Kofir bo'lgan kimsalar uchun esa halokat bo'lur va (Alloh) ularning amallarini zoye ketkazur.
Bunga sabab ularning Alloh nozil qilgan narsalarni (Qur'on va undagi hukmlarni) yomon ko'rganlaridir. Bas, (Alloh) ularning amallarini behuda ketkazur.
Axir, ular yer yuzida sayr (sayohat) qilishib, o'zlaridan avvalgi (imonsiz) kimsalarning oqibatlari qanday bo'lganini ko'rsalar bo'lmaydimi? Alloh ularni yakson etdi-ku! Kofirlar uchun ham xuddi o'sha (oqibat)larning o'xshashi bo'lur.
Bunga sabab imon keltirganlar Allohning do'sti (homiysi) ekani va kofirlarga esa hech qanday homiy yo'q ekanidir.
Albatta, Alloh imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga kiritur. Kofir bo'lgan kimsalar esa (dunyo lazzatlaridan) foydalanib, chorva hayvonlari
yeganidek yeb-ichurlar va do'zax ularning joylaridir.
(Ey, Muhammad,) Sizni haydab chiqargan shahar (Makka ahli)dan ko'ra (aholisi) quvvatliroq bo'lgan qanchadan-qancha shaharni halok qilganmiz. Bas, ularga biror yordamchi bo'lmagan.
Axir, Parvardigori tomonidan (aniq) hujjatga (Qur'onga) ega bo'lgan kishi (Siz va mo’minlar) bilan qilgan yomon ishi o'ziga chiroyli ko'ringan va havoyi nafsiga ergashgan (kofir) barobar bo'lurmi?!
Taqvoli zotlar uchun va'da qilingan jannatning misoli (sifati budir): Unda aynimas suvdan iborat daryolar ham, ta'mi o'zgarmas sutdan iborat daryolar ham, ichuvchilar uchun lazzatli (aqldan ozdirmaydigan) maydan bo'lmish daryolar ham va musaffo asaldan iborat daryolar ham bordir. Ular uchun u joyda barcha mevalardan bordir va (u joyda) Parvardigorlari (tomoni)dan mag'firat bordir. (Ana shunday zotlar) do'zaxda mangu qoladigan va qaynoq suv bilan sug'orilganda ichaklarini tilka- pora qilib tashlaydigan (kofir)lar kabi bo'lurmilar?!
(Ey, Muhammad,) ularning (munofiqlarning) orasida shunday kimsalar ham borki, ular Sizga quloq solib turadi-da, huzuringizdan chiqqach, ilm ato etilgan zotlardan (masxara sifatida): "Hozirgina (Muhammad) nima dedi?" - deb so'rarlar. Ana o'shalar Alloh dillarini muhrlab qo'ygan va o'zlarining havoyi nafslariga ergashgan kimsalardir.
Hidoyat topgan zotlarga esa (Alloh) ularga yanada hidoyatni ziyoda qilur va taqvo ato etur.
Ular(munofiqlar) endi faqat to'satdan qiyomat kelib qolishinigina kutmoqdalar. Darvoqe, uning alomatlari keldi. Bas, ularga (qiyomat) kelgan vaqtida, ularning eslatma olishlari qanday (mumkin) bo'lur?!
Bas, (ey, Muhammad,) Allohdan o'zga iloh yo'q ekanini biling va o'z gunohingiz uchun hamda mo’min va mo’minalar(ning gunohlari) uchun mag'firat so'rang! Alloh sizlarning (bu dunyodagi) kezadigan joylaringizni ham, (oxiratda) boradigan joylaringizni ham bilur.
Do'stlaringiz bilan baham: |