Faqatgina bir qichqiriq, bas, darhol ularning barchalari Bizning dargohimizda hozir qilinuvchidirlar.
Mana bugun hech bir jonga zulm qilinmas va sizlar faqat o'zlaringiz qilib o'tgan amallaringizga qarab taqdirlanursizlar.
Albatta, jannat ahli bu Kunda (rohat va farog'at) ish(lari) bilan shoddirlar.
Ular o'z juftlari bilan birga soyalarda, so'rilarda suyanib o'tirurlar.
Ularga u joyda (turli) mevalar va ular uchun istagan narsalari mavjuddir.
(Ularga) rahmli Parvardigor (tomoni)dan salom (aytilur).
Ey, jinoyatchilar, bu Kunda, endi (mo'minlardan) ajralinglar!
Men sizlarga tavsiya qilib: "Ey, Odam bolalari, shaytonga ibodat (itoat) qilmangiz, chunki, u sizlarga ochiq dushmandir.
Mengagina ibodat qilinglar! Mana shu To'g'ri yo'ldir",- demaganmidim?!
(Shayton) sizlarning ichingizdan ko'p avlodni yo'ldan ozdirdi. Axir, aql yurituvchi bo'lmadingizlarmi?
Sizlarga va'da qilingan jahannam mana shudir!
(Dunyoda) kofir bo'lib o'tganlaringiz sababli bu Kunda unda toblaningiz!
Bu Kunda Biz ularning og'izlarini muhrlab qo'yurmiz. Bizga ularning qilib o'tgan ishlari haqida qo'llari so'zlab, oyoqlari guvohlik berur.
Agar Biz xohlasak, ularning ko'zlarini yo'q qilgan bo'lur edik. Ana u holda ular yo'lga shoshardilar- u, (lekin) qayoqdan (yo'lni) ko'ra olsinlar?!
Agar Biz xohlasak, ularni turgan joylarida (maymun, to'ng'iz yo tosh kabi) narsalarga aylantirib qo'ygan bo'lur edik. So'ng ular (oldinga) yurishga ham qodir emaslar va (orqalariga ham) qayta
olmaslar.
Biz kimga uzoq umr bersak, uning vujudini xam (egik, zaif) qilib qo'yurmiz. Axir, aql yurgizmaydilarmi?!
(Muhammadga) she'rni ta'lim bermadik va unga (shoirlik) mumkin ham emas. U (vahiy) faqat zikr (eslatma) va aniq Qur'ondir.
(U) tirik (aqlli) kishilarni ogohlantirish va kofirlarga So'z (azob) muqarrar bo'lishi uchun (nozil qilingan)dir.
Axir, ular uchun O'z "qo'limiz" ishi bilan chorva hayvonlarini yaratib qo'yganimizni ko'rmadilarmi?! Mana ular o'sha (hayvon)larga egadirlar.
Biz o'sha (hayvon)larni ularga bo'yin sundirib qo'yganmiz. Ana ularning minadigan narsalari ham o'sha (hayvon)lardan va o'shalardan yegaylar.
Yana ular uchun o'sha (hayvon)larda (turli) foydalar va ichimlik (sut-qaymoq)lar bordir. Axir, shukr qilmaydilarmi?!
Allohni qo'yib yordam olish umidida "iloh"larni tutdilar.
Ular hozirlangan qo'shin bo'la turib, ularga yordam berishga qodir bo'lmaslar.
Bas, (ey, Muhammad,) Sizni ularning so'zlari g'amgin qilmasin! Zotan, Biz ularning yashiradigan narsalarini ham, oshkor qiladigan narsalarini ham bilurmiz.
Inson, Biz uni nutfadan (bir tomchi shahvat suvidan) yaratganimizni, endi esa, u birdaniga (O'zimizga) oshkora xusumat qiluvchi bo'lib qolganini ko'rmadimi?!
U Bizga: "Chirib ketgan suyaklarni kim ham tiriltira olur?"- deb, masal keltirdi-yu, (ammo) o'zining (qanday) yaralganini unutib qo'ydi.
(Ey, Muhammad,) ayting: "U (chirigan suyak)larni dastlab paydo qilgan zotning O'zi qayta tiriltirur. U turli xil yaratish(lar)ni biluvchidir".
U sizlar uchun yashil daraxtdan olov paydo qilgan zotdir. Bas, sizlar o'shandan olov yoqursizlar.
Osmonlar va Yerni yaratgan zot yana ularning xuddi o'zidek yaratishga qodir emasmi?! Yo'q, (albatta, qodirdir). U yaratuvchi va biluvchidir!
Biror narsa (yaratish)ni iroda qilganda, Uning ishi faqatgina: "Bo'l!"- deyishdir. U (narsa) esa bo'lur (vujudga kelur).
Bas, barcha narsaning egaligi O'z "qo'li"da bo'lgan (Alloh)ga tasbeh (aytilur). Unga (huzuriga)gina qaytarilursizlar!
VAS-SOFFOT SURASI
"Soffot" - saf tortib turuvchilar. Surada imon-e'tiqod, kufr va shirk, ins va jin, jannat va do'zax, payg'ambarlar, xususan, Ibrohim, Ismoil (a. s.) qissalari va boshqa muhim ma'lumotlar bayon qilinadi. Saf tortuvchilardan murod bu yerda farishtalar va mo'minlardir.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
(Alloh yo'lida) saf tortib turuvchi,
(gunoh ishlardan) mudom to'suvchi,
(Allohning kalomini) doimo zikr qiluvchi (farishtalar va insonlardan iborat barcha) zotlarga qasamki,
haqiqatan, ilohingiz yagonadir!
(U) osmonlar, Yer va ularning o'rtasidagi narsalarning Parvardigoridir. (U yana) kunchiqar (va kunbotar) tomonlarning Parvardigoridir.
Darhaqiqat, Biz dunyo osmonini yulduzlar bilan ziynatladik.
(Uni) har qanday itoatsiz shaytondan (jindan) saqladik.
U (jin)lar eng oliy mavjudotlar (farishtalar so'zlari)ni eshita olmaslar, ularga har tomondan (yulduzlar) otilur
haydash uchun. Ularga (oxiratda) doimiy azob bordir.
Illo, biror marta (biror so'zni) ilib olgani bo'lsa, unga ham uchar yulduz quvib yetar (va halok etar).
Bas, (ey, Muhammad, Makka kofirlaridan) so'rang-chi, ular(ni) yaratish qiyinroqmi yoki Biz yaratgan narsalarnimi?! Zotan, Biz ularni (Odamni) yopishqoq loydan yaratgandirmiz.
Balki Siz (ulardan) taajjubdadirsiz, (ammo) ular esa masxara qilurlar.
Ularga (Qur'on bilan) nasihat qilinsa, nasihatni olmaslar.
Biror mo''jizani ko'rsalar, (imon keltirish o'rniga) yanada ziyodaroq masxara qilurlar
va derlar: "Bu faqat aniq sehrdir.
Bizlar o'lib, tuproq va suyaklarga aylanib ketganimizda (rostdan ham), yana qayta tiriluvchi ekanmizmi?!
Avvalgi (o'tib ketgan) ota-bobolarimiz ham-a?!
(Ey, Muhammad, ularga) ayting: "O'a! Sizlar (o'sha kuni) xor bo'luvchidirsizlar!"
U (ya'ni, qayta tirilish) faqatgina (Isrofilning suri bilan chalinuvchi) bir qichqiriqdir, xolos, bas, ular (qayta tirilib, hukmga) qarab tururlar.
"Holimizga voy! Bu jazo kuni-ku!" - deb qolurlar.
Mana shu sizlar yolg'on deb o'tgan Ajrim kunidir.
(Ey, farishtalar,) zolim (kofir) bo'lgan kimsalar va ularning yoronlarini hamda ibodat qilib o'tgan narsalarini to'plangiz,
Allohdan o'zga. Bas, ularni do'zax yo'liga boshlangiz.
(Ammo farmonim bo'lguncha) ularni to'xtatib (do'zaxga tashlamay) turinglar! Chunki, ular (qilmishlari to'g'risida) so'raluvchidirlar.
(Ularga deydilar): "Nega bir-birlaringizga yordam bermayapsizlar?!"
Yo'q, ular bu Kunda taslim bo'luvchidirlar!
Ularning ba'zisi ba'zisiga qarab savoljavob qilurlar:
(Aldanganlar o'z peshvolariga): "Haqiqatan, sizlar bizlarga o'ng tomondan (ya'ni, ishonchli tomondan) kelar edinglar", - deydilar.
(Peshvolar) ayturlar: "Yo'q, sizlar o'zlaringiz mo'min bo'lmagan edinglar.
(Axir) bizlar uchun sizlarning ustingizdan hukmronlik yo'q edi-ku! Yo'q, sizlar o'zlaringiz haddan oshuvchi qavm edingizlar.
Bas, endi bizlarga Parvardigorimizning So'zi (azobi) muqarrar bo'ldi. Bizlar (uni) totuvchidirmiz.
Chunki, bizlar yo'ldan ozuvchi bo'lganimiz sababli sizlarni ham yo'ldan ozdirdik".
Bas, albatta, ular (ozganlar va ularning peshvolari) o'sha Kunda azobda sherik bo'luvchidirlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |