Kofir bo'lganlarning shaharma-shahar sayr etib (yayrab) yurishlari Sizni zinhor aldab qo'ymasin!
Arzimas rohat. Keyin esa boradigan joylari - jahannam. Naqadar mudhish joy u!
Lekin, Parvardigorlaridan qo'rqqan (taqvoli)lar uchun esa ostidan anhorlar oqib turadigan jannat
(bog'lari) bo'lib, (ular) u yerda abadiy bo'lurlar. Bu Alloh tomonidan berilajak ziyofatdir. Allohning huzuridagi (maxsus savoblar esa) yaxshilar uchun (hammasidan) afzaldir.
Darvoqe, ahli kitoblar ichida Allohga, sizlarga nozil qilingan (Kitob)ga hamda o'zlariga nozil qilingan (Kitob)ga ishonib, Allohga itoat ila bosh eguvchilar ham bor: ular Alloh oyatlarini ozgina bahoga sotib yubormaydilar. Aynan ular uchun Parvardigorlari huzurida mukofot muhayyodir. Alloh hisob-kitobda tezkordir!
Ey, mo'minlar! Sabr qilingiz, bag'rikeng bo'lingiz va (Alloh yo'liga) taxt bo'lib turingiz va Allohdan qo'rqingiz, zora (shunda) tole topsangizlar!
NISO SURASI
Niso - ayollar.
Bu surada asosan oila, turmush, meros masalalari, yetimlarga munosabat, er-xotin huquqlari, fahsh va zino ishlarining zararlari va boshqa muhim ma'lumotlar o'z aksini topgan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
Ey, odamlar! Sizlarni bir jon (Odam)dan yaratgan va undan jufti (Havvo)ni yaratgan hamda ikkisidan ko'p erkak va ayollarni taratgan Rabbingizdan qo'rqingiz! Shuningdek, o'rtalaringizdagi o'zaro muomalada nomi keltiriluvchi Allohdan va qarindoshlar (aloqasini uzish)dan qo'rqingiz! Albatta, Alloh sizlarni kuzatib turuvchidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |