Parvardigorlarining oyatlariga imon keltiradiganlar,
Parvardigorlariga shirk keltirmaydiganlar,
shuningdek, sadaqalarini (qiyomatda) Parvardigorga qaytuvchi ekanlaridan dillari qo'rqib turgan holda beradigan kishilar,
aynan o'shalar yaxshiliklarni qilishga shoshurlar va unda o'zuvchidirlar.
Biz hech bir jon (egasi)ni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaymiz. Bizning dargohimizda faqat haqni so'zlaydigan bitik bordir. Ularga zulm qilinmas.
Izoh: Bitik - Lavhul-Mahfuz yoki har bir kishining nomai a'moli.
Yo'q, (kofirlarning) dillari bundan g'aflatdadir. Ular uchun bundan boshqa o'zlari qiluvchi bo'lgan (befoyda) ishlar bordir.
Toki Biz ularning to'q (mag'rur) yashaydiganlarini (biror) azobga giriftor qilganimizda, bexos ular faryod qilurlar.
"Bugun endi faryod qilmangiz! Albatta, sizlarga Biz (tomon)dan yordam berilmas.
(Chunki) sizlarga oyatlarim tilovat qilinganida, sizlar ortingizga qarab yurgan edingiz.
("Baytulloh haramidamiz", deb) u bilan mutakabbirlik qilib, tungi suhbatlaringizda (Qur'on xususida) behuda so'zlarni aytar edingizlar".
Axir, ular bu So'zni (Qur'onni) tafakkur qilib ko'rmadilarmi yoki ularga avval o'tgan ota-bobolariga kelmagan narsa keldimi?!
Yoki o'z payg'ambarlarini tanimay uni inkor qiluvchi bo'ldilarmi?!
Yoxud: "Unda (Muhammadda) jinnilik bor", - deydilarmi?! Yo'q! (U) ularga haqiqatni keltirdi. Ularning aksariyati esa, haqiqatni yomon ko'ruvchilardir.
Agar Haq (Alloh) ularning havoyi nafslariga ergashsa edi, albatta, osmonlar, Yer va ulardagi bor jonzot buzilib (halok) bo'lgan bo'lur edi. Yo'q, Biz ular uchun eslatma keltirdik, ular esa, o'zlariga (kelgan) eslatmadan yuz o'giruvchidirlar.
(Ey, Muhammad,) yoki Siz ulardan xarj (haq) so'ramoqdamisiz! Rabbingizning xarji (ajri)
yaxshiroqdir. U eng yaxshi rizq beruvchidir!
Albatta, Siz ularni faqat to'g'ri yo'lga da'vat qilursiz.
Oxiratga imon keltirmaydiganlar yo'ldan ozuvchidirlar.
Agar Biz ularga rahm qilsak va ulardagi narsani (qahatchilikni) aritsak, shaksiz, ular yana o'z tug'yonlarida gangib yurishgan bo'lur edilar.
Mana, Biz ularni azobga tutdik. Ular esa na Parvardigorga bo'yin egdilar va na (tavba) tazarru qildilar.
To qachonki, Biz ularga qattiq azob (qahatchilik) eshigini ochib qo'yganimizda esa, bexos ular noumid bo'luvchidirlar.
U (Alloh) sizlar uchun quloq(lar)ni, ko'zlarni va dillarni paydo qilgan zotdir. (Sizlar bunga) juda kam shukr qilursizlar.
U sizlarni yer yuzida (yaratib, so'ngra) taratgan zotdir. Sizlar (qiyomat kuni) Uning huzuriga to'planursizlar.
U tiriltiradigan va o'ldiradigan zotdir. Kecha va kunduzning o'zgarib turishi ham Unga (bog'liq)dir. Axir, aql yurgizmaysizlarmi?!
Yo'q, ular ham xuddi avvalgilar aytgan so'zlarni aytdilar.
Dedilar: "Bizlar o'lib, tuproq va suyaklarga aylanganimizda, yana qayta tiriluvchimizmi?!
Darvoqe, bizlarga ham, ota-bobolarimizga ham oldin mana shu va'da qilingan edi. Bu faqat avvalgilarning afsonalaridir!"
(Ey, Muhammad, ularga) ayting: "Agar biluvchi bo'lsangizlar (aytinglar-chi), Yer va undagi bor jonzot kimniki?"
Ular: Albatta, "Allohnikidir", - derlar. Ayting: "Bas, (shundan) eslatma olmaysizlarmi?!"
Ayting: "Yetti osmonning Rabbi hamda ulug' Arshning Rabbi kimdir?"
Ular: "(Bular ham) Allohnikidir",- derlar. Ayting: "Axir qo'rqmaysizlarmi?!"
Ayting: "Agar bilsangizlar (aytinglarchi), barcha narsaning hukmronligi "qo'li"da bo'lgan, o'zi (barchaga) homiylik qiladigan, Unga qarshi homiylik qilinmaydigan zot kimdir?"
Ular: "(Bular ham) Allohnikidir", - derlar. Ayting: "Bas, (unda) nechuk sehrlanmoqdasizlar?!"
Yo'q! Biz ularga (qayta tirilishlari haqidagi) haqiqatni keltirdik. Ular esa hanuz yolg'onchidirlar.
Alloh farzand tutgan emas va U bilan birga biror iloh bo'lgan emasdir. Aks holda, albatta, har bir iloh o'zi yaratgan narsa bilan ketib, bir-biridan ustun bo'lib olur edilar (natijada Yeru osmon buzilib ketgan bo'lur edi). Alloh ular aytayotgan sifatlardan pokdir.
U maxfiy (sir) va oshkora (gap va ishlar)ni biluvchidir. Bas, keltirayotgan shirklaridan U oliy
(pok)dir.
Ayting: "Ey, Rabbim, menga (kofirlarga) va'da qilinayotgan narsa (azob)ni, ko'rsatsangchi?!
Ey, Rabbim! (o'shanda) meni u zolimlar qavmi ichida qilmagin!"
Albatta, Biz ularga va'da qilayotgan narsa (azob)ni Sizga ko'rsatishga qodirdirmiz.
Siz (ular qilayotgan) yomonlikni go'zal (so'zlar) bilan daf eting! Biz ular sifatlayotgan narsani yaxshi biluvchidirmiz.
Ayting: "Ey, Rabbim! Men Sendan shaytonlarning vasvasalaridan panoh berishingni so'rayman.
Yana men Sendan ey, Rabbim, ular mening huzurimga kelishlaridan panoh so'rayman".
Toki ulardan (mushriklardan) birortasiga o'lim kelganida: "Ey, Rabbim! Meni (yana hayotga) qaytaringlar.
Izoh: Bu yerdagi iltijoda Allohga ko'plik lafzini ishlatishlik Uni birdan ko'p deyish uchun emas, balki mubolag'a uchun ko'p marta "Alloh" lafzini aytish o'rnida ishlatishdir.
Shoyad, men tark etgan joyim (dunyo)da yaxshi amal qilsam", - der. Yo'q! (U aslo qaytarilmas). Bu haqiqatan u aytuvchisi bo'lgan so'zdir. Ularning ortida, to qayta tiriladigan kunlarigacha, (ikki dunyo o'rtasini to'sib turadigan) bir to'siq bordir.
Izoh: Bu dunyo bilan oxirat o'rtasini ajratib turadigan makon va zamon arab tilida "barzax" deyiladi.
Bas, qachonki, sur chalinganida (qiyomat boshlanganida,) ana o'sha kuni ularning o'rtalarida (hech qanday) nasablar qolmas va ular o'zaro savol-javob ham qila olmaslar.
Bas, kimning (yaxshilik) mezonlari og'ir kelsa, bas, ana o'shalar iqbollidirlar.
Kimning mezonlari yengil bo'lsa, bas, ana o'shalar o'zlariga ziyon qilibdilar. Ular jahannamda mangu qoluvchidirlar.
Yuzlarini o't kuydirgach, ular u yerda badbashara bo'lib qoluvchidirlar.
(Ularga): "Sizlarga mening oyatlarim tilovat qilinar, sizlar esa ularni yolg'onga yo'ygan emasmidingizlar?!" (deyilganida),
ular deydilar: "Ey, Rabbimiz! Badbaxtligimiz bizlarga g'olib kelib, adashgan qavm bo'lib qolgan ekanmiz.
Parvardigoro, bizlarni (jahannamdan dunyoga) chiqargin. Bas, agar yana (kufr va tug'yonga) qaytsak, u holda biz shaksiz (o'zimizga) zulm qiluvchidirmiz".
(Alloh) aytadi: "(Jahannamda) xor bo'lingiz va Menga so'z qotmangiz!
Darvoqe, Mening bandalarim ichida bir guruh bor edi. Ular: "Ey, Rabbimiz! (o'zingga) imon keltirdik. Bas, bizlarni mag'firat qilgin va bizlarga rahm ayla. Sen o'zing rahm qiluvchilarning yaxshisidirsan", - der edilar.
Bas, sizlar ularni masxara qildingiz, hatto ular (bu kulish) sizlarga Meni eslashni unuttirdi. Sizlar ulardan kulgan edingiz.
Men bugun ularni sabr qilganlari sababli mukofotladim - ular haqiqatan yutuqqa erishuvchidirlar".
"Yerda yillar hisobi bo'yicha qancha turdingizlar?" - deydi (Alloh).
Do'stlaringiz bilan baham: |