Ularga (shayton) va'da beradi, ularni hoyu havasga soladi. Shayton ularga g'urur (vasvasasi)dan o'zga narsani va'da qilmaydi.
Ana o'shalarning joyi jahannamdir. Undan xalos topa olmaydilar.
Imon keltirib, solih ishlarni qilganlarni (esa) ostidan anhorlar oqadigan jannat bog'lariga kiriturmiz
ular u yerda abadiy qolib yasharlar. Bu Allohning haqqoniy va'dasidir. Allohdan so'zi to'g'riroq kimdir?!
(Bu) - sizlarning orzularing bilan ham emas, ahli kitoblarning orzulari bilan ham (erishadigan narsa) emasdir. Kimki yomonlik qilsa, o'sha (yomonlik) bilan jazolanur. O'ziga Allohdan o'zga na biror do'st topadi va na biror yordamchi.
Kimki, u xoh erkak bo'lsin, xoh ayol - mo'minlik holida savobli ishlar qilsa, aynan ular jannatga kirurlar va ularga xurmoning dumicha ham zulm qilinmagay.
Ezgu ish qiluvchi holida yuzi (o'zi)ni Allohga bo'yin sundirgan va to'g'ri yo'l (sanalmish) Ibrohim diniga ergashgan kishidan boshqa kimning dini chiroylidir?! Alloh esa, Ibrohimni do'st tutgandir.
Osmonlar va Yerdagi borliq Allohnikidir. Alloh har narsani ihota etuvchi (qamrab oluvchi)dir.
Sizdan (ey, Muhammad,) ayollar to'g'risida fatvo so'raydilar. Ayting: "Ular to'g'risida sizlarga Alloh fatvo berur hamda Kitob (Qur'on)da tilovat qilinadigan (oyatlar) ham: yetim ayollar, ular uchun farz qilingan narsa (mahr)ni bermasdan nikohingizga olishga qiziqishingiz, zaif bolalar va yetimlarga nisbatan adolatli turishingiz (haqida). Nimaiki yaxshilik qilsangiz, Alloh, albatta, uni biluvchidir.
Qaysi bir xotin eridan (unga nisbatan) ko'ngilsizlik yoki voz kechishdan qo'rqsa, ikkalasi o'rtalarini isloh qilib olishlarida ularga gunoh yo'qdir. Sulh (ajralishdan) yaxshiroqdir. Nafslarga baxillik (qizg'anchiqlik) bitilgan. Agar (xotinlaringizga) yaxshilik (chiroyli muomala) qilsangiz va Allohdan qo'rqsangiz, albatta, Alloh qilayotgan ishlaringizdan xabardordir.
Har qancha istasangiz ham xotinlaringiz o'rtasida adolatli (hammasiga bir xil munosabatda) bo'la olmaysiz. Bas, (biriga) butunlay berilib ketib, (ikkinchisini) muallaq holda tashlab qo'ymangiz! Agar (ular bilan munosabatingizni adolat asosida) tuzatsangizlar va taqvoli bo'lsangizlar, albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir.
Agar ikkisi (er-xotin biror sabab bilan) ajralishib ketsa, Alloh (ularning) har birini o'z kengligidan (rizqi bilan) ta'minlab qo'yadi. Alloh (karami) keng va hikmat sohibidir.
Izoh:Qandaydir sabab bilan turmushi buzilgan er-xotinlar uchun ushbu oyat tasalli beradi. Zero, Allohning o'zi va'da qilayaptiki, shunday holatga tushganlarni O'zining fazlu karami bilan moddiy va ma'naviy jihatdan ta'minlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |