www.ziyouz.com kutubxonasi
113
«Hadeb voy-voylab o‘pkangni ko‘rsatavermay bitta qo‘y olib so‘ydirib xudoyi qilib
yubor. Bizga balo yog‘ilyapti. Xudoyi qilmasang bo‘lmaydi. Boya domla o‘qiyotganida shu
ko‘nglimga keldi».
Toshbolta shu so‘zlarni aytmoqchi bo‘lganida ko‘zlari qassobga qarayotgan qo‘zichoq
ko‘zlari kabi javdiradi.
Adolat bu nigohga zuhr bo‘lgan ma’noni o‘z aqli yetganicha o‘qidi:
— Mollarni borib olib kelaymi?
«Kallangni ishlatsang-chi: balo yog‘ilyapti, deyapman senga. Qo‘y olib so‘ydir, xudoyi
qil, deyapman. Baloga men uchradim, mayli, endi qizlarga urmasin. Sen alvastiga ham
Xudoning atagani bordir, esingni yig‘sang-chi!..»
Ularning bu tahlitda gaplashishi soqov bilan so‘qirning suhbatini eslatardi.
— Ha, bo‘pti, nima demoqchi bo‘lganingni tushundim, — dedi Adolat. — Erta yo indin
borib olib kelaman. Milisa bo‘lsa o‘ziga, men indamay qo‘yib berarkanmanmi? Noshud
bo‘lmay qaro yerga kirgin sen. Shuncha molni uyga qo‘ymay, xaridorga topshirib
kelsang o‘larmiding? Bu yoqqa hovliqib yugurganing bilan qizing tirilib qolarmidi? Mana,
yugurganing bilan ko‘mish baribir senga nasib qilmadi-ku? Xudo bizga mehribon-da, seni
shu ko‘yga solmaganda mo‘ylov jinning o‘la qolsa jiyanini ko‘mmasdi. Butun xarajat
bizning gardanimizga tushardi. Eri o‘lgur qaysi go‘rlarda ekan? Xotin olmay o‘la qolsin, u
so‘tak. Qiz bilan juvonning farqiga bormasa...
Toshboltaning yuragi sanchib, og‘riqqa chidolmay ing-rab yubordi. Ancha bosilib
qolgan kuragidan og‘riq ham uyg‘ondi. Oyoqlari yuzlab chayonlar hukmiga
topshirilganday azob cheka boshladi. Ingrash o‘kiriqqa aylandi. Yonog‘iga yosh
tomchilari dumaladi.
«Bo‘g‘ib o‘ldirsang o‘ldira qol», degan iltijo bilan xotiniga boqdi.
— Ha, shunaqa, — dedi Adolat o‘rnidan turib, — to‘g‘ri gap tuqqaningga yoqmaydi.
Sog‘ paytingda ham quturgan tuyaga o‘xshab o‘kirib qolarding. Hozir ham shuning
xumori tutdimi, he o‘kirmaygina o‘lgin sen...
«To‘xta, hech bo‘lmasa oyoqlarimni silab qo‘y, bu azob bilan o‘lmay. Jonim
chiqmasidan oldin sen ham menga bir yaxshilik qil». — Til bu gapga ham aylanmadi.
Alhol, bu iltijo tish hatlab aytilgan taqdirda ham xotin tomonidan ijobatga olinmog‘i
mahol edi. Javob tariqasida uning tilidan «Endi sening isqirt oyoqlaringni qashilash
qoluvdi», degan gapning uchmog‘i ehtimoldan xoli emasdi.
Toshbolta azoblar iskanjasida yotganida Nafisa ko‘rindi.
«Qizim, jon qizim, kel, sen qutqar bu azoblardan».
«Qanday qutqaray? Bu azoblarni men bermadim sizga, men qutqara olmayman».
«Buving meni beto‘xtov qarg‘ayaptilar. «Seni Xudo urdi», deb quvonyaptilar. Men
Xudoga nima yomonlik qildim. Mendan beshbattarlari ham yuribdilar-ku, yallo qilishib?
Bittagina aybim — onangni urganim. Undan keyin men ham odamga o‘xshab yashayin
deb harakat qildim, xalos. Boshqalar yeb-ichib, maishat qilib qornini silab yotganida,
men och-nahor yashashim kerakmidi? Nima, nafs bitta menda bormidi? Nafsi o‘pqonlar-
chi? Qani, gapir, nega jim turibsan?»
«Dada, men nafsni o‘lchaydigan tarozibon emasman. Mening bilganim — bizlarni shu
nafs sharmanda qildi».
«Sharmanda qildi? Tirikligingda ham shunaqa devding. Sharmandalik nima o‘zi?
Ko‘zga ko‘rinmasa, qo‘lga ushlab bo‘lmasa, yeb bo‘lmasa, kiyib bo‘lmasa... Odamlarning
gapimi? O‘shanda ham aytuvdim, hozir ham aytaman: tupurdim, o‘sha odamlarning
o‘zlariga ham, gaplariga ham!»
«Dada, unday demang, shu odamlar erta-indin sizni ko‘tarib joyingizga olib
borishadi».
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |