www.ziyouz.com kutubxonasi
168
Shanba kuni ularning vazifalari ayon bo‘ldi. Shaharchadagi qaysi uylarda badavlatroq
odamlar turishini alohida ko‘rsatishdi. Guruh ikkiga bo‘lindi. Birinchi guruh — keyin
kelgan yetti yigit — uchragan odamlarni o‘ldirib, uylarni yoqib ketishi kerak edi. Koshak
esa ikki sherigi bilan badavlat xonadonlarni talab, so‘ng o‘t qo‘yishni zimmasiga oldi.
Qo‘lga kiritilgan boylik o‘n kishiga teppa-teng halol bo‘linishi qayd etildi. Vazifa yashin
tezligida bajarilishi shart edi. Shanba kuni kechqurun ularni shu ko‘chalardan ikki marta
olib o‘tishdi. Ertasiga kun yoyilganda, uzoqda olomon ko‘rinishi bilan ular vazifalarini
bajarishga kirishdilar. Aldangani uchun g‘azab otiga mingan Koshak bu vazifalarni
keragidan ortiqroq darajada bajarishga harakat qildi. Birinchi uyga bostirib kirganidayoq
xonadon sohibi uning ko‘ziga dam Tursunali, dam Tengiz bo‘lib ko‘rinib pichog‘ini
sanchaverdi... sanchaverdi... Har tig‘ urganida ko‘ngli rohatdan yayrayverdi...
yayrayverdi...
To‘mtoq aqli esa hademay o‘zining qoni ham oqajagini idrok etmadi.
Vazifalar ado etilib, hamma yuz bergan fojia haqida bosh qotirayotgan kunlarning
birida Tengiz «oilasidan xabar olish» uchun ijozat so‘rab Tursun-alining ota uyiga bordi.
Amakivachchalar «SSSR prokuraturasidan kelgan» Tengizga monelik qilishmadi. Bog‘
o‘rtasi kavlanib, temir quticha olindi. «Akt» yozilib, amakivachchalar guvoh sifatida imzo
chekdilar. Bir necha yil tuproq ostida «jon saqlagan» temir quticha ertasigayoq yana
Tengiz uchun ishonchli bo‘lgan joyga ko‘milib, egasi ozod bo‘lib qaytguniga qadar
kutdi...
TENGIZ
U hayoti yo‘lida tikanlar, toshlar borligini bilardi-yu, ammo olovlarga duch kelarman,
deb o‘ylamagan edi. Tengiz «Koshak bilan vazifamiz bir bo‘lsa, u haromi bilan
uchrashaman», deb yanglishdi. Vazifa o‘taladigan joy bir bo‘lgani bilan, bajariluvi lozim
bo‘lgan yumush boshqa-boshqa edi. Ta’bir joiz bo‘lsa, xuddi bolalarning «Oq va Qizil»
o‘yiniga o‘xshardi. Bir guruh bola Oq, bir guruhi Qizilga ayrilganidek, Koshak bilan
Tengiz ham bo‘lingan edilar. Koshak yerli xalq nomidan vahshiylikni boshlagach, Tengiz
tog‘liklar nomidan qarshi zulmni ko‘tarishi lozim edi.
Tengiz o‘zining guruhi bilan shahar turmasida vazifa boshlanish onlarini kutdi. Ularni
shanba kuni kechqurun shahar yonboshidagi tog‘liklar zich yashaydigan mahallaga olib
kelib, pastqamroq uyga joyladilar. Koshak guruhidan farqli o‘laroq, ular makon topgan
hovliga qurolli soqchilar qo‘ydilar. Tengiz va uning sheriklari sodiq xizmat qilmoqqa va’da
berganlari bilan, ularga to‘la ishonch yo‘q edi. Shanba oqshomida vazifa bilan
tanishtirishgach, «agar bajarishdan bosh tortsangiz yoki qochmoqchi bo‘lsangiz, jo-yida
otib tashlaymiz», deb ogohlantirishdi.
Kechasi Tengiz uxlay olmadi. Chekish bahonasida hovliga chiqqanida bir odamning
darvoza ustuniga mato bog‘layotganini ko‘rib soqchiga ajablanib qaradi. Soq-chi unga
«ishing bo‘lmasin!» deganday qo‘l siltab qo‘ydi.
Kun yoyilganda boshlashdi.
Avval bir to‘da o‘tdi. Uylardan qora tutun o‘rlay boshladi.
So‘ng kichik to‘da paydo bo‘ldi. Oldindagi Koshakni ko‘rib Tengiz darvozadan otilib
chiqay dedi. Soqchi «hali vaqt bor», deb ko‘kragidan itardi.
Ko‘chaga qo‘yilishi bilan Koshakni izladi. Topdi.
Sandiq kavlayotgan Koshak orqasida sharpa sezib o‘girildi, ammo o‘zini himoya qila
olmadi — Tengizning qo‘lidagi pichoq bo‘g‘ziga qadaldi-yu, tomog‘idan otilgan qon
sandiq ichidagi pullarni qizilga bo‘yadi. Dam o‘tmay uning jasadi o‘zi o‘ldirgan uy
egalarining murdalari bilan birga yona boshladi...
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |