Ular: "Agar rostgo'y bo'lsangiz (aytinglar-chi), mana shu va'da qachon bo'ladi?" - derlar.
Agar kofir bo'lganlar na oldilaridan va na ortlaridan olovni to'sa olmay qolishadigan, ularga yordam berilmaydigan vaqtni (qiyomat kuni shiddatini) bilsalar edi, (bu so'zlarni aytmagan bo'lur edilar).
Yo'q, (qiyomat) to'satdan kelib, ularni hayronu lol qilib qo'yar, bas, uni qaytarishga kuchlari yetmas, ularga (tavba uchun) muhlat ham berilmas.
(Ey, Muhammad,) aniqki, Sizdan avvalgi payg'ambarlar ham masxara qilingan. Bas, ularning ustidan kulgan kimsalarni o'zlari masxara qilgan narsalari (Allohning azobi) qamrab olgandir.
Ayting: "Kechasiyu kunduzi sizlarni Rahmon (azobi)dan kim saqlay olur?!" Yo'q, ular Parvardigorlari zikridan yuz o'giruvchilardir.
Yoki ularda Bizdan o'zga himoya qiladigan "ilohlar" bormi?! Ular o'zlariga yordam qilishga ham qodir emaslar va ular Biz (tomon)dan ham himoya qilinmaslar.
Yo'q, Biz ularni (kofirlarni) va ota-bobolarini (dunyo matolaridan shunday) foydalantirdikki, hatto ularga umr uzun ko'rindi. Axir, ular Biz yerni atrofidan kamaytirib kelayotganimizni (kufr dunyosi qisqarib borayotganini) ko'rmaydilarmi?! Bas, ular g'olibmilar?!
Ayting: "Men sizlarni faqat vahiy bilan ogohlantirurman. (Lekin) "karlar" ogohlantirilayotgan vaqtlarida da'vatni eshitmaydilar".
Qasamki, agar ularga Rabbingizning azobidan andak yetsa, albatta, ular: "Holimizga voy! Darhaqiqat, bizlar (o'zimizga) zolim ekanmiz", - deb qolurlar.
Biz qiyomat kuni uchun adolatli tarozilar qo'yurmiz, bas, biror jonga zarracha zulm qilinmas. Agar xantal (o'simligi) urug'idek (yaxshi yoki yomon amali) bo'lsa ham, o'shani keltirurmiz! Biz o'zimiz yetarli hisob-kitob qiluvchidirmiz.
Darhaqiqat, Biz Muso va Horunga Furqon (Tavrot), ziyo va taqvodor kishilar uchun eslatma ato etdik.
Ular Parvardigorlaridan g'oyibona qo'rqurlar va qiyomatdan ham ular xavfda turuvchilardir.
Bu (Qur'on) Biz nozil qilgan muborak eslatmadir. Hali sizlar uni inkor qiluvchimisizlar?!
Darhaqiqat, Biz (Musodan) ilgari Ibrohimga to'g'ri yo'lni ato etdik. Biz uni biluvchimiz.
O'shanda (Ibrohim) otasi va qavmiga: "Sizlar doimo sig'inadigan bu haykallar nimadir?!" - dedi.
(Ular) aytdilar: "Bizlar ota-bobolarimizni ularga sig'ingan holda topganmiz".
(U) dedi: "Darhaqiqat, sizlar ham, ota-bobolaringiz ham ochiq zalolatda ekansizlar".
(Ular) aytdilar: "Bizga haq narsani keltirdingmi yoki sen o'yin qiluvchilardanmisan?"
(U) dedi: "Yo'q! Sizlarning Rabbingiz (butlar emas, balki) osmonlar va Yerning Parvardigoriki, ularni o'zi yaratgandir. Men bunga guvohlik beruvchilardandirman.
Alloh nomiga qasamki, sizlar o'girilib (bayramga) ketganlaringizdan keyin butlaringizga makr (hujum) qilurman".
Bas, u (butlarni) parchalab tashladi. Faqat, "(mushriklar butlarning) kattasiga qaytsinlar" (deb) o'shanigina (qoldirdi).
Ular (qaytib kelib): "Bizning ilohlarimizni kim bunday qildi? (Kim bo'lsa ham) u zolimlardan ekan",
Ular (ayrimlari) aytishdi: "Ularni gapirib (ayblab) yuradigan Ibrohim degan bir yigitni eshitgandik".
(Shunda ularning kattalari): "Uni odamlar oldiga keltiringiz, shoyad ular guvoh bo'lishsa", - deyishdi.
(Uni keltirishgach): "Ilohlarimizni sen shunday qildingmi, ey, Ibrohim?" - deb (so'rashdi).
(Ibrohim) aytdi: "Yo'q, bu ishni ularning kattasi - mana bu (haykal) qildi. Bas, ulardan so'ranglar, agar gapira olsalar".
Bas, (mushriklar) o'zlariga (hushlariga) kelib (bir-birlariga): "Sizlar o'zingiz zolimlarsiz", - dedilar.
So'ngra, yana boshlari aylanib: "Sen ularning gapirmasliklarini yaxshi bilardingku?!" - deyishdi.
(Ibrohim) aytdi: "Axir, Allohni qo'yib, sizlarga biror foyda ham, ziyon ham yetkaza olmaydigan narsalarga sig'inasizlarmi?!
Sizlarga ham, Allohni qo'yib sig'inayotgan butlaringizga ham tuf-ye! Axir, aql yurgizmaysizlarmi?!"
(Namrud boshchiligidagi mushriklar) dedilar: "Uni yoqib yuboringlar! Agar qiluvchi bo'lsalaring (shu ish bilan) ilohlaringizga yordam qilinglar!"
Izoh: Mushriklar katta olov yoqib, Ibrohim (a. s.)ning qo'l-oyoqlarini bog'lab, bir manjaniqqa (tosh otish quroli) solib olovga otdilar.
Biz aytdik: "Ey, olov, Ibrohim uchun salqin va omonlik bo'l!"
Ular (Ibrohimga) makr qilmoqchi bo'ldilar. Biz esa ularning o'zlarini ko'proq ziyon ko'ruvchi qilib qo'ydik.
Unga hamda Lutga najot berib, (ularni) Biz barcha olamlar uchun muborak qilgan yer (Shom)ga (yubordik).
Biz (Ibrohimga) Ishoqni hadya etdik va Ya'qubni ham (nabira qilib) qo'shib berdik hamda barchalarini solih kishilar qildik.
Yana ularni Bizning amrimiz bilan (odamlarni) hidoyat etadigan peshvolar qildik va ularga yaxshi amallar qilishni, namozni to'la ado etishni va zakot berishni vahiy qildik. Ular Bizgagina ibodat qiluvchi bo'ldilar.
Lutga esa hikmat va ilm ato etdik va uni iflos ishlar qiluvchi qishloq (ahli)dan qutqardik. Darhaqiqat, ular yomon, buzuq qavm edilar.
Uni (Lutni) o'z rahmatimizga doxil qildik. Haqiqatan, u solihlardandir.
Nuhni (eslang), u ilgari nido qilganida, Biz uni (nidosini) mustajob qilib, o'zini va ahlini buyuk g'amdan qutqardik.
Izoh: Buyuk g'am - to'fon balosi.
Unga oyatlarimizni yolg'onga chiqargan qavm ustidan g'alaba ato etdik. Darhaqiqat, ular yomon qavm edilar. Bas, ularni barchasini g'arq qilib yubordik.
Dovud va Sulaymonning ekinzor xususida hukm qilgan kezlarini (eslang). O'shanda unga qavmining qo'ylari (tunda) kirgan (va uni payhon qilgan) edi. Biz ularning (chiqargan) hukmiga shohid edik.
Bas, Biz uni Sulaymonga anglatdik. Biz har ikkisiga hikmat (payg'ambarlik) va ilm ato etdik. Tog'lar va qushlarni Dovud bilan birga tasbeh aytadigan qilib bo'yin sundirib qo'ydik. Biz shunday qila oluvchidirmiz.
Izoh: Rivoyat. Dovud bilan Sulaymon (a. s.)lar huzuriga ikki da'vogar kelib, ulardan birining qo'ylari ikkinchisining ekinzoriga kirib, payhon qilib ketganini aytib, fatvo so'raydilar. Dovud (a. s.) qo'ylar ekinzor egasiga berib yuborilsin, deydilar. Shunda Sulaymon (a. s.) bu hukmga e'tiroz bildirib, qo'ylarni ekinzor egasiga, yerni esa qo'ylarning egasiga berib, ekinzorni avvalgi holiga keltirgandan keyin qo'ylarni qaytarib berishga, bu vaqtgacha tug'ilgan qo'zilar esa ekinzor egasida qoldirilishini taklif etadilar. Dovud (a. s.) bu hukmga rozi bo'ladilar.
Unga (Dovudga) sizlarga ziyon yetishdan saqlaydigan sovut yasash san'atini ta'lim berdik. Bas, sizlar shukr qiluvchimisizlar?!
Sulaymonga esa bo'ronli shamolni (bo'yin sundirib), uning amri bilan Biz muborak qilgan zamin (Shom) sari esadigan (qilib qo'ydik). Biz barcha narsani biluvchidirmiz.
Yana shayton (jin)lardan u (Sulaymon) uchun g'avvoslik qiladigan va bundan boshqa ishlarni ham ado etadiganlarini (yaratdik). Yana Biz ularni qo'riqlab turuvchi bo'ldik.
Ayyubning esa Parvardigoriga nido qilib: "(Parvardigorim,) menga musibat yetishdi. O'zing rahmlilarning rahmlirog'idirsan", - deb iltijo qilgan paytini (eslang).
Bas, Biz uni (duosini) mustajob qilib, undagi zahmatni ketkazdik hamda o'z huzurimizdan mehribonlik ko'rsatib, barcha ibodat qiluvchilarga eslatma bo'lsin, deb (Ayyubga) oilasini va ular bilan qo'shib, yana ularning barobarida ahlu avlod ato etdik.
Izoh: Ayyub payg'ambar qadimdan sabr-toqat bobida mashhuri jahon bo'lib, u zarbul-masalga aylanib ketgan. Zero, u shaytonning hasadiga javoban Allohning yuborgan barcha musibat va dardlariga sabr qilgan, shikoyat qilmagan. Bu ishlarning ajrini yorug' dunyoda qisman olishga muyassar bo'lganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |