www.ziyouz.com kutubxonasi
151
Kimdir chindan ham gazni ochib qo‘ygan bo‘lsa, demak, o‘sha «kimdir»ni qidirish kerak.
Samandar Ochilovga da’vo yo‘q — o‘likni ko‘rib qochgan odam jinoyatchi hisoblanmaydi.
Xotinining o‘ligini ko‘mmasa ham, dafn etilgan yerini ziyorat qilmasa ham jamiyat
ayblamaydi. Bularning ajri ham qiyomatda beriladi.
Omonullo xonasiga qaytib joyiga o‘tirdi-da, stol g‘aladonidan ismlar yozilgan qog‘oz
parchalarini olib, yana folbin kabi yoydi. Keyin to‘rtinchi qog‘ozdagi so‘roq belgilari
yoniga undov belgilari qo‘ygach, «Samandar Ochilov» deb yozilgan varaqni chizib-chizib
tashladi-da, jahl bilan g‘ijimlab, yelimto‘rsavatga uloqtirdi. Ko‘zlarini yumib, behol odam
kabi harakatsiz o‘tirdi. Keyin o‘rnidan turib g‘ijim qog‘ozni olgach kaftlari bilan silab,
tekislab joyiga qo‘ydi.
Derazaga o‘rnatilgan sovutgichdan iliq havo ufurilayotganday nafasi bo‘g‘ilib,
tashqariga chiqdi. Hovlida harakatsiz turishidan bir ma’no ko‘rmagach, ko‘chaga
yo‘naldi. Bozorga borib qog‘oz xaltani to‘ldirdi-da, shifoxonaga qarab yo‘l oldi. Opasining
ahvoli yaxshilangani uchun umumxonaga o‘tkazilgan ekan, kirib uni ziyorat qildiyu so‘ng
otasini, shu bahonada qaynona-qaynotasini ham yo‘qlashni maqsad qildi.
Hovliga suv sepib salqinlatgan Bobomurod Omonullo kirib kelganida bo‘y cho‘zib
qolgan rayhonlarning gullarini chimdib uzayotgan edi. Tutingan o‘g‘lini ko‘rib chehrasi
ochildi. Bu dunyoda bir tutingan singlisiyu bir tutingan o‘g‘liga suyanib yashayotgan
Bobomurodning quvonishi uchun ko‘p narsa zarur emas: singlisining ochiq yuz bilan
gaplashib o‘tirishi yoki Omonulloning eshikdan kirib kelishi uning uchun baxtli daqiqalar
hisoblanardi.
Omonullo ichkari kirishga unamay ikki qulochli uzun taxtadan yasalgan o‘rindiqqa
o‘tirdi. Bobomu- rod ichkari kirib likopchada gilos ko‘tarib qaytdi-da, Omonulloning
yoniga o‘tirib, likopchani o‘rtaga qo‘y-di, Omonullo otasining ko‘ngli uchun gilosdan totib
ko‘rdi.
— Opangni Xudo bir qaytib berdi, hozir tuzuk. Dardini ichiga yutaverib, yutaverib
yuragini abjaq qilib tashlagan.
— Kirib ko‘rdim, ruhlari tetik.
— Balki shu bahona bo‘lib anavi kasallaridan ham qutulib ketar, a?
— Kim biladi?..
Omonullo shunday deyishga dedi-yu, tilini tishladi. Otasi umid bilan so‘ragan edi,
«Ha, tuzalib ketadi», desa bu umid quvvat olardi. U esa mujmal javobi bilan o‘sha
umidni ham bo‘g‘a qoldi.
— Shunaqa hodisalar bo‘lgan, eshitganman, — dedi-yu, ammo fursat o‘tgan, umid
chinnisi allaqachon yerga tushib, darz ketgan edi. Keyingi gap darzni chegalagani bilan
izni yo‘qotmasdi.
— O‘zing qalaysan? Ishingning mazasi yo‘q shekilli, a?
— Ishlab yuribman...
— Menga qara-chi? — Bobomurod shunday deb uning ko‘zlariga tikildi.
Yo‘q, Omonullo bu o‘tkir nigohga dosh berolmaydi. Dastlab uchrashganida ham qaray
olmagan.
O‘shanda ovozi rasta bo‘layotgan yoshda edi. Qo‘shni sinfdagi qizga ko‘ngil qo‘ydi.
Yursa ham, tursa ham faqat o‘sha qizni o‘ylardi. Hatto ota-ona sog‘inchini ham unutgan
edi. Qizlar bayrami yaqinlashib, uni sov-g‘a masalasi qiynab qo‘ydi. Uning nazarida
bayram sovg‘asi barcha muammolarni hal qilib berishi lozim edi. Yechilajak
muammolardan biri — qizdan hech bo‘lmaganda bittagina o‘pich olishga erishmoqlik edi.
Aynan shu birinchi o‘pich umid daryosini to‘sib turgan to‘g‘onni buzar, visolning nurli
cho‘qqisini in’om etar edi. Ammo... ota-onasidan ajrab yetimxonaga tushgan o‘smirda
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |