CXCI
Bu kitobda taxallus o 'zgartirishning uzrini aytish
Kichik yoshligimdanoq menga she'r yozish sohasida ajib xayollarga berilish nasib etgan. She'rning qaysi bir turida asar yozgan bo'lsam, ular turkiy tilda nihoyasiga yetar edi.
Har bir kishi biron ish qilgan bo'lsa, u bajargan ba'zi ishlarda o'zining bir belgisi bo'ladi. Qo'yiladigan shu belgi yo muhr, yo yorliq, yoki tamg'a shaklida bo'lishi mumkin. Sahifalarni ziynatlovchilar yoki she'r yozuvchilar uchun taxallus qo'yish yozuvchining tamg'asi vazifasini o'taydi. Sir ahh qaysi varaqqa she'r bitgan bo'lsa, u o'sha nishon (taxallus) bilan imtiyoz topadi. O'qigan kishilar ularni bir-biridan ajratib, bu Sa'diyniki yoki Nizomiy qalamiga mansub va yo buni Xusrav Dehlaviy yozgan, bu Jomiy asaridir, deyishadi.
Men esa turk tilida asar yozishga kirishib, shu tilda iste'dodim va qalamim tufayli she'rlar bunyod etdim. Iste'dodim buluti o'zidan durlar sochganida she'rlarimda "Navoiy" taxallusini qo'lladim. Jahon bo'stonida o'z maqsadimga erishdim, baxtiyor kishilar she'riyatimdan kuy, navo topib, bahramand bolishdi. Forsiy she'riyatda ham qalam surib, nazmning turli nav'larida asarlar yozdim. U ma'nolardan menga fayz yetgach, she'riyatim, "Foniy" taxallusi bilan belgi topdi.
Mana endi "Lison ut-tayr"ni yaratib, unda har xil qushlar bilan birgalikda parvoz qildim. Bunda shunday navo tuzdimki, uni ham "Navoiy" taxallusi bilan tugatsam, maqsadga muvofiq bo'lar edi. Chunki navo qilish qushlar tilining sayrashiga xosdir. Bu ularning dilkash afg'oni va hazin dostonlaridir. Yana, bu doston ham turkiy uslubda edi, shu sababli unda "Navoiy" taxallusi qo'llansa, o'rinli bo’lar edi.
Bu asarda nima uchun "Foniy" taxallusi qo'llaganimni bilmoqchi bo'lganlar uchun sababini aytaman: mening bu asarni yozishdan ko'zlagan maqsadim asl manbaga qaytib borishni tasvirlashdan iborat edi. Bunda esa foniy bo'lmasdan turib, ish nihoyasiga yetmaydi, shu sababli ushbu asarim ham "Foniy" taxallusi bilan tugallandi.
Ikkinchi sabab shuki, ma'nolar egasi bo'lgan Shayx qushlar tilidan doston aytib, qushlarni sayr ettirdi va ularga yetti vodiydan uchib o'tishni belgilab berdi. O'z asarida qushlarga ko'p azob-uqubat chektirtirib, ularni eng so'nggi — Fano vodiysiga qo'ndirdi.
Men keltirgan bu ikki tanosib bir-biriga mos bo'lib, she'rimda bu taxallusni qo'llaganimning sababi ham shundandir. Agar bunda "Foniy" taxallusini qo'ygan bo'lsam, yuqoridagi tanosiblar asosida ish ko'rdim. Agar birov sabab istab, so'ragudek bo'lsa, sharh qilgan so'zlarim unga javob uchun yetarlidir. Bunday ishlarni niyat qilgan kishi uchun zamona dorilomon bo'lmog'i kerak. Zamon Dorosi adolati joriy bo'lmasa, zamon tinch bo'ladi, deb xayolingga ham keltirma.
Kimki bunday ishlarni amalga oshirmoqni niyat qilsa, zamona tinchimas ekan, o'z maqsadiga erisha olmaydi. Sen zamon Dorosining adolati barqaror bo'lgandagina zamona tinch bo'lishi mumkin deb gumon qil.
Do'stlaringiz bilan baham: |