Agar ular (er-xotin)ning oralari buzilib ketishidan qo'rqsangizlar, er oilasidan bir hakam, xotin oilasidan bir hakam yuboringiz. Agar (er-xotin) islohni xohlasalar, Alloh o'rtalarini muvofiqlashtirgay. Albatta, Alloh bilimdon va xabardor zotdir.
Allohga ibodat qilingizlar va Unga hech narsani sherik qilmangizlar! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingizlar! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo'shniyu begona qo'shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo'lovchi (musofir)ga va qo'l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi.
(Ular) o'zlari baxillik qilish bilan birga (boshqa) odamlarni (ham) baxillikka buyuradigan va Allohning O'z fazli bilan bergan (ne'mat)larini yashiradigan (kimsa)lardir. Kofirlarga (esa) xor qiluvchi azobni tayyorlab qo'yganmiz.
Mol-mulklarini odamlar ko'rsinga (riyokorlik bilan) ehson qiladigan, (aslida esa) Allohga ham, oxirat kuniga ham imon keltirmaydiganlarni (Alloh sevmaydi). Kimgaki shayton do'st bo'lsa, naqadar yomon do'st u!
Bordiyu (ular) Allohga, oxirat kuniga imon keltirsalar va Alloh rizq qilib bergan narsalardan ehson qilsalar, ular (zarari)ga nima ham bo'lar edi?! Alloh ularni yaxshi biluvchidir.
Albatta, Alloh bir zarra miqdorida (ham) zulm qilmaydi. Agar (o'sha miqdorda) yaxshilik bo'lsa, uni (bir necha barobar) ko'paytirur va O'z huzuridan ulug' mukofot (jannat) ato etur.
Do'stlaringiz bilan baham: |