DO’STIM MUROD HAMROEV XOTIRASIGA
Men ko‘rib turibman,
Yer-osmon parchin,
Farzanding fig‘oni ko‘klarga o‘rlar.
Bir yonda o‘zbeklar egibdi boshin,
Bir yonda bolam deb yig‘lar uyg‘urlar.
Nima qilib qo‘yding,
O, do‘stim Murod,
Nahot o‘limda ham sen bo‘lding pesha,
U ahdu paymonlar bo‘ldi-ku barbod,
Yakka ov qilarkan ajal hamisha.
Minglab yil o‘tsa ham osmon qa’rida
To‘qnashmas falakning ikki to‘zoni.
Ne baxtkim, o‘zbekning munis bag‘rida
Menga do‘st bo‘lganding, uyg‘ur o‘g‘loni.
Nega yaxshilarga notanti hayot,
Nega g‘anim qolib, do‘st ketar nega?
Zukko olim eding, o‘zing ayt, Murod,
Tabiat ishiga bormikin ega?
Netay, janozangga kechikdim o‘zim,
Nogoh bu zarbadan qoldim dovdirab.
Kimga xitob aylay, Murod, azizim,
Boqurman qabringga endi jovdirab.
1983
Do'stlaringiz bilan baham: |