Balki ularning oxirat haqidagi bilimlari pishib yetilgandir?! Yo'q, ular (oxiratdan) shak- shubhadadirlar! Yo'q, ular u to'g'rida ko'rdirlar!
Kofir bo'lgan kimsalar dedilar: "O'zimiz ham, ota-bobolarimiz ham tuproqqa aylanib ketganimizda (tirilib yana qabrlarimizdan) chiqariluvchimizmi?!
Darhaqiqat, bizlarning o'zimizga ham, ilgari ota-bobolarimizga ham mana shu va'da qilingandi. Bu faqat o'tganlarning afsonalaridir!"
Ayting: "Yerni aylanib, jinoyatchi kimsalarning oqibatlari qanday bo'lganini ko'ringlar!"
(Ey, Muhammad,) Siz ularning (imon keltirmaganlari) ustida g'am chekmang va ular qilayotgan makrlardan siqilmang ham!
Ular: "Agar rostgo'y bo'lsangizlar (aytinglar-chi), mana shu va'da (azob) qachon bo'ladi?" - deydilar.
Ayting: "Ehtimol sizlar shoshtirayotgan narsa (azob)ning ba'zisi sizlarning izingizga tushib qolgandir".
Albatta, Rabbingiz odamlarga nisbatan fazllidir. Lekin ularning aksariyati shukr qilmaydilar.
Albatta, Rabbingiz ularning dillari yashiradigan narsani ham, oshkor qiladigan narsani ham bilur!
Osmon va zamindagi har bir sir aniq Kitobda (Lavhul-Mahfuzda) mavjuddir.
Albatta, ushbu Qur'on Isroil avlodiga ular ixtilof qilayotgan narsalar ko'pining qissasini bayon qilib berur.
Albatta, u mo'minlar uchun hidoyat va rahmatdir.
Albatta, Rabbingiz (odamlar) o'rtasini O'z hukmi bilan ajrim qilur. U qudratli va bilimlidir!
Bas, Siz Allohga tavakkul qiling! Albatta, Siz aniq haqiqat uzradirsiz!
Aniqki, Siz (o'z da'vatingizni) "o'liklar"ga uqtira olmassiz va yuz o'girib ketayotgan "karlar"ga ham da'vatni uqtira olmassiz.
Yana Siz "ko'rlar"ni ham zalolatlaridan (chiqarib, haq yo'lga) hidoyat qila oluvchi emasdirsiz. Siz faqat oyatlarimizga imon keltiradiganlargagina uqtira olursiz. Bas, ular musulmondirlar.
Qachon (kofirlarning) ustiga so'z (azob) tushganda (ya'ni, qiyomat oldidan) Biz ular uchun yerdan bir jonivor chiqarurmiz. U ularga odamlar oyatlarimizga ishonmaydigan bo'lib qolganlari haqida gapirur.
Izoh: Islom aqidasiga binoan, qiyomat qoyim bo'lish oldidan Yeru osmonda turli g'ayri tabiiy alomatlar zohir bo'ladi. Shulardan biri "Dobbatul - Arz" - ya'ni Yer maxluqi. U yerdan chiqib kofirlarga la'nat o'qiydi.
Biz har bir ummatdan bir guruh - oyatlarimizni inkor etadiganlarni to'plaganimizda ular tizilib turadigan kunni (eslang)!
Bas, ular (hisobot beriladigan joyga) kelishgach, (Alloh) aytadi: "Sizlar aniq bilmagan holingizda oyatlarimni yolg'on dedingizmi?! Yoki nima qiluvchi bo'ldingizlar?!"
Zolim (kofir) bo'lganlari sababli ularning ustiga (azob to'g'risidagi) so'z tushadi. Bas, ular so'zlay olmaslar.
Biz ular taskin topishlari uchun kechani paydo qilganimizni va kunduzni yorug' qilib qo'yganimizni ko'rmadilarmi?! Albatta, bunda imon keltiradigan qavm uchun ibratlar bordir!
Sur chalinib, Alloh O'zi xohlagan zotlardan boshqa osmonlardagi va Yerdagi (barcha) kimsalar dahshatga tushib qolgan va barcha U zot (huzuri)ga taslim qilgan holda keladigan kunni (eslang)!
Siz tog'larni ko'rib (mangu) qotib turuvchi, deb o'ylarsiz. Holbuki, ular ham xuddi bulutlar (suzib) yurgandek (havoda suzib) yurarlar. (Bu) barcha narsani puxta qilgan zot - Allohning sinoatidir. Albatta, U zot sizlar qilayotgan (barcha) ishlardan ogohdir!
Izoh: Tog'larning suzib yurishini ikki xil tasavvur qilish mumkin. Birinchisi - qiyomat kuni tog'lar tuya yungi kabi havoda to'zib yurishi. Bu to'g'rida 101-suraning 5-oyatida ham zikr etilgan. Ikkinchisi - Yerni fazodan turib kuzatilganda tog'lar ham Yer bilan birgalikda bulutlar kabi sayr etayotgandek ko'rinishi.
Kim yaxshilik (savob) bilan kelsa, bas, uning uchun (o'sha savobidan) yaxshiroq mukofot bo'lur. Va ular o'sha kuni dahshatdan omondadirlar.
Kim yomonlik (kufr) bilan kelsa, bas, yuztuban hollarida do'zaxga tashlanurlar. (Va ularga aytilur): "Sizlarga faqat qilib o'tgan amallaringiz jazosi berilur".
(Ey, Muhammad, ayting): "Men mana shu shaharning (Makkaning) Parvardigorigagina ibodat qilishga buyurilgandirman. (U bu shaharni) "harom" qilgandir (ya'ni, bu shaharda qon to'kilishi, zulm qilinishi, ov ovlanishi kabilar harom qilingandir). Barcha narsa Unikidir! Men musulmonlardan bo'lishga buyurilgandirman.
Shuningdek, Qur'onni tilovat qilishga ham (buyurilgandirman). Bas, kim haq yo'lga yursa, faqat o'zi uchun yurar. Kim yo'ldan ozsa, u holda aytingki: "Men faqat ogohlantiruvchilardandirman".
Ayting: "Hamd Allohgakim, U yaqinda sizlarga O'z mo''jizalarini ko'rsatur. Bas, sizlar u
(mo''jizalarni) tan olursizlar (lekin u kundagisi foyda bermas)". Rabbingiz sizlarning qilayotgan ishlaringizdan g'ofil emasdir!
QASAS SURASI
Qasas - qissa.
Surada Muso(a. s.) ning hayot va faoliyatlari to'g'risida kengroq ma'lumot beriladi. Yovuzlik timsoli sifatida Fir'avn va Qorun kabi "quturgan" shaxslar haqida ham ibratomuz oyatlar berilgan. Qolgan oyatlarda, odatdagidek, tavhid, imon, e'tiqod, taqvo va solih amallarga targ'ibot, kufr, shirk, ma'siyat kabi razilliklardan poklanishga qaratilgan da'vatlar talqin etiladi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
To, Sin, Mim.
Ushbu (oyatlar) aniq Kitob oyatlaridir.
(Ey, Muhammad,) imon keltiradigan qavm uchun Sizga Muso va Fir'avn xabarini haqiqati bilan tilovat qilib berurmiz.
Darhaqiqat, Fir'avn yerda (Misrda) tug'yonga ketib, uning aholisini bo'lib tashladi. Ulardan bir toifani (Isroil avlodi qavmini) xorlab, o'g'illarini so'yar, ayollarini tirik qo'yar edi. Albatta, u buzg'unchilardandir.
Biz esa u yerda xorlangan kishilarga marhamat qilishni, ularni (xorlikdan chiqarib, barchaga) peshvo zotlarga aylantirishni va ularni (Fir'avn mulkiga) merosxo'r qilishni istaymiz.
Yana ularni o'sha yerda barqaror qilib, Fir'avn va (uning vaziri) Homonga hamda ikkovining lashkarlariga ular xavotirlanayotgan narsani ko'rsatib qo'yishni (istaymiz).
Izoh: Xavotirlangan narsalari mol-mulk merosi va hukmronlik Isroil avlodi qo'liga o'tib ketishi bo'lib, ular shundan cho'chir edilar.
Biz Musoning onasiga vahiy qildikki: "Uni emizaver. Bas, (uni o'ldirib ketishlaridan) qo'rqsang, uni daryoga tashlagin va qo'rqmagin ham, qayg'urmagin ham. Zero, Biz uni senga qaytaruvchidirmiz va uni payg'ambarlardan qiluvchidirmiz".
Bas, Fir'avn xonadoni uni (o'sib-ulg'aygach,) o'zlariga "dushman va tashvish" bo'lishi uchun tutib oldilar. Albatta, Fir'avn, Homon va ularning lashkarlari yanglishgan edilar.
Fir'avnning xotini (unga): "(Bu bola) men uchun ham, sen uchun ham ko'z quvonchidir. Uni o'ldirmanglar. Shoyadki, uning bizlarga nafi tegsa yoki uni farzand qilib olsak", - dedi. Vaholanki, ular (haqiqatni) sezmas edilar.
Muso onasining qalbi tashvishdan forig' bo'ldi. - Agar Biz ("Musoni o'zinga qaytarurmiz", degan va'damiz)ga imon keltiruvchilardan bo'lishi uchun uning ko'nglini xotirjam qilmaganimizda, albatta, u (o'z o'g'li ekani)ni ochib qo'ygan bo'lur edi.
(Ona Musoning) opasiga: "Uning (ortidan) tushgin", - dedi. Bas, u ular sezmagan hollarida (Musoni) bir chetdan kuzatib turdi.
Biz oldindan (Musoga barcha) emizuvchi ayollarni taqiqladik (u hech bir ayolni emmadi), shunda (uning opasi kelib): "Men sizlarga unga kafil bo'lib (emizadigan) va unga xolis (tarbiya beradigan) bir oilani ko'rsataymi?" - dedi.
Shunday qilib, Biz (Musoning onasining) ko'zlari quvonishi va g'am chekmasligi uchun hamda Allohning va'dasi haq ekanini bilishi uchun uni onasiga qaytardik. Lekin, ko'pchiligi (buni) bilmaydilar.
Qachonki, u voyaga yetib, (aqli) to'lgach, Biz unga hikmat va bilim ato etdik. Biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz.
(Kunlardan birida Muso) shaharga uning aholisi qaflatda bo'lgan (peshin) paytida kirgan edi, unda ikki kishini urushayotgan holatda topdi. Bunisi o'z guruhidan (Isroil avlodi qavmidan) va unisi dushmanidan (qibtiylardan) edi. (Bas, Musoning) guruhidan bo'lgan kishi undan dushmaniga qarshi yordam so'radi. Shunda Muso bir musht urib, uni o'ldirib qo'ydi. (So'ng pushaymon bo'lib,) dedi: "Bu shaytonning ishidandir. Albatta, u aniq adashtiruvchi dushmandir".
Do'stlaringiz bilan baham: |