www.ziyouz.com kutubxonasi
152
pul nima qilsin? O‘ylay-o‘ylay chorasini topdi: umrida bir marta, ha, faqat bir martagina
o‘g‘irlik qilish ahdi bilan avtobusga chiqdi. Qaysi cho‘ntakda pul borligini aniqlash
san’atidan mahrum bu bolaning o‘sha kuniyoq qo‘lga tushib, qamalib ketishi hech gap
emas edi.
O‘sha kuni, o‘sha daqiqada, xuddi o‘sha avtobusda Bobomurod ham bor edi. Uning
ziyrak nigohi qo‘nalg‘ada javdirab turgan Omonulloga tushganidayoq, bolaning shum
niyatini payqadi. Shu sababli odamlar orasidan o‘tib, orqa eshikka yaqinlashdi-da
bolaning yoniga turib oldi. Omonullo titroq qo‘llari bilan duch kelgan cho‘ntakka
tushmoqchi bo‘lganida bilagidan mahkam ushladi-da, avtobus to‘xtagunicha qo‘yib
yubormadi. Avtobus to‘xtagach, «qani, yur», dedi-da, bolani qariyb sudrab tushdi.
Qo‘rqib ketgan Omonullo qarshilik bildirolmadi. U «milisa ushlab oldi, tamom, endi
qamaydi», deb o‘ylagan, o‘g‘rining qo‘liga tushgani xayoliga ham kelmagan edi.
Bobomurod uni bog‘ tomon boshlab borib, o‘zi o‘rindiqqa o‘tirdi-da, bolaning ko‘ziga
tikildi:
— Qani, menga qara-chi, faqat to‘g‘risini ayt, nimaga o‘g‘irlik qilmoqchiyding?
Omonullo piqillab yig‘lay boshladi.
— O‘chir! Mishig‘ingni art! — deb do‘q urdi Bobomurod. — Soqol-mo‘yloving chiqib
qolibdi-ku, erkakmisan o‘zing?! Nimaga yig‘lyapsan?
— Qo‘limni qo‘yib yuboring...
Qo‘yib yuborish o‘rniga Bobomurod uning bilagini yanada qattiqroq qisdi:
— Ayt, deyapman: nimaga birovning cho‘ntagiga tushmoqchi bo‘lding?
— Tushmoqchimasiydim.
— Sen o‘g‘il bola bo‘lsang — mard bo‘l, to‘g‘ri gapdan qochma. To‘g‘risini aytsang,
qo‘yib yuboraman, aldamoqchi bo‘lsang — o‘zingga qiyin. Shu qo‘lingni avval kuydirib,
keyin terisini shilib olaman. Kissavurning jazosi shu bo‘ladi. Aslida-ku, kesish kerak,
mayli, yosh ekansan, ayayman, kuydirib qo‘yaqolaman.
Bobomurod xuddi shu ishga jazm qilganday ishonarli ohangda aytib, bolaning
esxonasini chiqarib yubordi.
Omonullo bu odamdan osonlikcha qutula olmasligini anglab, yig‘lamsiragan holda:
— Oyim og‘ir kasallar, doriga pul yo‘q... — dedi.
U ham o‘z xayolida bu gapni ishonarli ohangda aytgan bo‘ldi. Titroq ovozi
ishontirishga undasa-da, ko‘zlari alday olmadi.
— Qani, menga qarachi, — dedi Bobomurod, bolaning dahanini ushlab. — Yana
yolg‘on gapiryapsanmi? Mening ko‘zlarimga bir qaragin: bular ko‘z emas, rent-gen.
To‘g‘risini aytsang, kerakli pulni o‘zim beraman. O‘g‘il bola gap — shu!
Omonullo yana bir marta aldagach, Bobomurod uning yuziga tarsaki tortib yubordi.
— Sen o‘g‘ri emassan, sen qo‘rqoqsan, sen hezalaksan! O‘g‘irlik ham qo‘lingdan
kelmaydi!
Bu gaplar Omonulloning qo‘rquvdan yarador qush kabi potrayotgan yuragiga dalda
bo‘ldi-da, to‘g‘risini ayta qoldi. Ammo shunda ham qo‘li bo‘shamadi.
— Endi qo‘yvoring, — dedi yalinib.
— Hali bizning savdomiz pishmadi, bola-paqir. Senga va’da berdimmi, demak,
bajaraman. Qo‘linga-ku, pul bermayman. Magazinga boramizu ko‘nglingga yoqqan
narsani ko‘rsatasan, narxiga qaramaysan, million so‘m bo‘lsa ham olib beraman, o‘g‘il
bola gap bitta bo‘ladi! Ungacha bitta-ikkita narsani so‘rayman, javob berasan: nima
uchun otangga yo onangga aytmading, yo uyaldingmi, a?
Ota-onasiga doir har qanday savol Omonullo uchun g‘oyat og‘ir yuk edi. Yetti yoshida
yetim qolganini aytish chog‘ida go‘yo uning yuragi to‘xtab qolganday bo‘laverardi. Otasi
bilan onasi ishdan qaytayotganda tushgan avtobus muzlagan yo‘lda tiyg‘anib, chuqur
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |