www.ziyouz.com kutubxonasi
69
qo‘riqlab kelayotganlar qochib qutulishdi. Rasululloh mollarni beshga bo‘lib, hammaga
teng taqsimladilar.
UHUD G’AZOTI
Badrda mag‘lubiyatga uchrab, savdo yo‘llari to‘silib qolgach, quraysh zodagonlari bu
mushkul ahvoldan qutilish chorasini izlay boshlashdi. Ular Abu Sufyonga uchrashib:
"Muhammad bizni xo‘rlab, mo‘tabar odamlarimizni o‘ldirdi. Karvon bilan jo‘natgan
mollarimizning foydasini Muhammad bilan urushishga sarflamoqchimiz. Bu ishga o‘zing
bosh bo‘lgin", deyishdi. Karvondagi mollar Dorunnadvada saqlanar, uning foydasi ellik
ming dinor edi. Bu gapdan ruhlangan Abu Sufyon darrov urush tadorikiga kirishdi,
qurayshlarning o‘zidan uch ming odam to‘plandi. Ular orasida ittifoqdoshlari Mustaliq,
Havn ibn Xuzayma urug‘lari ham bor edi. Bundan tashqari rasulullohni yomon ko‘rib bir
to‘da odamlari bilan Madinadan chiqib ketgan Abu Omir Rohib, Avsiy Kinona va tihomalik
arablar ham ularga qo‘shildi.
Safvon ibn Umayya shoir Abu Azzaga: "Sen hech bo‘lmasa bizga tiling bilan yordam
ber", dedi. Abu Azza Badr g‘azotida asirga tushganda rasululloh uni tovon olmay qo‘yib
yuborgan va minnatdor shoir bundan keyin hech qachon Islomga til tegizmaslikka va’da
bergan, ikkinchi qayta musulmonlar qo‘liga tushishga toqati yo‘q edi. Biroq Safvon
ta’nayu malomat qilaverib uni holi-joniga qo‘ymadi. Abu Azza yana qo‘lga tushsa omon
qolmasligini bila turib mushriklarning qutqusiga uchdi. Bor so‘zamollik san’atini ishga
solib hammani musulmonlarga qarshi kurashga chorlay boshladi.
Jubayir ibn Mutim Vahshiy ismli quliga Hamzani o‘ldirib, amakim Tuayimning
intiqomini olib bersang, ozod qilaman, deya va’da berdi. Qurayshlar meshlarga aroq-
sharoblarni to‘ldirib, cho‘riyu kanizaklarini olib, childirmayu nog‘oralarini chalgancha
yo‘lga tushdilar. Ayrim zodagonlar bu jangda chekinmaslik uchun xotinlarini ham
hamroh qilib oldilar va juda katta dabdaba, as’asa bilan Madina yaqinidagi Zuhulayfa
degan joyga kelib tushishdi.
Quraysh mushriklari jangga otlangani haqida payg‘ambar alayhis-salomning amakilari
Abbos maktub yo‘llab xabar yetkazdi. Uning o‘zi Badrda juda ko‘p talafot ko‘rganini
bahona qilib bu yurishdan chetda qoldi. Rasululloh sahobalar bilan kengashib, shahardan
tashqariga chiqmaslikni, agar yov Madinaga bostirib kirsagina jang qilishni taklif etdilar.
Bu fikr yoshi ulug‘ muhojir va ansorlarga ma’qul keldi, biroq Badr jangida zafar quchgan
yoshlar, shu jumladan Hamza Ibn Abdulmuttalib ham g‘anim bilan shahar tashqarisida
olishishni talab qilishdi. Ular son jihatdan ko‘pchilik hamda urushning asosiy yuki
shularning zimmasiga tushadigan bo‘lgani uchun payg‘ambar alayhis-salom o‘z
fikrlaridan qaytdilar.
Shavvol oyining o‘ninchi kunidagi Jum’a namozidagi xutbada rasululloh sahobalarni
dovyurak va sabr-bardoshli bo‘lishga chaqirdilar: "Chidam va sabr egalariga g‘alaba yor
bo‘lgay!" dedilar. Shundan keyin uylaridan ikki qavat sovut (simdan to‘qilgan kiyim)
kiyib, qilich taqib, qalqonlarini orqalariga osib chiqdilar. Shakkokligi uchun yoshlarni
ayblagan kattalar: "Ey rasululloh, sening fikring bo‘yicha ish qilganimiz durust emasmi?"
deyishdi. "Payg‘ambar jangu jadal libosini kiygach, dushmanlari bilan urushib Olloh iroda
etgan natijani ko‘rmaguncha kiyimini almashtirishi mumkin emas", dedilar rasulluloh va
bayroqlarni tarqatdilar.
Muhojirlar bayroqdori Mus’ab ibn Umayir, Xazraj qabilasining yalovbardori Habbob ibn
Munzir, Avs qabilasining a’lambardori Usayid ibn Huzayir bo‘ldi. Ming kishilik qo‘shin
shahardan chiqib, toqqa yaqinlashib qolganda bir to‘p qurolli kishilarga duch kelishdi.
Nurul yaqin. Muhammad Xuzariy
Do'stlaringiz bilan baham: |