Ey, imon keltirganlar, sizlar nega o'zlaringiz qilmaydigan narsani (qilamiz deb) aytursizlar?!
Sizlarning o'zlaringiz qilmaydigan ishni (qilamiz, deb) aytishlaringiz, Alloh nazdida katta nafrat (boisi)dir.
Albatta, Alloh O'zining yo'lida go'yo tutash binolardek saf tortib, jang qiladigan zotlarni sevar. Eslang, Muso o'z qavmiga: "Ey, qavmim, nega sizlar menga Allohning sizlarga (yuborgan) payg'ambari ekanimni bila turib, ozor berursizlar?" - degan edi.
Bas, qachonki, ular (Haq yo'lidan) og'ishgach, Alloh ularning dillarini (hidoyatdan) og'dirib qo'ydi. (Zotan), Alloh fosiqlar qavmini hidoyat etmas.
Eslang, Iso ibn Maryam: "Ey, Isroil avlodi, men Allohning sizlarga (yuborgan) payg'ambaridirman. (Men) o'zimdan oldingi Tavrotni tasdiqlovchi va o'zimdan keyin keladigan Ahmad ismli bir payg'ambar haqida xushxabar beruvchiman", - degan edi. Bas, qachonki, (Iso) ularga (payg'ambar ekaniga) hujjat (mo''jiza)larni keltirgach, ular "bu aniq sehr", - dedilar.
O'zi Islomga da'vat qilinayotganda (uni qabul qilish o'rniga) Alloh sha'niga yolg'on to'qigan kimsadan kim ham zolimroqdir?! Alloh zolimlar qavmini hidoyat etmas.
Ular Allohning nurini (Islomni) og'izlari (behuda gaplari) bilan o'chirmoqchi bo'lurlar. Alloh esa, garchi kofirlar ёqtirmasalarda, O'z nurini (dinini) kamolga yetkazuvchidir.
U o'z payg'ambarini hidoyat va haq din bilan - garchi mushriklar yoqtirmasalar-da - barcha dinlar uzra g'olib qilish uchun yuborgan zotdir.
Ey, imon keltirganlar, sizlarni alamli azobdan qutqaradigan bir "tijorat"ga boshlayinmi?
(O'sha "tijorat" shuki) - Alloh va Uning payg'ambariga imon keltirursizlar va Alloh yo'lida mollaringiz va jonlaringiz bilan jihod qilursizlar. Mana shu, agar bilsangizlar, o'zlaringiz uchun yaxshi (ish)dir.
(Agar shunday qilsangizlar, Alloh) sizlarning gunohlaringizni mag'firat qilur hamda sizlarni ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga va abadiy jannatlardagi pokiza maskanlarga kiritur. Bu esa ulkan yutuqdir.
(Alloh sizlarga) yana boshqa sizlar suyadigan (bir ne'matni ham berurki, u) Alloh tomonidan bo'lajak g'alaba va yaqin(da ro'y beruvchi) fathdir*. (Ey, Muhammad,) mo'minlarga (mana shu) xushxabarni yetkazing!
Izoh: U Makka fathidir. Bu voqea hijratning sakkizinchi yili ro'y berdi. Ya'ni, Makka ahli qurolli to'qnashuvsiz
o'z ixtiyorlari bilan Islomga kirdilar.
Ey, imon keltirganlar, Allohning yordamchilari bo'lingiz! Xuddi Iso ibn Maryam havoriylarga: "Allohga (ya'ni, uning diniga da'vat qilishimda) kim mening yordamchilarim bo'lur?" - deganidek. Havoriylar aytdilar: "Biz Allohning (diniga) yordam beruvchilarmiz". Bas, Isroil avlodidan bir toifa (Isoga) imon keltirdi. Va bir toifa kofir bo'ldi. Bas, Biz imon keltirgan zotlarni dushmanlaridan kuchli qildik, bas, ular g'olib bo'ldilar.
JUM'A SURASI
Surada bir necha muhim ma'lumotlar qatorida jum'a namozining ahamiyati, unga azon aytilganda, savdoni to'xtatib uning sari ravona bo'lish lozimligi, Tavrot va Injilga amal qilmagan ahli kitoblar tanqidi va boshqa eslatmalar aks ettirilgan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
Osmonlardagi va Yerdagi (bor) narsa (mutlaq) podshoh, (nuqsonlardan) pok, qudrat va hikmat sohibi bo'lmish Allohga tasbeh aytur.
U (Alloh) omiylar (savodsiz kishilar) orasiga o'zlaridan bo'lgan, ularga (Uning) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob (Qur'on) va Hikmat (Hadis)ni o'rgatadigan (bir) payg'ambarni (Muhammadni) yuborgan zotdir. Haqiqatan, ular payg'ambar kelishidan) ilgari aniq zalolatda edilar.
(Alloh uni) yana ulardan boshqalarga - ularga yetisha olmagan (dunyoga keyin keladigan insonlarga ham yubordi). U qudrat va hikmat sohibidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |