Quyosh o‘ralib (nursizlanib) qolganida.
Yulduzlar ham (o‘z falaklaridan) to‘kilganida.
Tog‘lar ham (o‘z joylaridan) jildirilganida.
(Qornidagi bolasi) o‘n oylik bo‘lgan bo‘g‘oz tuyalar ham bo‘sh qo‘yib yuborilganida.
Vahshiy hayvonlar ham (bir joyga) to‘planib qolganida.
Dengizlar (tandir kabi) qizitilganida (va suv o‘rniga olov bilan to‘lganida).
Jonlar (qaytadan badanlarga) juftlanganida.
8-9. Tiriklay ko‘milgan (har bir) qizdan qanday gunoh sababli o‘ldirilgani so‘ralganida.
(Nomai a'mol) sahifalari ochilganida.
Osmon (erning ustidan) sidirib olinganida.
Do‘zax (kofirlar uchun) lovullatib yoqilganida.
Jannat (taqvodor zotlarga) yaqin qilinganida.
(ana o‘sha Kunda har bir) jon o‘zi (mana shu Kun uchun) hozirlab kelgan narsani (ya'ni barcha yaxshi-yomon amallarini) bilur!
I z o h . Mazkur oyatlarda Qiyomat kunida ro‘y beradigan o‘n ikki hodisa haqida xabar berildi. Demak, u Kunda kechayotgan dahshatning ziyodaligidan quyoshning nuri so‘nib, yulduzlar har yoqqa sochilib ketadi va tog‘lar ham joylaridan jildirilib, xuddi bulutlar kabi osmonda suzib yuradi. Sahro ahli juda avaylaydigan va ularning boy-badavlatliklari ramzi bo‘lgan — tug‘ish soati yaqinlashib qolgan bo‘g‘oz tuyalar ham egalarining yodidan ko‘tarilib, har kim o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qoladi (ya'ni kishilar o‘zlarining eng ardoqli narsalarini ham unutadilar). Doimo bir-birlarining go‘shtlarini yeb tirikchilik o‘tkazadigan vahshiy hayvonlar ham qanday qilib bir joyga to‘planganlarini bilmay qoladilar, dengizlar esa suvlari qurib, xuddi tagidan olov yoqilayotgan qozonga aylanadilar (ming-ming yillik dengizlarning bugunga kelib quriy boshlagani o‘sha Kun yaqin qolganining alomati emasmikan?), insonlar o‘lishi bilan chiqib ketgan jonlari qayta o‘z badanlariga kiradi, shuningdek, u Kunda tiriklay ko‘mib yuborilgan mazluma qizlarning ham dodiga yetiladi (bu haqda «Nahl» surasining 59-oyatida batafsil izoh berilgan) va inson o‘lishi bilan yopilgan nomai a'moli qayta ochilib, hisob-kitob qilinadi, u Kunda yerning tomi bo‘lgan osmon ham ochib yuboriladi va nihoyat kofirlarga lovullab yonayotgan do‘zax, mo‘minlarga esa jannat yaqin qilinadi — mana shu voqea-hodisalar sodir bo‘ladigan Qiyomat kunida har bir jonning hayoti-dunyoda qilib o‘tgan yaxshi amallari o‘ng yoniga, yomon amallari chap yoniga keltirib qo‘yiladi va hech kim o‘z amalidan tona olmaydi! Demak o‘sha Kunning qiynoq-azobidan xalos bo‘lishni istagan har bir inson bugunini Islomiy e'tiqod va ezgu amal bilan o‘tkazmog‘i vojibdir!
15-16-17-18. Bas, Men (kunduzlari ko‘zdan) g‘oyib bo‘lguvchi, (kechalari ham) tez o‘tib (o‘z «uya»lari — burjlariga) yashiringuvchi (yulduz)larga, o‘z zulmati bilan kelib-ketayotgan kechaga va otayotgan tongga qasam ichurmanki,
19-20-21. Shak-shubhasiz u (Qur'on) bir ulug‘, quvvatli, Arshning sohibi (bo‘lmish Alloh) nazdida makon-martabali, u joyda (ya'ni osmonlarda farishtalar tomonidan) itoat etilguvchi, ishonchli elchining (ya'ni Jabroil farishtaning Alloh taolo tomonidan keltirgan) so‘zidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |