Mo'minlar najot topdilar.
Ular namozlarida kamtardirlar.
Ular behuda (so'z va ishlar)dan yuz o'giruvchidirlar.
Ular zakotni ado etuvchidirlar.
Ular avratlarini (haromdan) saqlovchi kishilardir.
Illo, o'z jufti halollari va qo'l ostidagilar (cho'rilar) bundan mustasnodir. Bas, albatta, ular malomat qilinuvchi emaslar.
Bas, kimki shundan o'zgani (harom qilingan narsalarni) istasa, bas, ana o'shalar haddan oshuvchilardir.
Ular (mo'minlar) (odamlarning bergan) omonatlariga va (o'zaro) ahdlariga rioya etuvchi zotlardir.
Ular namozlarini asraguvchi (vaqtida ado etuvchi)lardir.
Aynan o'shalar, merosxo'rlardir,
Firdavs (jannati)ga voris bo'lishib, u yerda ular mangu qoluvchidirlar.
Qasamki, Biz insonni (Odamni) loyning sarasidan yaratdik.
So'ngra uni (inson naslini, avvalo) mustahkam qarorgoh (bachadon)dagi maniy qildik.
So'ngra (bu) maniyni laxta qon qilib yaratdik, bas, laxta qonni parcha go'sht qilib yaratdik, bas, parcha go'shtni suyaklar qilib yaratib, (bu) suyaklarga go'sht qopladik, so'ngra (unga jon kirgizib, oldingi holidan butunlay) boshqacha bir vujudni paydo qildik. Yaratuvchilarning eng go'zali - Alloh barakotlidir!
Izoh: Oyatdagi homilaning rivojlanish bosqichlarini hozirgi ilmiy kashfiyotlar ham tasdiq etmoqda. Bu to'g'rida G'arbning yirik olimlari talay ilmiy izlanishlar natijasida, Qur'oni karimning ilohiy mo''jiza ekanligini yana bir bor tasdiq etdilar.
So'ngra, albatta, sizlar (ey, insonlar,) mana shundan keyin, albatta, vafot etuvchidirsizlar.
So'ngra sizlar, albatta, qiyomat kuni qayta tirilursizlar.
Darvoqe, Biz ustingizda yetti yo'lni (yetti qavat osmonni) yaratdik. Biz yaratuvchilikdan g'ofil bo'lmadik.
Izoh: Yetti yo'l-osmonlararo o'tgan farishtalar yo'li.
Biz osmondan (aniq) o'lchov bilan suv (yomg'ir, qor) yog'dirib, uni yerga joylab qo'ydik va Biz uni ketkazishga ham, albatta, qodirdirmiz.
So'ngra Biz sizlar uchun u (suv) bilan xurmo va uzum bog'larini paydo qildik. Sizlar uchun u (bog')larda ko'p mevalar bo'lur va sizlar ulardan yeysizlar.
Yana (Biz sizlar uchun) Turi Sayno (tog'i)dan chiqadigan yog' va yeguvchilar uchun nonxurush holda o'sadigan bir daraxtni (zaytunni yaratdik).
Albatta, sizlar uchun chorva mollarida ham ibrat bordir: sizlarga ularning qornidagi narsa (suti)dan ichirurmiz, yana sizlar uchun ularda ko'p foydalar bordir, shuningdek, ular(ning go'sht-yog'lari)dan yeysizlar.
Yana, (quruqlikda) ularga va (dengizlarda) kemalarga minib yurasizlar.
Darvoqe, Biz Nuhni o'z qavmiga payg'ambar qildik. Bas, u: "Ey, qavmim! Allohga ibodat qilinglar! Sizlar uchun Undan o'zga iloh yo'qdir. Axir, qo'rqmaysizlarmi?" - dedi.
Shunda uning qavmidan kofir bo'lgan zodagonlar: "Bu ham xuddi sizlarga o'xshagan odam. (Faqat) sizlardan ustun bo'lib olmoqchi. Agar Alloh (payg'ambar yuborishni) xohlasa edi, farishtalarni tushirgan bo'lur edi. Bizlar bu (Nuh so'zlari)ni avvalgi ota-bobolarimizdan eshitgan emasmiz.
U (ya'ni, Nuh) faqat bir jinni odamdir. Bas, uni bir (oz) vaqtgacha kuzatib turinglar", - dedilar.
(Nuh) aytdi: "Ey, Rabbim! Ularning menga nisbatan inkoriga qarshi O'zing menga yordam qilgin".
Bas, Biz unga vahiy qildik: "Bizning himoyamizda va vahiymiz bilan bir kema yasagin. Bas, qachonki, Bizning amrimiz kelib, tannurdan (olov o'rniga) favvoralar otilgan vaqtida, u kemaga har (jonivor)dan bir juftdan va oilangni solgin. Lekin kofirlardan kim haqida Bizni so'zimiz (g'arq bo'lishi haqidagi hukmimiz) kechgan bo'lsa (ularni tark qilgin) hamda ular haqida (najot so'rab) Menga xitob (iltijo) qilmagin. Ular, albatta, g'arq qilinuvchidirlar!
Endi, qachonki o'zing va sen bilan birga bo'lgan kishilar kemaga joylashib olgach, aytgin: "Bizlarni zolimlar qavmidan qutqargan Allohga hamd (aytamiz)".
Yana ayt: "Ey, Rabbim! Meni bir muborak manzilga tushirgin. Sen (manzilga) tushiruvchilarning yaxshisidirsan".
Albatta, bunda (Nuh va uning qavmi voqeasida) alomatlar bordir. Biz imtihon qiluvchidirmiz.
So'ngra Biz ulardan keyin boshqa avlodni (Od qabilasini) paydo qildik.
Bas, ularga o'zlaridan bir payg'ambarni (Hudni) yubordik. (U aytdi): "Allohga ibodat qilinglar! Sizlar uchun Undan o'zga iloh yo'qdir. Axir, qo'rqmaysizlarmi?!"
Uning qavmidan kofir bo'lgan, oxirat muloqotini inkor etgan va Biz dunyo hayotida badavlat qilib
qo'ygan kimsalar dedilar: "Bu ham xuddi sizlarga o'xshagan odam. U ham sizlar yeydigan narsadan yeydi, sizlar ichadigan narsadan ichadi.
Qasamki, agar sizlar o'zingizga o'xshagan odamga itoat qilsangizlar, u holda sizlar, albatta, ziyon ko'ruvchidirsizlar.
U sizlarga o'lib tuproq va suyaklarga aylanganingizdan keyin, albatta, (qabrlaringizdan) chiqariluvchidirsizlar, deb va'da bermoqdami?
Sizlarga va'da qilinayotgan narsa (aqldan) juda-juda uzoqdir!
Hayot faqat (shu) dunyodagi hayotimizdir. (Ayrimlarimiz) o'lsak, (boshqalarimiz) yashayveramiz. Biz qayta tiriluvchi emasmiz.
U (Hud) faqat Alloh sha'niga yolg'on to'qigan shaxsdir. Bizlar unga imon keltiruvchi emasmiz".
(Shunda Hud) aytdi: "Ey, Rabbim! Meni yolg'onchi qilganlari bois menga yordam qilgin".
(Alloh) dedi: "Ozginadan keyin ular, albatta, pushaymon qiluvchilarga aylanib qolurlar".
Bas, haqiqatan ham ularni (mudhish bir) qichqiriq tutdi. Biz esa ularni xazonga aylantirdik. Zolimlar qavmiga halokat bo'lgay!
So'ngra ulardan keyin boshqa avlodlarni paydo qildik.
Hech bir ummat o'z ajalidan o'zib ham keta olmas, (uni) ortga ham sura olmas!
So'ngra paydar-pay payg'ambarlar yubordik. Har gal biror ummatga (o'z) payg'ambari kelsa, uni inkor etdilar. Bas, Biz ularni birin-ketin (halok) qildik va ularni (odamlar og'zida yuradigan) gapga aylantirib qo'ydik. Bas, imon keltirmaydigan qavmga halokat bo'lgay!
So'ngra Biz Muso va uning birodari Horunni mo''jizalarimiz va aniq hujjat bilan yubordik.
Fir'avn va uning zodagonlariga (payg'ambar qilib yubordik). Ular esa kibr-havo qildilar. Ular mutakabbirlar qavmi edilar.
Bas, aytdilar: "Xuddi o'zimizga o'xshagan ikki kishiga imon keltiramizmi?! Holbuki, ularning qavmi (Isroil avlodi) bizlarga quldirlar".
Bas, ikkisini yolg'onchiga chiqarishib, halok qilinuvchilardan bo'ldilar.
Darhaqiqat, Musoga hidoyat topishlari uchun Kitob (Tavrot)ni ato etdik.
(Keyin) Maryamning o'g'li (Iso)ni va uning onasini alomat qildik va ikkisini bir oqin suvli baland qarorgohga joyladik.
(Payg'ambarlarimizga shunday dedik): "Ey, payg'ambarlar! Pok (taom)lardan yenglar va ezgu (ish) qilinglar! Albatta, Men qilayotgan ishlaringizni biluvchidirman.
Albatta, u (ya'ni, diningiz) bir millat (ya'ni, Islomdir). Men esa sizlarning Rabbingizdirman, bas, Mendan qo'rqingiz!"
So'ng (odamlar) ishlarini (dinlarini) turlarga bo'lib yubordilar. Har bir guruh o'z oldilaridagi narsa (din) bilan mamnundirlar.
Bas, (ey, Muhammad,) Siz ularni (ma'lum) vaqtgacha o'z g'aflatlarida qoldiring!
Biz ularga berayotgan boylik va farzandlarni
o'zlari uchun yaxshiliklarni tezlatishimiz (belgisi) deb hisoblaydilarmi?! Yo'q, ular (buning hikmatini) sezmaydilar!
Albatta, Parvardigorlaridan qo'rqib, xavfda turuvchilar,
Do'stlaringiz bilan baham: |