XL
Hudhudning Bulbulga javobi
Hudhud bu afsonani eshitgach, shunday dedi:
Sen o'z ishqing haqida bunchalik ko'p g'avg'o qilaverma! Aytganlaring ishq emas, boshdan-oyoq shunchaki bir havasdir. Bas, u havas bo'lgach, ey bexabar, u haqdagi gap-so'zingni yig'ishtir! Olamda sen kabi nafsga bo'yin eguvchi biron-bir nodon bo'lmagan.
Sen o'zingni zo'rlab oshiq sifatida ko'rsatib, ishq aro har xil g'avg'olar ko'tarding. Yilda bor-yo'g'i besh kun chamanda ochilib turadigan, o'n kun o'tmay tuproq uzra xazon bo'lib sochiladigan vafosiz va umr bog'ida baqosiz bir chechak uchun shunchalik g'avg'omi?!
Kishi bu xil go'zallikka oshiq bo'lmagani yaxshi, chunki u oshiq bo'lishga loyiq emasdir. Shunday narsani ma'shuq deb bilki, yuz xastahol o'lsa va yo'qolib ketsa ham u zavol nimaligini bilmasin. Garchi sening bu ishqing shaydolik bo'lib ko'rinsa ham, baribir oxiri rasvolik bilan tugaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |