367-bob
Kishi o‘z otasini qo‘yib boshqa kishiga hamda o‘z homiysi turib
boshqaga nisbat berilishining haromligi haqida
1801/1. Sa’d ibn Abu Vaqqosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim bir
odamning otasi emasligini bilaturib haqiqiy otam shudir, desa, jannat unga haromdir»,
dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
1802/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Haqiqiy
otalaringizdan tonib yuz o‘girmanglar. Kim o‘z otasini tan olmay yuz o‘girsa, bu ishi
kufrlikdir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
1803/3. Yazid ibn Sharik ibn Toriqdan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Alining (r.a.) minbarda
turib quyidagicha xutba aytayotganlarini eshitdim: «Bizning huzurimizda o‘qish uchun
faqat Allohning kitobi bordir. Va yana mana bu sahifa ham borki, bunda tovon qilib
beriladigan tuyalarning yoshlari va jarohatlarga oid masalalar hamda Rasulullohning
(s.a.v.) quyidagi aytgan so‘zlari bordir», deb u sahifani ochdilar. Unda Rasululloh
(s.a.v.) «Madinaning Ayr tog‘i bilan Savr tog‘i oraligidagi masofasi (Makka kabi)
Haramdir. Kim u yerda biror bid’at (yangilik)ni paydo qilsa yoki bid’atchiga joy bersa,
unga Allohning, farishtalarning va barcha odamlarning la’nati bo‘lsin. Alloh qiyomat kuni
uning tavbasini ham, to‘laydigan mablag‘ini ham qabul etmaydi. Musulmonlarning
ahdlari bordir. Ularning eng past tabaqadagilari ham unga erishadi. Kim ana shu ahdga
xilof ish tutsa, unga Allohning, farishtalarning va barcha odamlarning la’nati bo‘lsin.
Alloh qiyomat kuni uning tavbasini ham, to‘laydigan mablag‘ini ham qabul etmaydi. Kim
o‘z otasidan boshqa kishini otam desa yoki homiysidan boshqa homiyni iddao qilsa, unga
Allohning, farishtalarning va barcha odamlarning la’nati bo‘lsin. Alloh qiyomat kuni uning
tavbasini ham, to‘laydigan mablag‘ini ham qabul etmaydi», dedilar». Imom Buxoriy va
Muslim rivoyatlari.
1804/4. Abu Zarrdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim bilaturib o‘z
otasini tan olmay, boshqa kishini otam, desa, kofir bo‘libdi. Kim o‘ziniki bo‘lmagan
narsani meniki, deb da’vo qilsa, bizdan emasdir. Va joyini do‘zaxdan tayyorlab
qo‘yaversin. Kim biror kishini «ey kofir» yoki «ey Allohning dushmani», desa va
aytilgan bu sifatlar u kishida bo‘lmasa, aytuvchining o‘ziga qaytadi», dedilar. Imom
Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy
Do'stlaringiz bilan baham: |