www.ziyouz.com kutubxonasi
20
Tong chog‘i shabboda ko‘taradi bosh,
Oh, nechog‘ latifu nechog‘lik yovvosh.
Asli qahratonning nabirasi u,
Nash’u namolari hozircha ezgu.
Inson fe’li qiziq, yashagay hurkib,
Shervachchani silab, sherdan-chi, qo‘rqib.
Bahor norasida go‘dakday shirin,
Qo‘ynida ezgulik armon yashirin.
Nashtar bo‘lmasidan g‘unchaning xori
Shirin tuyuladi uning diydori.
Bo‘ronga aylanmay shabboda - go‘dak
Ozurda dillarni yayratar beshak.
Odam bolasiga doim umid yor,
Shul sabab bahorga tilagi bisyor:
Olamga qabohat zahrin sochmasa,
Mas’um yuraklarda yara ochmasa.
Qoplamasa basdur yeru samoni
Mudhish qirg‘inlarning qora to‘zoni.
1983
* * *
Yashasang dunyoda yorug‘ yuz bilan,
Hurmat ko‘rguzsang va bo‘lsa izzating!
Ketsang, eslasalar shirin so‘z bilan,
Yaxshi noming qolsa, qolsa xizmating.
G‘anim nafratingga kelolmasa bas,
Kulsang, sidqidildan yayrab kulolsang.
Dilda g‘ashlik bo‘lmay yashasang, xullas,
Baxtli odamlarday baxtli bo‘lolsang.
1983
BOBUR
Men-ku, oddiy odam,
Shundoq bo‘lsa ham
Shukr, bas, degancha g‘animlarim bor.
Shart emas ularga ta’rif chinakam,
Biri jununsifat, birovi hushyor.
Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
21
Biroviga yoqmas jindek jur’atim,
Biroviga yoqmas men yurgan yo‘lak.
Nogoh biror joyda chiqsa suvratim
Biri uxlay olmay qiynalsa kerak.
Biz shunday o‘tamiz,
Ya’ni kun ko‘rib...
Maydagina kuchsiz, maydagina zo‘r.
Hayotning mana shu burjidan turib,
Men Sizni o‘yladim, hazrati Bobur.
Siz - zobit, dastini cho‘zgan dunyoga,
Siz - shoir, mangu bir alanga yoqqan.
Nainki bandalar, Sizning siymoga
Ne-ne saltanatlar kek bilan boqqan.
Bahodirlik ichra yor Sizga Humoy,
Siz ulug‘ zotlarning izin bosgan er.
Nazmiy sajdagohda Sizga, hoynahoy,
Imomlikka o‘tgay faqat Alisher.
Ha, yolg‘iz she’r qoldi, boshqasi, abas,
Yetti iqlim aro doston naqlingiz.
Ne baxt, parchin bo‘lib toj degan qafas,
Bizga yetib keldi olmos aqlingiz.
Ayting, ne topdingiz Siz kezib dunyo,
Hanuz boqisharlar sho‘rishga to‘lib.
Shoirsiz, yaxshisi, qolingiz, Mirzo,
Mushfiq yurtingizda bir shoir bo‘lib.
1983
BIR SIRKI...
Dedingki, mumkinmas senga hayajon,
Kulfatdan yiroq yur, may ham shart emas.
Magar yer yuzini bossa ham to‘fon
Sening to‘pig‘ingga chiqmasa, shu bas!
Ha, do‘stim, hayajon endi muvaqqat,
Shodligu g‘amni ham totganman bir oz.
To‘fon bosganda ham yer yuzin, faqat
Qutulib qolardi o‘rdak yoki g‘oz.
Lekin ogoh etay seni bir sirdan,
Balki, tanish senga bu holning foli.
Ayt-chi, qay ahvolga tusharding, birdan
Yelkangda o‘rmalab qolsa chumoli.
Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
22
O, kibor tuyg‘ular, ezgulik, vijdon...
Bular hayotdagi mavjud bir ishdir.
O’zingni osmonda sanama, Inson,
Seni yengadigan... mayda tashvishdir.
1983
Do'stlaringiz bilan baham: |