www.ziyouz.com kutubxonasi
164
— Xo‘jayinning uylaridagi telefonni bering, — dedi Omonullo.
Navbatchi bir oz ikkilanib turgach, telefon raqamlarini aytdi. Boshliq uyida ekan.
Omonulloning savoliga «1989 yilgi rejada bunday ish yo‘q», deb qisqa va lo‘nda javob
berdi. Omonullo uning gapini Bobomurodga aytgach, Abduqayum jonlandi:
— O‘zim ham shundaydir, deb o‘ylagan edim, — dedi quvonch bilan.
Undagi bu o‘zgarish mehmonlarni ajablantirdi.
— Oyijon, iltimos, suratlarni olib chiqib bering, — deb yalindi Abduqayum. Ayol turli
hajmdagi o‘nga yaqin suratlarni olib chiqib bergach, Abduqayum ular orasidan ikkitasini
ajratib, Omonulloga uzat-di: — Qarang: mana shu odam bir kun oldin «slesarman» deb
kelgan edi. Opoqim bilan shu gaplashgan bo‘lishi kerak. Ertasiga ham kelgan. Men surat
yaxshi chiqadimi yo yo‘qmi, deb gumonsirab, sizga aytmovdim.
— Bu odamning kirganini ko‘rgansiz, chiqqanini-chi?
— Ko‘rdim.
— Qo‘lida tugunmi yo shunga o‘xshash narsami bormidi?
— Yo‘q.
— Uyda taxminan qancha vaqt bo‘ldi?
— Bir soatchadir.
— Samandar akangizdan oldin keldimi?
— Ha. Nafisa opamlardan ham oldinroq kelgan.
— Samandar akangizdan oldin chiqdimi yo keyinmi?
— Keyin shekilli... Ha, keyinroq chiqdi.
Omonullo «uyda berkinib turganmi? Unda gazchi? Ochilov gazni o‘chirib, derazani
ochgan ekan. U chiqib ketganda ham uyda qolgan bo‘lsa nima uchun derazani berkitib,
gazni yana ochmadi? Yoki... nima uchun Ochilovni ham o‘ldirmadi?...» degan ma’noda
Bobomurodga qarab qoldi. Bobomurod ham ayni shu xayolda edi.
— To‘xtang... — dedi Abduqayum o‘ylanib olib. — Samandar aka mashinadan
tushganlarida kimdir yuqori qavatga ko‘tarildi. Samandar aka qaytganlaridan ke-yin
pastga tushdi. Keyin... shu odam ko‘chaga chiqdi.
Omonulloning «zinada ro‘para kelib qolishdan cho‘chib yuqoriga ko‘tarilganmi?»
degan savol nazariga Bobomurod tasdiq ishorasini qildi.
— Bu suratni bizga berib tura olmaysizmi? — deb so‘radi Omonullo.
— Marhamat, siz uchun atay ishladim...
— Lekin... biz haq to‘lamaymiz-da? — dedi Omonullo kulimsirab.
Abduqayum avvalgi uchrashuvdagi gapiga shama’ qilinganini fahmlab kuldi-da:
— Amerikaga borganimizda to‘laysiz, — dedi.
Bobomurod bu hazilga tushunmay, bir tutingan o‘g‘liga, bir yigitchaga ajablanib
qaradi. Abduqayum esa qolgan suratlarni ham Omonulloga uzatdi:
— O‘sha kuni qo‘lim shikastlangunicha olgan suratlarim: Samandar aka ham borlar.
Chindan ham mashinaga o‘tirayotgan Samandar suratga tushib qolgan edi. O‘rindiqqa
o‘tirayotib uy derazasiga o‘girilib qaragan Samandarning ko‘zlarida hadik muhrlangan
edi. «Bechora er», deb o‘yladi Omonullo uning javdiragan ko‘zlariga qarab.
Uy bekasini «ovqat tayyor bo‘lib qoldi, o‘tiringlar», deyishiga qaramay, xayrlashib,
pastga tushdilar. Omonullo qo‘shni eshik qo‘ng‘irog‘i tugmasini bosdi. Abduqayumning
opoqisi slesar haqidagi gaplarni tasdiqlab, suratdagi odamni ham tanigach, Bobomurod
«xomligingni isbot qildimmi?» degan ma’noda mug‘ambirlik bilan kulimsiradi.
Bu orada yetib kelgan tekshiruvchilar guruhi Omonullodan topshiriq olib, beto‘xtov
ravishda ishga kirishdilar. Omonullo Bobomurodni «vazirlikdagi ustozim», deb
tanishtirgani uchun «ustoz» ularning ishlariga aralashdi. Ko‘chirib, so‘ng o‘rniga
qo‘yilgan taxtalarni olish qiyin bo‘lmadi. Bu yerdan nimadir qidirilgani aniq edi. Ammo
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |