Ismoil, Idris va Zul-kiflni (eslang). Barchalari sabr qiluvchilardandir.
Biz ularni o'z rahmatimizga doxil qildik. Darhaqiqat, ular solih zotlardandir.
Zunnun (Yunus)ning (o'z qavmidan) g'azablangan holda (qishlog'idan chiqib) ketib, Bizni unga qarshi chiqa olmaydi, deb o'ylagan paytini, so'ng (Biz uni baliq qorniga tashlaganimizdan keyin) qorong'u zulmatlar ichra: "Sendan o'zga iloh yo'qdir. Sen (barcha) nuqsonlardan pokdirsan. Darhaqiqat, men (o'zimga) zulm qiluvchilardan bo'ldim", - deb nido qilgan (paytini eslang)!
Bas, Biz uning (duosini) mustajob qildik va uni g'amdan qutqardik. Biz mo'minlarga mana shunday najot berurmiz.
Zakariyoning: "Ey, Rabbim, meni yolg'iz tashlab qo'yma (merosxo'r farzand ato et), o'zing vorislarning yaxshirog'idirsan", - deb nido qilgan paytini (eslang).
Bas, Biz uni (duosini) mustajob qildik va unga Yahyoni ato etdik hamda jufti (haloli)ni o'nglab (tug'adigan qilib) qo'ydik. Darhaqiqat, ular (mazkur payg'ambarlar) yaxshi ishlarni qilishga shoshar va Bizga rag'bat va qo'rquv bilan duo qilar edilar hamda Bizga itoat etuvchi edilar.
Yana o'z nomusini saqlagan ayolni (Maryamni eslang). Bas, ruhimizdan unga pufladik (u Isoga homilador bo'ldi) va uni hamda o'g'lini olamlar uchun alomat qildik.
(Ey, insonlar,) sizlarni ushbu diningiz (aslida) bir din (ya'ni, Islom)dir. Men esa (barchalaringizning) Rabbingizdirman. Bas, Menga ibodat qilingizlar!
(Odamlar) esa ishlarini (dinlarini) o'zaro bo'lib oldilar. Barcha(lari) Biz sari qaytuvchidirlar.
Bas, kim mo'minlik holida solih (amal)lardan qilsa, uning sa'y-harakati zoye ketmas. Biz, albatta, uni yozib qo'yuvchidirmiz.
Biz halok qilgan qishloq (ahli) qayta (hayotga) kelmasligi mumkin emasdir.
To Ya'juj va Ma'juj (to'g'oni) ochilib, ular har bir tepalikdan oqib keladigan,
haqqoniy va'da (qiyomat) yaqin bo'ladigan vaqtda bexos kofir bo'lganlarning ko'zlari qotib: "Ey, holimizga voy, bizlar bundan g'aflatda ekanmiz. (Yo'q), balki bizlar zolim ekanmiz" (deydilar).
(Ey, mushriklar,) sizlar va Allohni qo'yib sig'inayotgan (but)laringiz ham jahannam o'tinlaridir. Sizlar Unga tushuvchidirsizlar!
Agar o'sha (ma'buda)lar (chindan ham) shohlar bo'lganida, (jahannamga) tushmagan bo'lur edilar.
Barchalari u yerda mangu qoluvchidirlar.
Ular uchun u joyda (faqat) dod-faryod qilishgina bordir. Ular u yerda (hech narsani) eshitmaslar.
Albatta, Biz (tomon)dan sobiqan go'zal (martaba) berilgan zotlar - aynan o'shalar (jahannamdan) uzoq qilinganlardir.
Ular uning (olovning) sharpasini ham eshitmaslar. Ular o'zlari istagan ne'matlarda mangudirlar.
Ularni Buyuk dahshat (qiyomat) g'amgin qilmas. Ularni farishtalar: "Mana shu sizlarga va'da qilingan kundir", - deb kutib olurlar.
U kunda Biz osmonni xuddi maktub yozilgan sahifani o'ragan kabi o'rab, birinchi marta qanday yaratgan bo'lsak, (o'sha holga) qaytarurmiz. (Bu) Bizning zimmamizdagi va'dadir. Albatta, Biz (shunday) qiluvchidirmiz.
Biz Zikrdan so'ng Zaburda: "Albatta, (jannatdek) yerga faqat Mening solih bandalarim voris bo'lurlar", - deb yozib qo'ygandirmiz.
Izoh: Bu yerdagi "Zikr" so'zidan murod Tavrot kitobi yoki Lavhi mahfuzdir.
Albatta, bunda ibodat qiluvchilar qavmi uchun yetarli narsa bordir.
(Ey, Muhammad,) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz.
Izoh: Oyatdagi rahmat juda keng ma'noni anglatadi. Ularni bilish uchun Muhammad (a. s.)ning kelishlari, shariatlarining bag'rikengligi, hatto kufr va shirk ahliga ham zulmni ravo ko'rmasligi, mehr oqibat, ezgulik kabi fazilatlar manbai bo'lganliklarini keltirish mumkin.
Ayting: "Menga ilohingiz yagona Iloh ekani vahiy qilinur. Bas, (endi) musulmonmisizlar?"
Bas, agar yuz o'girsalar, ayting: "Men sizlarga (vahiyni) barobar eshittirdim. Sizlarga va'da qilingan (qiyomat azobi) yaqin yo yiroqligini esa bilmasman.
Albatta, U so'zning oshkorasini ham bilur, sizlar yashiradigan (so'zlar)ni ham bilur.
Bilmayman, ehtimol bu (jazoning kechiktirilishi) sizlar uchun bir sinov va bir oz vaqtgacha (o'lguningizgacha) foydalanishdir".
(Muhammad) aytdi: "Ey, Rabbim! o'zing haqqoniy hukm qilgin! Rabbimiz mehribondir va sizlarning (noo'rin) sifatlashlaringizga qarshi Undan madad so'raluvchidir".
HAJ SURASI
Surada Haj ibodati, Ka'ba tarixi haqida oyatlar borligi uchun unga haj surasi deb nom berilgan. Surada oxirat, qiyomat voqealari, mahshargohdagi holatlar, imon, e'tiqod, ilohiy o'gitlar keng yoritilgan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
Ey, insonlar! Rabbingizdan qo'rqingiz! Zero, qiyomat zilzilasi ulkan (dahshatli) narsadir.
Uni ko'radigan kuningizda har bir emizuvchi (ona) emizib turgan (bolasi)ni unutar va har bir homilador o'z homilasini tashlar hamda odamlarni "mast" holda ko'rasiz, holbuki, ular mast emaslar, lekin Allohning azobi qattiqdir.
Odamlar orasida o'zi bilmagan holda Alloh xususida munozara qiladigan va har qanday itoatsiz shaytonga ergashib ketadigan kimsalar ham bordir.
Uni do'st tutgan kimsani, albatta, yo'ldan ozdirish va do'zax azobiga yo'llash uning zimmasiga yozib qo'yilgandir.
Ey, insonlar! Agar sizlar qayta tirilishdan shubhada bo'lsangizlar, (qaranglar), Biz sizlarga (Allohning qudratini) bayon qilish uchun sizlarni (otangiz Odamni) tuproqdan, so'ngra (Odam naslini) maniydan, so'ngra laxta qondan, so'ngra (shakllanib) bitgan va bitmagan parcha go'shtdan yaratdik. Biz (sizlarni) xohlaganimizcha - muayyan muddatgacha bachadonlarda qoldirib, so'ngra chaqaloq holingizda (dunyoga) chiqarurmiz, so'ngra voyaga yetgunlaringizgacha (tarbiya qilurmiz). Sizlardan (go'daklik va yoshlikda) vafot etadiganlar ham bo'lur, yana sizlardan bilimlarni bilganidan so'ng hech narsani bilmay qolishi uchun eng tuban umrga (o'ta keksalikka) qaytariladiganlar ham bo'lur. Yerni qo'riq holda ko'rursiz. Bas, qachonki, Biz uning ustidan (yomg'ir) yog'dirsak, u harakatga kelib ko'pchir va turli go'zal (nabotot) juftlarini undirur.
Bu Alloh Haq ekani va Uning o'zi o'liklarni tiriltirishi hamda U hamma narsaga qodir ekanidandir.
Yana aniqki, qiyomat shaksiz keluvchidir va albatta, Alloh qabrdagilarni tiriltirur.
Odamlar orasida Alloh haqida munozara qiladiyu, lekin o'zi ilmsiz, hidoyat topmagan, biror nurli Kitobi yo'q,
(to'g'ri yo'ldan) bo'yin tovlab, (o'zgalarni ham) Alloh yo'lidan ozdirish maqsadida yuradiganlar ham bordir. Uning uchun bu dunyoda rasvolik bo'lur, qiyomat kunida esa unga yong'in azobini totdirurmiz.
(Unga dermiz): "Bu (azob) o'z qo'llaring (bilan) qilgan gunohing sabablidir. Zero, Alloh sira bandalariga zulm qiluvchi emasdir".
Odamlar orasida Allohga bir ёqlama (til uchida) ibodat qiladigan kimsalar ham bordir: bordiyu unga yaxshilik yetsa, o'sha sababli xotirjam bo'lur, agar biror baxtsizlik yetsa, (dindan) yuz o'girib ketur. (U) dunyoyu oxiratda ziyon ko'rur. Bu esa aniq ziyondir!
U, Allohni qo'yib, o'ziga zarar ham, foyda ham bera olmaydigan narsalarga iltijo qilur. Bu qattiq adashishning o'zidir!
U, zarari foydasidan yaqinroq bo'lgan "kimsa"larga iltijo qilur. Ular naqadar yomon "xoja" va naqadar yomon "oshno"dir!
Albatta, Alloh imon keltirgan va ezgu ishlarni qilgan zotlarni ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga doxil qilur. Albatta, Alloh xohlagan (ish)ini qilur.
Kimda-kim: "Alloh unga (Payg'ambariga) dunyo va oxiratda sira yordam qilmas", - deb gumon qilsa, bir arqon bilan shiftga osilib, (o'zini) bo'g'sin, so'ng qarasin, (bu) makri g'azabini ketkazarmikan.
Izoh: Ya'ni Allohning O'z payg'ambariga ko'rsatayotgan yordamini ko'rib, ich-ichidan kuyish o'rniga, yaxshisi hasadgo'y kishilar o'zlarini dorga osib qo'yaqolsinlar.
Biz uni (Qur'onni) mana shunday bayon etuvchi oyatlar shaklida nozil qildik. Alloh o'zi istagan kishilarni hidoyat qilur.
Do'stlaringiz bilan baham: |