www.ziyouz.com кутубхонаси
14
Egam. Ey olamlar Ilohi, yo‘lda qolgan bandiman, quruqlikda qonga g‘arq bo‘lgan kemani
suribman. Mening qo‘limni olib, faryodimga yet, pashshaga o‘xshab qachongacha
qo‘limni boshimda tutib turaman. Ey mening gunohlarimni kechiruvchi, uzrlarimni qabul
qiluvchi (egam): yuz marta kuydim, yana kuydirmoqchimisan? Sendan uyalib, qonim
uyushmoqda, ko‘p nomardliklar qildim, ayblarimni berkit. Men gofillikdan yuz gunohlar
qildim, Sen buning evaziga yuz rahmatlar ato etding.
Ey, Podshohim, men miskin bandangni kechir, agar mandan yomonlik ko‘rgan
bo‘lsang ham, afv etgin. Bilmasdan xato qildim, kechirgin, jonu dilim bilan azobdaman
(pushaymonman): kechirgin! Ko‘zlarim oshkoro yig‘lamasa ham, Sening ishqingda jonim
yashirin holda zor yig‘laydi.
Xoliqo, agar yaxshi yoki yomon ish qilgan bo‘lsam ham, nima qilgan bo‘lsam ham, o‘z
tanim bilan qildim. Mening pasthimmatliklarimni afv et, hurmatsizligimni berkit. O’zimga
mubtalo, ammo Sening hayroningman, yomonmanmi yoki yaxshimanmi — Senikiman.
Holimga boq, Sensiz yarimta uzvman. Agar Sen menga boqsang, Kull — butun
bo‘laman. Qonli ko‘nglimga bir bor nazar sol, bu (dunyo)ning barcha tashvishidan olib
chiq. Agar Sen meni nokas desang, hech kim mening gardimni topolmaydi. Men
kimmanki, sening oldingda qadrim bo‘lsa (odam desang), Sen uchun bir arzimas (nokas)
bo‘lsam, shu menga yetarli, ming shukr deyman. Sening bir qora quling deyishga,
Sening ko‘ying itining tuprog‘iga belangan qulingman, demoqqa haddim bormi? Sen
uchun qullikni jonimda saqlarman, habashlar kabi tamg‘ang qulog‘imdadir. Agar hindu
quling bo‘lmasam, qanday qabul bo‘layin, hindu quling bo‘lsam, zanji kabi dildan
bo‘layin. Tamg‘ali hindu qulingni sotma, uning qulog‘iga halqa qilib qo‘y, egam (Ya’ni,
qulog‘im doimo Seni tinglasin).
Ey, Rabbim, Sening fazlingdan kishi noumid emas, abadiy sening tamg‘angning
halqasidaman. Kimningki dili Sening darding bilan xursand bo‘lmasa, u hech ham
xursand bo‘lmasin, chunki bunday odam Sening (yo‘lingga kirgan) mard emas. Ey
dardimning darmoni, bir zarra dardingdan menga ber, zero Sening dardingsiz mening
jonim o‘lgusidir. Kofirga — kufr, dindorga — din. Attorga esa — sening dardingning bir
zarrasi kifoya!
Ey Rabbim, mening «Yo Rab» deb chekkan ohlarimdan xabardorsan, tungi
motamlarim (nolalarim)ni ko‘rib turibsan. Motamim haddan oshdi - Isrofil surini yubor,
zulmat ichraman, bir nur yubor. Bu motamimda kafilim Sen bo‘lgin, boshqa
suyanchig‘im yo‘q, boshqa yo‘ldoshimu yo‘lboshlovchim yo‘q. Musulmonlik nurining
lazzatini ber, zulm qiluvchi nafsimni yo‘qotishga madad ber. Soyangda yo‘qolgan bir
zarraman, borlig‘imdan hech vaqo qolmagan. Oftob kabi porloq huzuringning soyasiman,
koshki shu oftob nuri torlaridan vujudim eshilsaydi. Toki men bir hayronu sarson
zarraday qutulib, shu nur toriga osilsaydim. Shunda bu darchadan tashqari (otilib)
chiqardim, ravshan charogon olamga peshvoz chiqardim. Jonim labimga kelguncha,
ko‘nglimning armonli orzusi shu edi. Agar jonim chiqsa, Sendan o‘zga hech kimim yo‘q,
oxirgi nafasimda ham jonimning yo‘ddoshi Sen bo‘lgin. Agar mening jonim mendan xoli
qolgan paytda Sen mening yo‘ldoshim bo‘lmasang, ahvolimga voy! Umidvormanki, Sen
yo‘ldoshim bo‘larsan, chunki agar istasang, buni qila olasan.
Do'stlaringiz bilan baham: |