
to‘xtatsin, qanday qilib vinzavod boshqonligidan bo‘shatsin? Shuncha yil kamtar hayot
kechirib, birdaniga dabdaba boshlanishi mahalla nazaridan chetda qolarkanmi? «Bosib
qo‘ygan pullari bor ekan, pismiqlar!» deyishadimi yo «vinzavodga xo‘jayin bo‘lib bosar-
tusarini bilmay qoldi», deb gap tarqatishadimi? Nechta odam kerakli joylarga xat ham
jo‘natgandir...
Nasiba bexos kirib kelgan erini ko‘rib ajablandi. Oqargan yuziga qarab «toblari
qochibdi», deb o‘yladi.
— Ustalar qani? — dedi Sharif, xotinining salomiga alik olmay.
— Kelishmadi. Kecha «sovuqda g‘isht termaganimiz ma’qul», deyishuvdi.
— He, noshud! Shularni ham eplab ishga solmagin! Bunaqada yuz yilda ham bitmaydi
uying.
— Voy, men ularga xo‘jayinmanmi?..
— Og‘zingni ochib o‘tiraver. Katalakday uyda katta bo‘lgansan. Senga odambashara
uyning keragi yo‘q. O‘tiraver!
Nasiba erining avzoyi buzilganini bilib, bitta gapdan qola qoldi. Er g‘azab otiga minib,
qilich yalang‘ochlagan mahalda xotinga qiyin. Erga peshma-pesh gap topib berib tursa
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |