Alloh sizlarni (Odamni) yerdan undirdi (paydo qildi).
So'ngra (vafot etganlaringizda) sizlarni yana (yerga) qaytarur va (Qiyomatda) sizlarni yana chiqarur.
Alloh yerni sizlar uchun to'shak qildi,
toki undagi keng yo'llarda yurgaysizlar.
Nuh (yana) aytdi: "Ey, Rabbim, darhaqiqat, ular menga itoatsizlik qildilar hamda (topgan) mol- dunyosi va farzandlari o'ziga faqat ziyonni oshiradigan kimsalarga ergashib ketdilar".
( Ular) juda katta makr qildilar.
(O'zlariga ergashgan kimsalarga:) "Sizlar o'z ilohlaringizni sira tark etmanglar! "Vad"ni ham, "Suvo'"ni ham, "Yag'us"ni ham, "Ya'uq"ni va "Nasr"ni ham sira tark etmangizlar!" - dedilar.
Izoh: Vad, Suvo', Yag'us, Ya'uq, Nasr - ular siqinadigan ma'buda - sanamlarning nomlaridir.
Darhaqiqat, ular (Nuh qavmining kofirlari) ko'p (kishilar)ni yo'ldan ozdirdilar. "(Ey, Rabbim,) zolimlarga faqat gumrohlikni ziyoda qilgin!" (dedi Nuh).
Ular o'z xato (gunoh)lari sababli g'arq qilinib, (suv balosidan so'ng yana) olovga kiritildilar. Bas, o'zlariga Allohdan o'zga yordam beruvchilarni topmadilar.
Izoh: Bu qabr azobiga dalolat qiladigan oyatlardandir.
Nuh aytdi: "Ey, Rabbim, yer yuzida kofirlardan birorta (tirik) yuruvchini qoldirmagin.
Chunki, Sen agar ularni qoldirsang, bandalaringni yo'ldan ozdirurlar va faqat, fosiq, noshukr(lar)ni tuqarlar.
Ey, Rabbim, meni, ota-onamni, uyimga mo’min holda kirgan kishilarni va barcha mo’minu mo’minalarni mag'firat etgin! Zolimlarga esa faqat halokatni ziyoda qilgin!"
JIN SURASI
Surada bir guruh jinlar toifasi Rasululloh huzuriga kelib, Qur'on tilovatini tinglab, so'ng imon keltirganlari, umuman jinlar bilan insonlar o'rtasidagi munosabatlar, ularning samoviy vahiylarga aloqasi va boshqa muhim ma'lumotlar o'z ifodasini topgan. Ma'lumki, Muhammad (a.s.) insonlarga ham, jinlarga ham barobar payg'ambar etib yuborilganlar. Binobarin, jinlar ichida ham mo’minlari va kofirlari, yaxshilari va yomonlari bor. Eng yovuzlarini shaytonlar deb ataladi. Jinlar olovdan, farishtalar nurdan yaratilgan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
(Ey, Muhammad,) ayting: "Menga vahiy qilindiki, jinlardan bir guruhi (Qur'on tilovatimni) eshitib, (o'z qavmlariga borib), dedilar: "Darhaqiqat, bizlar ajib bir Qur'onni eshitdik.
U to'g'ri yo'lga hidoyat qiladi. Bas, darhol unga imon keltirdik. Bizlar (endi) Rabbimizga hech kimni sira sherik qilmasmiz.
Albatta, buyukligi oliy bo'lmish Rabbimiz biror juft va yo farzand tutgan emasdir.
Albatta, bizlarning ichimizdagi ablah (iblis) Alloh sha'niga ("Uning xotini va farzandi bor", - deb) tutruqsiz so'z aytar edi.
Yana ins ham, jin ham Alloh sha'niga sira yolg'on so'zlamas, deb o'ylar edik.
Insdan bo'lmish (ayrim) kishilar jindan bo'lmish kimsalardan panoh tilashar, ularga esa yanada haddan oshishni ziyoda qilur edilar.
Albatta, ular (insonlarning kofirlari) ham xuddi sizlar gumon qilganingizdek, Alloh biror kimsani qayta tiriltirmas, deb gumon qilganlar.
Bizlar (farishtalardan vahiyni eshitib olish uchun) osmonga daxldor bo'lgan edik, uning kuchli qo'riqchi (farishta)lar va (jinlarga otiluvchi uchar) yulduzlar bilan to'la ekanligini ko'rdik.
Biz (ilgari) undan (osmondan ba'zi) joylarga (farishtalar so'zlarini) eshitib olish uchun o'tirib olar edik. Endi hozir (Muhammad payqambar bo'lgach,) kimki (qaysi jin) tinglamoqchi bo'lsa, o'zini kuzatib turgan bir (uchar) yulduzni topar.
Biz yerdagi kishilarga (Alloh tomonidan) yomonlik iroda qilinganmi yoki Parvardigorlari ularga to'g'ri yo'lni iroda qilganmi, bilmasmiz.
Albatta, bizlarning oramizda yaxshilar ham bordir va (shuningdek) oramizda undan berilar (yomonlar) ham bordir. Bizlar (ilgari) turli-tuman yo'llarda edik.
Bizlar yana (Qur'onni eshitganimizdan so'ng) bildikki, yer (yuzi)da Allohni ojiz qoldira olmasmiz va Undan (jazosidan) qochib qutila olmasmiz.
Biz Hidoyatni (Qur'onni) eshitdigu unga imon keltirdik. Bas, kimki Parvardigoriga imon keltirsa, demak, u (yaxshiliklarning) kamayib qolishidan ham, (yomonliklarning) ortib ketishidan ham xavfi bo'lmas.
Oramizda musulmonlar ham bor, (shuningdek) oramizda (yo'ldan) ozganlar ham bordir. Bas, kimki musulmon bo'lsa, demak, aynan o'shalar to'g'ri yo'lni maqsad qilib olibdilar.
Ammo (yo'ldan) ozganlarga esa, bas, ular jahannamga o'tin bo'luvchi kimsalardir".
Albatta, agar ular (To'g'ri) yo'lda ustivor turganlarida, albatta, Biz ularni serob qilgan bo'lur edik.
Bu bilan ularni sinagan bo'lur edik. Kimki Parvardigorining zikridan (Qur'ondan) yuz o'girsa, (U) uni qattiq azobga yo'llar.
Albatta, (barcha) masjidlar Allohnikidir. Bas, (majidlarda) Alloh bilan qo'shib yana biror kimsaga duo (ibodat) qilmangizlar!
Yana Allohning bandasi (Muhammad) Unga ibodat qilib turganida, ular (jinlar Qur'on eshitish uchun) uning ustida g'uj-g'uj bo'lib yiqila boshladilar.
(Ey, Muhammad kofirlarga) ayting: "Men faqat Rabbimgagina ibodat qilurman va Unga hech kimni sherik qilmasman".
Ayting: "Men sizlarga zarar va (yoki) to'g'ri yo'l (berish)ga molik emasdirman".
Ayting: "Albatta meni Alloh(ning azobi)dan biror kimsa himoya qila olmas va men Undan o'zga panoh ham topa olmasman.
(Men) faqat Alloh tomonidan yetkazishga va Uning elchilik vazifalarigagina (egadirman). Kimki Alloh va Uning payqambariga itoatsizlik qilsa, bas, albatta, unga jahannam olovi bordirki, (ular) o'sha joyda mangu qolurlar.
O'zlariga va'da qilinayotgan azobni ko'rganlaridan keyingina kimning yordamchisi zaifroq va sanog'i ham ozroq ekanini bilajaklar".
(Ey, Muhammad, kofirlarga) ayting: "Sizlarga va'da qilinayotgan azob yaqinmi yoki Rabbim unga (uzoqroq) muhlat qilganmi, bilmasman."
(U) g'aybni biluvchidir. Bas, O'z g'aybidan biror kimsani xabardor qilmas.
Faqat O'zi rozi bo'lgan (tanlagan) payqambarnigina (O'zining ba'zi qaybidan ogoh etar). Bas, albatta, U (Alloh) (har bir payg'ambarning) oldidan ham, ortidan ham kuzatuvchi (farishta) yo'llar.
Toki (payg'ambarlar) Parvardigorlarining elchilik vazifalarini (ummatga) yetkazganliklarini bilish (sinash) uchun (shunday qilur). U (payg'ambarlar) huzuridagi (bor) narsani (ilmu amallarni) ihota qilib olgandir va (koinotdagi) har bir narsaning sanog'ini hisoblab qo'ygandir".
MUZZAMMIL SURASI
Muzzammil - o'ralib olgan, ya'ni, biror narsadan qo'rqqan kishi arablar odati bo'yicha kiyim yoki to'shaklariga o'ralib olishga harakat qilar ekan. Payg'ambarimiz (a.s.) ham mushriklarning bergan aziyatlaridan xafa bo'lib o'ralib yotganlarida, shu suraning oyatlari nozil bo'lgan deyiladi. Unda Rasul (a.s.)ga Alloh taolo tungi ibodat qoidalaridan ta'lim beradi. Tunni faqat uyqu bilan ham emas yoki faqat ibodat bilan ham emas, balki har ikkisiga ham ma'lum vaqt ajratish to'g'risida ko'rsatma beriladi. Surada vahiy "og'ir so'z" deb atalgan.
Darhaqiqat, Qur'oni karimni Jabroil (a.s.) oyat-oyat, sura-sura shaklida Payg'ambar (a.s.)ga olib kelganlarida uni qabul qilib olish jarayoni qanchalik og'ir kechsa, ulardagi ahkomlarni hayotga tadbiq etish undan-da og'ir kechar edi. Surada aytilgan tilovat qoidalari, ya'ni, Qur'onni tajvid va tartil bilan aniq tilovat qilish mas'uliyati barcha mo’minlar uchun ham taalluqlidir.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
Ey, (kiyimlariga) o'ralib olgan kishi (Muhammad),
tunda (bedor bo'lib, namozga) turing! Faqat ozgina (uxlashga vaqt qolsin).
Ya'ni, yarmi (qolsin) yoki yarmidan ham bir oz kamaytiring.
Yoxud unga (bir oz) ziyoda qiling (yarmidan ko'prog'ida uxlang) va Qur'onni tartil bilan (dona-dona qilib) tilovat qiling!
Zero, Biz Sizga og'ir So'zni (Qur'onni) tushirajakmiz.
Albatta, kechasi (ibodat uchun bedor bo'lib) turish faoliyat jihatidan og'irroqdir, (lekin) so'z (so'zlash, qiroat qilish) jihatidan to'g'ri keladiganroqdir.
Albatta, Siz uchun kunduzi davomli mashg'ulot bordir.
Do'stlaringiz bilan baham: |