www.ziyouz.com kutubxonasi
88
oshni o‘zi oshalagani bilan unga yalatib turardi. Yangi direktor Yaratganga emas,
rahbarlariga shukr qiladi: har tugul oshalaganlarni olishdi-yu, yalaganlarga mar-hamat
darvozalarini ochishdi. Ular anglashmadiki, yaloqxo‘rlarning nafsi oshalaganlardan ham
buzuqroq bo‘ladi. Oshalagan qorni to‘ygunicha yeydi. Yaloqxo‘r esa ko‘zi to‘ygunicha.
Ko‘zning hech qachon to‘ymasligi esa barchaga ayon. Xususan, kattalarning xizmatini
qilib yurib fe’l-atvorlarini bilib olgan Toshboltaga ham ma’lum bu. Shu sababli qizi tilga
olinganda uning ko‘zlarini o‘yib olgisi kelgan bo‘lsa-da, o‘z aravasini o‘zi tortib ketishga
qurbi yetmasligini bilgani uchun o‘zini tiydi. «Yaloqxo‘r» deb yangi direktordan
nafratlangani bilan tirjayib, unga qulluq qilib turishga majbur edi.
Yangi direktor ham Toshboltani suymas edi. «Belida belbog‘i bo‘lsa gulday qizini
xo‘jayinga o‘ynash qilib qo‘yarmidi», deb g‘ijinib yurardi. Bu g‘ijinish pokizalik alomati
emas, balki rashk olovining mevasi edi. Tursunalining qilmishi haromning o‘zi bo‘lgani
kabi buning g‘ashligi halollik emas edi. Ba’zan bu go‘zalning bir kechalik og‘ushi uchun
dunyosini berishga rozi bo‘lib ketardi. Omadini qarangki, dunyosini bermasa ham jonon
naqd bo‘lib qoldi. «Bu Oshbolta deganlari hozircha xizmatimni qilib yuraversin. Vaqti
kelganda bir tepsam enasinikiga kirib ketadi» — yangi direktorning mo‘ljali shu edi.
Bir-birlarini yomon ko‘rganlari bilan ularni nafs deb nomlangan ko‘rinmas zanjir
mahkam bog‘lagan edi. Nafsning miqdorini o‘lchaydigan tarozi bo‘lganda ham qaysi
biriniki buzuqroq ekanini aniqlab bera olmas edi. Nafsga bandi bandalar shu holatlarida
bir-birlari bilan murosa qila oladilar. Pokiza hayotni afzal biluvchilar esa arzimagan
masalalar bo‘yicha gap talashib, oqibatda ittifoq qila olmaydilar va oqibatda nafsga
bandi bandalar yetkazgan zulmdan azob chekib noliy boshlaydilar.
Toshbolta ham, yangi direktor ham qimorbozning «gardkam!» deyishi kabi tavakkal
qilgan edilar. Dast-labki ittifoq ikkovlari uchun ham manfaatli edi. Ayni choqda ikkovi
ham ajralish onlariga tayyorgarlik ko‘rardilar. Yangi direktor Toshboltaning avvalgi kabi
sadoqat bilan ishlashiga ishonmagani sababli uning o‘rniga «o‘z odami»ni tayyorlardi.
Toshbolta ham yangi xo‘jayin eskisi kabi marhamatli bo‘la olmasligini anglab mustaqil
ish yuritishni, hatto boshqa yerga ko‘chib ketishni ko‘zlardi. Shu borishida Sibiriyada
orttirgan oshnalari bilan maslahat qilib ayrim ishlarni pishitdi. Yangi direktorga
topshiradigan puldan ko‘proq urib qolib, noyob mollar xarid qildi. Safardan ko‘ngli to‘lib,
yaxshi niyatlar bilan kelib qizi yashaydigan uy eshigini ochdi-yu...
Yaratgan tayyorlab qo‘ygan mukofotlardan biri — shu edi...
Ko‘zlariga ishonmadi. Xuddi tush ko‘rayotganday bo‘ldi. Eshikni ochishi bilan
dimog‘iga sassiq hid urilganida «Eri bilan ketgan bo‘lsa, ovqat-povqati hidlanibdi», deb
o‘yladi.
Keyin... avval notanish erkakning jasadini ko‘rib bir seskandi. So‘ng qizining ahvolini
ko‘rib tanasidan jon chiqib ketganday bo‘ldi. «Qizim! Nafis!» — deb baqirmoqchi edi,
ovozi pichirlab chiqdi. Ko‘z oldi qorong‘ilashib, hamma narsa ayqash-uyqash bo‘lib ketdi.
Ana shu qorong‘ulik qa’ridan qaynonasining hayqirig‘i otilib chiqdi: «Seni Xudo ursin!!».
Militsiyaga xabar qilgach, yuklarni ichkari olib kirdi-da, jomadon ustiga holsizlanib
o‘tirdi. Boshini changallab, tebrandi. Yig‘lashi kerak edi — yig‘lay olmadi. Yig‘i ham
Ollohning ne’mati ekan, rahm qilganiga berar ekan bu ne’matni. Yaratgan Toshboltaga
bu onda yig‘isiz ruh azobini ravo ko‘rdi.
Poezdda kelayotganida yuragi g‘ash edi. G‘ashlikni yoyish uchun sheriklari uzatgan
aroqni qaytarmay ichaverdi. Ikki tun ketma-ket birinchi xotinini tushida ko‘rdi. Xotini
ozib ketgan, eti ustixoniga yopishgan holda emish. Holsiz emish, xasta emish. «Meni
qaraydiganim yo‘q, mehribonim yo‘q», deb yig‘lar emish. Ko‘zlaridan oqqan yosh muz
donalariga aylanib qolarmish. Toshbolta «Seni bu yerdan olib ketaman», deb opichib
olganmish. Xotini esa yig‘lab, yalinib «yo‘q, olib ketmang, o‘zingiz keling», der emish.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |