(Ey, mo'minlar,) sizlar (bu bo'htonni) eshitgan paytingizda mo'min va mo'minalar o'zlari (bir- birlari) haqida yaxshilikni o'ylab: "Bu aniq bo'hton-ku!" - desalar bo'lmasmidi?!
Ular (Oyshani badnom qilmoqchi bo'lganlar) to'rtta guvoh keltirsalar bo'lmasmidi?! Endi agar guvoh keltira olmasalar, demak, Alloh nazdida ular yolg'onchidirlar.
Agar sizlarga dunyo va oxiratda Allohning fazli bo'lmasa edi, albatta, so'zlagan lofingiz sababli sizlarni ulkan jazo tutgan bo'lur edi.
O'shanda sizlar uni tildan tilga ko'chirib, og'izlaringiz bilan o'zlaringiz aniq bilmagan narsani so'zlar va buni yengil fahmlar edingizlar. Holbuki, u Alloh nazdida ulkan (gunoh)dir.
Uni eshitgan paytingizd: "Bu (mish-mishni) gapirish biz uchun joiz emasdir. Ey, pok Parvardigor, bu ulug' bo'hton-ku!"-desangizlar bo'lmasmidi?!
Agar mo'min bo'lsangizlar, sira unga o'xshagan narsalarga qaytmasliklaringizni Alloh sizlarga nasihat qilur.
Alloh sizlarga (O'z) oyatlarini bayon qilur. Alloh ilm va hikmat sohibidir.
Albatta, imon keltirgan kishilar o'rtasida (yomon gaplar) yoyilishini istaydigan kimsalar uchun dunyoda ham, oxiratda ham alamli azob bordir. Alloh bilur, sizlar esa bilmassizlar.
Agar sizlarga Allohning fazli va rahmati hamda Alloh mehribon va rahmli bo'lmasa edi (jazoni naqd qilgan bo'lur edi).
Ey, imon keltirganlar! Shaytonning izidan ergashmanglar! Kim shaytonning izidan ergashsa, bas, albatta, (shayton) buzuqlik va yovuzlikka buyurur. Agar sizlarga Allohning fazli va rahmati bo'lmaganda edi, sizlardan biror kishi (gunohdan) pok bo'lmas edi. Lekin Alloh o'zi xohlagan kishini poklar. Alloh eshituvchi va biluvchidir.
Sizlardan fazilat va keng mol-mulk egalari qarindoshlarga, miskinlarga va muhojirlarga Alloh yo'lida ehson qilmaslikka qasam ichmasin, balki ularni afv qilib, kechirsinlar! Alloh sizlarni mag'firat qilishini istamaysizlarmi?! Alloh mag'firatli va rahmlidir.
Albatta, (fahsh ishlardan) bexabar, iffatli mo'mina ayollarni badnom qiladigan kimsalar dunyoda ham, oxiratda ham la'natga duchor bo'lurlar. Ularga ulkan azob bordir.
(U kun) qilib o'tgan ish (bo'hton)lariga ularning tillari, qo'l va oyoqlari ularning zararlariga guvohlik beradigan kundir.
O'sha kuni Alloh ularning haqiqiy jazolarini komil qilib berur va ular Allohning aniq haq ekanini bilurlar.
Nopok ayollar nopok erkaklar uchun (loyiq)dir, nopok erkaklar nopok ayollar uchun (loyiq)dir. Pokiza ayollar pokiza erkaklar uchun, pokiza erlar pokiza ayollar uchundir. Aynan o'sha (pokiza erlar va pokiza ayollar) ularning aytayotgan bo'htonlaridan pokdirlar. Ular uchun mag'firat va farovon rizq (jannat ne'matlari) bordir.
Ey, imon keltirganlar! O'z uylaringizdan o'zga uylarga to izn so'ramaguningizcha va egalariga salom bermaguningizcha kirmangiz! Mana shu sizlar uchun yaxshidir. Zora, (bu gapdan) eslatma olsangizlar.
Bas, agar u (uy)larda hech kimni topmasangizlar, unda to sizlarga izn berilmaguncha ularga kirmangiz! Agar sizlarga "qaytinglar" deyilsa, qaytib ketaveringlar! Shu sizlar uchun eng toza (yo'ldir). Alloh qilayotgan ishlaringizni biluvchidir.
(Xususiy) maskan bo'lmagan (mehmonxona, karvonsaroy kabi) sizlar foydalanadigan uylarga (izn so'ramasdan) kirishlaringizda sizlarga gunoh yo'qdir. Alloh oshkor qilayotgan narsangizni ham, yashirayotgan narsangizni ham bilur.
(Ey, Muhammad,) mo'minlarga ayting, ko'zlarini (nomahram ayollardan) qo'yi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo'ldir). Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir.
Mo'minalarga ham ayting, ko'zlarini (nomahram erkaklardan) qo'yi tutsinlar. Va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Hamda ko'rinib turadiganidan boshqa ziynatlarini ko'rsatmasinlar va ro'mollarini ko'kraklari uzra tushirib olsinlar! Ular zeb-ziynatlarini erlari yo otalari, yo erlarining otalari, yo o'g'illari, yo erlarining o'g'illari, yo o'zlarining og'a-inilari, yo og'a-inilarining o'g'illari, yo opa-singillarining o'g'illari, yo o'zlari (kabi) ayollar, yo qo'l ostilaridagi (cho'ri)lar, yo (ayollardan) behojat bo'lgan (ya'ni, juda keksayib qolgan yoki aqlsiz-devona) erkak xizmatkorqullar, ayollarning avratlaridan xabardor bo'lmagan go'daklardan boshqalarga ko'rsatmasinlar! Yana, yashirgan ziynatlarini bildirib, oyoqlarini (yerga) urmasinlar! Barchalaringiz Allohga tavba qilinglar, ey mo'minlar! Shoyad, (shunda) iqbolli bo'lsangizlar.
Izoh: Ko'rinib turadigan ziynatlardan murod - hanafiy mazhabimizda - ayolning yuzi, ikki kafti va ikki oyoqlarining to'pug'idan pastki qismidir. Oyatdagi ziynat so'zidan murod ziynatlantiriladigan joylar, zero, odatda ayollar yuz, qo'l va oyoqlarini bezab pardozlaydilar. Mazkur joylarni yopib yurishda ayollar uchun haraj-qiyinchilik bor. Haraj esa shar'iy uzrlardandir.
O'z oralaringizdagi tul (erkak va ayol)larni hamda qul va cho'rilaringizdan yaroqlilarini uylantiringlar. Agar (ular) kambag'al bo'lsalar, Alloh ularni O'z fazli bilan boyitur. Alloh (fazlu karami) keng va biluvchi zotdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |