CLIII
Ma'rifat vodiysining vasfi
Bilgilki, Ishq vodiysidan keyin Ma'rifat vodiysi keladi. Bu joyning nihoyatda bepoyon bir dashtdan iborat ekanligiga ko'z tashla.
Kimki bu vodiyga kirsa, u yerdagi ahvolning ixtilofli ekanligini ko'radi. Bu joy shunday bir vodiydirki, uni yuz tuman ming turli yo'llar kesib o'tadi, ammo ulardan biriikkinchisiga sira o'xshamaydi. Butun va bo'lak o'rtasidagi qarama-qarshilik ham shu yerda mavjud. Taraqqiyot ham, tanazzul ham shu joydadir. Unda sen yuz tuman yo’lovchini beqaror bir tarzda, har birini o'zga bir yo'ldan ketib borayotgan holda ko'rasan. Ularning har biri o'zi ketayotgan yo'l bilan faxrlanadi, har biri yo'lni o'z yo'li tomonga buradi. Biri xush tutgan yo'lni ikkinchisi xohlamaydi, har birining ko'ziga o'ziniki yaxshi ko'rinadi, boshqasini esa nazarga ilmaydi.
Unda pashsha ham, fil ham yo'lovchi, unda pashsha ham, Jabrail ham uchadi. Muso ham, Fir'avn ham unda yo'lovchi, ammo bilgilki, ularning ikkalasi birdek emas. Mahdiy va Dajjol ham bu yo'ldan o'z mazhablarida, biroq Isoni u mingan ulovga tenglashtirib bo'lmaydi. Ahmad va Abu Jahl ham u yerda ko'rinadilar, bunisi nurga g'arq bo'lsa, unisi zulmatga tushgandir.
Bu yerda barcha yaxshi-yomon sayr etadi; unda mo'min ham, kofir ham yo'lovchilik qiladi. Agar bu yerda otashparastlar o'z Lotiga talpinsalar, Ka'ba ahli — musulmonlar esa yolg'iz Allohga sig'inadilar. Kufr ahli Lotni ogoh deb aytsalar, lekin islom ahli "illAlloh" deb aytadilar.
Bunda ish ziddiyatli bo'lmasdan iloji yo'q, chunki yo'llarning o'zi ana shunday bir- biriga xilofdir. Yo’lboshlovchi payg'ambar ham bu haqda shunday degan: "Kimki haqqa erishmoq uchun safarga otlansa va bu yo'lning son-sanoqsiz ko'p ekanligini ko'rmoqchi bo'lsa, uni xalq olayotgan nafasga qiyos etsin".
Bu yo'llarning bari quyqali bo'lmaganidek, hammasini ham sof deb bo'lmaydi. Ulus ichra e'tiqodlarda bu xil ixtilof bo’lmog'i zaruriy bir holdir.
Agar gado yoki podshoh bo’lsin, ulardan har biri o'zga yo'l bilan sulukni ado etadi. Bunda harakat qilinsa, nafi yaxshi bo'ladi, bunda sifat va kamolotga erishmoq lozim. Bunda solikka tafovut sodir bo'lib, agar unisi mehrobga bosh qo'ysa, bunisi butga sig'inadi. Har kimning bilishi o'ziga sifat bo'lib qoladi. Ma'rifat shu xil turli tafovutlarni keltirib chiqaradi. Har bir kishi o'z sohasida kamolga intilib, bu vodiy ichida kezib yuradi. Garchi suluk tartibida shu xil turli o'zgarishlar mavjud bo'lsa-da, lekin bu yo'lga kirganlarning hammasining maqsadi bittadir. Ular borayotgan yo'l agar egri yoki to'g'ri bo'lsa ham, yoki yiroq, yoki yaqin bo'lsa ham, bu yo'lda ba'zilar o'lib ketgan, ba'zi
birovlar yo'ldan adashgan, ba'zilar esa turli so'qmoqlarda ovorayu sarson kezsalar ham, bu yo'lni bosib o'tmasdan turib, maqsadga erishish mumkin emas.
Ma'rifat quyoshi yuz ko'rsatgach, har kim o'z maqsadiga erishmoq uchun o'z suluki holiga natija istaydi va o'zi shug'ullanayotgan narsa orqali naqdni qo'lga kiritmoqni xohlaydi. Chunki u pokiza nur yorug' shu'la sochgach, bu shu'la har kimning kamolga erishuvini yoritib turadi. Kimki bu yo'lda mashaqqat chekkan bo'lsa, u o'z suluki nihoyasida xazinaga erishadi. Suluk ichra ixtilof ko'p bo'lib, ulardan ko'pi quyqali, sofi esa ozdir. Bu sof tabiat egalari sirasiga payg'ambar shariati qonun-qoidalariga tobe' bo'lganlar kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |