Qavm (yov)ning iziga tushishda sustlik qilmangiz! Agar (urushdan) azob chekayotgan bo'lsangiz, ular ham xuddi sizlardek azob chekmoqdalar. Sizlar Allohdan ular umid qilmagan narsani umid qilasizlar*. Alloh bilim va hikmat egasidir.
Izoh:Ular umid qilmagan narsalar turiga shahidlik va jannat ne'matlari kiradi.
Albatta, Biz Sizga ushbu Kitob (Qur'on)ni odamlar orasida Alloh ko'rsatgan yo'l bilan hukm etishingiz uchun barhaq nozil etdik. Xoinlarga esa homiy bo'lmang!
Yana, Allohdan kechirim so'rang. Albatta, Alloh kechiruvchi va rahmlidir.
O'zlariga xiyonat qiluvchilar haqida tortishib o'tirmang. Albatta, Alloh xiyonatchi va jinoyatchi bo'lgan kimsani sevmaydi.
Izoh:Bu oyat madinalik To''ma ibn Ubayriq degan shaxs xususida nozil qilingan. U o'z qo'shnisining sovutini o'g'irlab, boshqa xonadonga yashirib qo'yadi. Rasululloh huzurida uni oqlaganlarida ularga ishonib To''mani himoya qilganlar. Oyatda xiyonatchilar qoralanib, Payg'ambar (a. s.) orqali barcha musulmonlarga xiyonatchi va jinoyatchilar yonini olmaslikka chaqirilmoqda.
(Jinoyatlarini) odamlardan yashiradilar, (lekin) Allohdan yashira olmaydilar. (Alloh) rozi bo'lmaydigan gaplar rejasini xufyona tuzayotganlarida (ham) U ular bilan birga edi. Alloh ularning qilmishlarini qamrab oluvchidir.
Ey, sizlar! (Bu) dunyo hayotida-ku ularning yonini oldingiz. Qiyomat kunida ularni kim himoya qilib, yonlarini olur yoki ularga kim vakil bo'lur?!
Kimda-kim biror yomon ish qilsa yoki o'z joniga jabr qilsa, so'ngra Allohdan kechirim so'rasa, Allohning (qanchalik) kechiruvchan va rahmli ekanini idrok etadi.
Har kim gunoh (ish) qilsa, faqat o'zining zarariga qilgan bo'lur. Alloh bilim va hikmat egasidir.
Har kim biror xatolik yoki gunoh ishga qo'l ursa-yu, so'ngra unda begunoh odamni ayblasa, albatta, bo'hton va aniq gunohni (bo'ynida) ko'targan bo'lur.
Agar Sizga Allohning fazli va rahmati bo'lmaganida edi, ularning bir toifasi Sizni adashtirishga azmu qaror qilgan edilar. Ular o'zlarinigina adashtiradilar. Sizga esa biror zarar yetkazmaydilar. Alloh Sizga Kitob va Hikmatni nozil qildi va bilmaganingizni bildirdi. Allohning Sizga (nisbatan) fazli buyukdir.
Ularning ko'pgina shivir-shivirlarida - agar sadaqa berishga yoki ezgulikka buyurishga yoxud odamlar o'rtasini isloh qilishga buyurmagan bo'lsa - yaxshilik yo'qdir. Kimda-kim Alloh rizosi uchun shuni qilsa, unga ulkan mukofot berajakmiz.
Kimda-kim hidoyat unga aniq bo'lgandan keyin Payg'ambarga muxoliflik qilsa, mo'minlar yo'lidan o'zgasiga ergashsa, Biz uni o'zi ketayotgan yo'liga qo'yib beramiz va (oxiratda) uni jahannamda toblaymiz. Naqadar noxush joy u!
Albatta, Alloh Unga (biror narsa) sherik qilinishini kechirmaydi. Bundan o'zga (gunohlar)ni (O'zi) xohlagan kishilar uchun kechirgay. Kimda-kim Allohga shirk keltirsa, demak, u (yo'ldan) juda uzoqqa adashibdi.
Izoh: "Ahli sunnat va jamoat", ya'ni, biz musulmonlarning aqidamizga ko'ra, musulmon odam kattami, kichikmi gunoh qilsa, kofir bo'lmaydi, balki gunohkor bo'ladi. Gunohni esa kechirish yoki kechirmaslik Allohning ixtiyoridadir. Kechirilmaydigan gunoh - bu shirk va kufrdir. Mazkur oyat shu aqidaga asos bo'la oladi.
Ular (mushriklar) Allohni qo'yib, faqat ayollar (Lot, Uzzo va Manot otli but-sanamlar)ga sig'inadilar yoki isyonkor shaytonga sig'inadilar.
Alloh uni (shaytonni) la'natladi. (U) dedi: "Albatta, bandalaringdan belgilangan ulushimni olurman,
ularni adashtiraman, ularni hoyu havasga cho'ktiraman. Buyursam ular hayvonlar qulog'ini kesadilar, buyursam Alloh yaratgan narsalarni o'zgartiradilar". Kimki Allohni qo'yib shaytonni do'st tutsa, demak, u aniq ziyon qilibdi.
Izoh:Alloh yaratgan narsani o'zgartirish deganda erkaklik va ayollik jinslarini, qiyofasini o'zgartirish, odamzotni bichish kabilar kiradi. Alloh taolo insoniyatni turli millat, xilma-xil shakl va rangda yaratgan hamda ushbu ilohiy andoza to qiyomatgacha davom etishini iroda qilgan. Ba'zi shakkok kimsalarning o'z milliy xususiyatlaridan voz kechishlari ilohiy ta'limotga zid ekanligi mazkur oyat va uning tafsirlarida o'z ifodasini topgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |