(Alloh O'z) amri bilan xohlagan bandalariga farishtalarni (shunday) vahiy bilan tushirur: ("Ey, payg'ambarlarim! Insonlarni) ogohlantiringlarki, Mendan o'zga iloh yo'q. Bas, (barchalaringiz) Mendangina qo'rqingiz!"
(U) osmonlar va Yerni haq (hikmat) bilan yaratdi. (Mushriklar) keltirayotgan shirkdan U yuksakdir.
Insonni nutfa (bir tomchi modda)dan yaratdi. U esa, banogoh, ochiq "raqib"dir.
U yana sizlar uchun issiq (kiyim) va (turli) manfaatlar bo'lsin, deb, chorva mollarini ham yaratdi va ulardan sizlar yeysizlar ham.
Yana sizlar uchun ularda kechqurun (o'tloqdan) qaytayotgan va tongda (o'tloqqa) ketayotgan paytida go'zal manzara paydo bo'lur.
Shuningdek, ular sizlar jonlaringizni qiynab yetadigan yurtlarga yuklaringizni ko'tarib borur. Albatta, Rabbingiz mehribon va rahmlidir.
U yana minishingiz uchun va ziynat sifatida otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi). Yana, sizlar (hali) bilmaydigan narsalarni ham yaratur.
To'g'ri yo'lni qasd etish (unga hidoyat etish) yolg'iz Alloh zimmasidadir. (Zotan, yo'llar) ichida qing'iri ham bordir. Agar (Alloh) xohlaganida, sizlarning barchangizni (To'g'ri yo'lga) hidoyat qilgan bo'lur edi.
U osmondan sizlar uchun ichimlik bo'lmish suvni yog'dirgan zotdir. (Hayvonlaringizni) boqadigan daraxtlar (o'simliklar) ham o'sha suvdan (ichar).
U sizlar uchun o'sha (suv) bilan (turli) ekinlarni, zaytun, xurmo, uzum va barcha mevalarni undirur. Albatta, bu (ish)da tafakkur qiladigan qavm uchun alomat bordir.
U sizlar uchun kecha va kunduzni, quyosh va oyni bo'yin sundirib qo'ydi. Yulduzlar ham Uning amriga bo'yin sundirilgandir. Albatta, bunda anglaydigan qavm uchun alomatlar bordir.
Yana U sizlar uchun yerda yaratib qo'ygan rang-barang narsalarni ham (sizlarga bo'yin sundirdi). Albatta, bunda eslatma oladigan qavm uchun alomat bordir.
U yangi go'sht (baliq go'shti) yeyishlaringiz va taqadigan taqinchoqlar chiqarib olishlaringiz uchun (sizlarga) dengizni ham bo'yin sundirib qo'ygan zotdir. Unda yana (suvni) yorib ketayotgan kemalarni ko'rasiz. Uning fazli (rizqi)dan talab etishingiz va (ne'matlariga) shukr qilishingiz uchun (shunday qildi)
U yana, Yer sizlarni tebratmasligi uchun unda tog'larni barpo qildi, (ichimlik va ekinlaringiz uchun) daryolarni (oqizib qo'ydi) va to'g'ri yurishlaringiz uchun yo'llarni (paydo qildi).
(Yo'llarga) belgilar ham (qo'ydi). Yulduzlar bilan esa ular yo'l topurlar.
(Ey, mushriklar), axir (barcha mavjudotni) yaratadigan zot (Alloh) bilan (hech narsa) yarata olmaydigan (but-sanamlaringiz) barobarmi?! Bas, o'ylamaysizlarmi?!
Agar Allohning ne'mat(lar)ini sanasangizlar, sanog'iga yeta olmaysizlar. Haqiqatan, Alloh kechirimli va rahmlidir.
Alloh yashirgan narsalaringizni ham, oshkor qilgan narsalaringizni ham bilur.
(Mushriklarning) Allohni qo'yib, sig'inayotgan narsalari (ma'budalari) biror narsani yaratuvchi emasdir, balki o'zlari yaratiluvchidirlar.
(Ular) o'likdirlar, tirik emasdirlar. Ular (o'zlariga sig'inayotgan mushriklarning) qachon qayta tirilishlarini ham sezmaydilar.
Ilohingiz yagona ilohdir. Bas, oxiratga imon keltirmaydiganlarning dillari (Uning yagona ekanligini) inkor qilur va ular mutakabbirdirlar.
Shubha yo'qki, Alloh ularning yashirgan narsalarini ham, oshkor qilgan narsalarini ham bilur. Albatta, U mutakabbirlarni sevmas.
Ularga: "Rabbingiz (Muhammadga) nimani nozil qildi?" - deyilsa, ular (masxara qilishib): "Avval o'tganlarning afsonalarini",- deydilar.
Ular (bu yolg'on so'zlarni) qiyomat kunida, o'zlarining barcha gunohlarini hamda o'zlari johilona yo'ldan ozdirgan kimsalarning gunohlaridan ham (bir qismi)ni bo'yinlariga olish uchun (aytgandirlar). Ogoh bo'lingizki, ular bo'yniga olgan narsa (gunohlar) juda yomondir.
Ulardan oldingi (kofir)lar ham (o'z payg'ambarlariga shunday) makrlarni qilgan edilar. Shunda Alloh ular (qurgan makr) binolarini poydevorlari bilan qo'porib tashladi, bas, tom o'zlarining ustiga quladi va ularga o'zlari sezmagan (kutmagan) tarafdan azob keldi.
So'ngra qiyomat kunida (Alloh) ularni yana rasvo qilur va aytur: "Sizlar yonlarini olib tortishib yurgan Mening "sherik"larim qayerda qolishdi?!" (Shunda) ilm berilgan (payg'ambar va ulamo)lar derlar: "Darhaqiqat, bugun rasvolik va noxushlik kofirlargadir".
Ularni o'zlariga zulm qilgan hollarida farishtalar vafot etdirurlar. Shunda ular sulhga kelishib: "Bizlar biror yomonlik qilgan emasmiz" (derlar). Yo'q! Shaksiz, Alloh qilgan ishlaringizni biluvchidir.
Endi o'zlaringiz mangu qoladigan jahannam darvozalaridan kiringiz! Mutakabbirlarning joylari naqadar yomon!
Taqvoli bo'lganlarga: "Rabbingiz (O'z payg'ambariga) nimani nozil qildi?" - deyilganida, ular:
"Yaxshilikni", - derlar. Bu dunyoda chiroyli ish qilganlar uchun chiroyli mukofot bo'lur. Lekin, shubha yo'qki, oxirat diyori yanada yaxshiroqdir. Taqvodorlarning diyorlari naqadar yaxshi!
Do'stlaringiz bilan baham: |