www.ziyouz.com kutubxonasi
22
Ularga berilgan hamma jonivorlar bolaladi. Birinchisida bir vodiy tuya, ikkinchisida bir
vodiy mol, uchinchisida bir vodiy qo‘y bo‘ldi. Keyin farishta avvalgi surati va hay’atida
kelib: «Bechora kishiman. Safarim zaxiralari tugab qoldi. Bugun (vatanimga)
yetmoqligimning iloji yo‘q. Faqatgina Allohning karami, so‘ngra sening yordaming
bilangina yetib olaman. Shuning uchun sendan chiroyli rang, chiroyli teri va boylik
bergan Alloh hurmati bir dona tuya so‘rayman. Men bu safarimda u tuya bilan
(vatanimga) yetib olaman», deganida, haligi pes: «Beriladigan haqlar ko‘pdir», dedi.
Farishta: «Men seni go‘yoki (avval) ko‘rgandekman. Sen kishilar jirkanadigan pes
bo‘lmaganmiding? (Keyin) Alloh senga boylik bermaganmidi?» deganida, haligi pes:
«Katta bobolardan bu boylikni meros qilib oldim», dedi. Farishta: «Agar yolg‘onchi
bo‘lsang, Alloh seni avvalgi holatingga qaytarib qo‘ysinmi?!» dedi.
So‘ngra avvalgi surati va hay’atida kalning oldiga bordi. Unga ham pesga aytgan
narsalarni aytganida, kal ham pes javob qilgan narsalarni aytdi. Farishta: «Agar
yolg‘onchi bo‘lsang, Alloh seni avvalgi holatingga qaytarib qo‘ysinmi?!» dedi.
So‘ngra u avvalgi surati va hay’atida ko‘rning oldiga bordi. Va: «Men musofir bechora
kishiman. Safarim vositalari tugab qoldi. Men bugun (vatanimga) yetmoqligimning iloji
yo‘q. Faqatgina Allohning karami, so‘ngra sening yordaming bilangina yetib olaman.
Shuning uchun sendan ko‘zingni qaytarib bergan Alloh hurmati bir dona qo‘y so‘rayman.
Men bu safarimda u qo‘y bilan (vatanimga) yetib olaman», deganida, haligi ko‘r kishi:
«Haqiqatda men ko‘r edim. Alloh menga ko‘zimni qaytib berdi. Sen bu qo‘ydan
xohlaganingni olib, xohlaganingni tark qil. Allohga qasamki, Alloh taolo yo‘lida bugun
birorta narsa olsang, qiyinchilikka qo‘ymayman», dedi. Shunda farishta: «Molingni o‘zing
ol. Sizlar imtihon qilindingizlar. Bas, Alloh sendan rozi bo‘lib, ikki og‘ayningdan
g‘azablandi», deb aytdi». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
66/7. Abu Ya’lo Shaddod ibn Avsdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Aqlli
kishi nafsini hisob-kitob qilib o‘lganidan keyin foyda beradigan narsaga amal qilgan
kishidir. Ojiz kishi havoyu-nafsiga ergashib, Allohdan tavbani umid qilgan kishidir»,
dedilar. Imom Termiziy rivoyatlari.
67/8. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Befoyda narsalarni
tark qilish kishi Islomining chiroyliligidandir», dedilar. Termiziy va boshqalar rivoyati.
68/9. Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Kishidan xotinini nimaga
urgani haqida so‘ralmaydi», dedilar. Abu Dovud va boshqalar rivoyati.
Do'stlaringiz bilan baham: |