Mavzu: Amiriy hayoti va ijodi
Lirikasi.
„Lab uyur takallumga, zulfingni parishon qil"
„Nega muncha siyohdur kokul"
„Junun daryosi tugyon aylamakni mendin organdi"
„Tushti tori zulfi yuzdin konglum ichra pechtob"
Qoshingga teguzmagil qalamni, Bu xat bila buzmagil raqamni"
„Iqlimi vafo Amiridursen, Ey shoh, bu gadoga qil karamni"
Filotun ishq darsida menga shogird erur, lekin Xatingni ramzidin ogoh emas tabi xiradmandim"
„devona", „Shoh Mashrab"
„Mashrabi soniy"
„Bu tani xokini-yu ruhi ravonni na qilay!"
„Ibrohimdan qolgan eski dokon"
Chidayolmas"
„Qaydasan" radifli gazalida berayotgan soroqdan va matladagi gapni kongilga kochirishidan tashqari sherdagi tasvir va tamsillarning barchasini bevosita atrofdagi voqelik bilan boglaydi
Chiltor
Amiriy (Amir Umarxon) (1787—1822) Yirik oʻzbek shoiri, adabiy maktab asoschisi, tarixnavis va davlat arbobi. Amirsaid Muhammad Umarxon Qoʻqonda tugʻilgan, Qoʻqon xoni Olimxonning ukasi. Davlat arbobi sifatida Margʻilon hokimi (1807—1810), Qoʻqon xoni (1810-22) boʻlgan. 1808 yilda Andijon hokimi Rahmonqulibiyning qizi Mohlaroyim (Nodira) ga uylangan. «Devon» tartib bergan, «Umarnoma» dostonining muallifi. Asarlari turli bayozlarda ham eʼlon qilingan, uning torshirigʻi bilan «Muhabbatnoma» majmuasi tartib berilib, Usmonli xalifasi Maxmud II ga tortiq qilingan.
«Devon»ida Navoiy anʼanalarini davom ettirgan, sheʼriyatning 12 janrida qalam tebratgan. Gʻazallarida dunyoviy ishq tavsifi bilan bir qatorda soʻfiyona talqindagi gʻoyalar ham mavjud. «Devon»ning qoʻlyozma va bosma nashrlari OʻR FA ShIda 3642, 4419, 90, 9993, 5065, 7489 II, 9917, 6745 I, 6672, 1880, 177, 98 III, 9765, 44, 4727 va Adabiyot muzeyida 99, 153 raqamlari ostida saqlanadi.
Oʻzbek adabiyotshunosligida Amir Umarxon ijodi Fitrat, Vadud Mahmud, P.Qayyumiy, A.Qayumov, M.Qodirova, A.Madaminov, H.Boltaboev tomonidan oʻrganilgan, asarlari eʼlon etilgan. OʻzMU da tadqiqotchilar Z.Qobilova, M.Yuldasheva shoir hayoti va ijodi yuzasidan ilmiy tadqiqot olib bormoqda.
G'AZALLAR (Firoq)
Oh, mani dard-u balog'a mubtalo qilg'on firoq,
Taxti baxtimni buzub oxir gado qilg'on firoq.
Gavhari qiymatbaho erdim nasab bozorida,
Sindurib qadrimni naylay kambaho qilg'on firoq.
Bulbuli shirin navodek maskanim erdi chaman, Chug'zdek vayronalar ichra ado qilg'on firoq.
Man zaif bechoranikim doimo fursat bilan Kuydurib xokistarimni zeri po qilg'on firoq,
Tovusi xurram edimman to'tilarg'a hamnishin,
Voy netaykim, zog'-zag'ang'a oshno qilg'on firoq.
Kabki xurramdek yurushim doimo ko'hsor edi,
Oh bu cho'bin qafasda mubtalo qilg'on firoq.
Gulcharor erdim, yuzum gulshandagi gullar aro, Bevalik o'tida rangim qahrabo qilg'on firoq.
(O'tdilar bu dunyodin...)
O'tdilar bu dunyodin dilxohlar, gumrohlar,
Qolmadi dunyoda boqiy ham gado, ham shohlar.
Hasrato, ey do'stlarim, zolim o'limning zulmidin,
Bu qaro yer ostig'a kirdi bori ul mohlar.
Nogahon olsa yaqongdin qo'ymag'ay dam urg'ali,
Hech osig' qilmas sanga qilsang fig'on-u ohlar.
G'ofil ersang qil ibodat berma dunyog'a ko'ngul,
Berdi dunyog'a ko'ngulni aqli kam ko'tohlar.
Dunyo hasratxona erur, ey Huvaydo, dunyodin,
Hasrat ila o'tdilar ming-minglabo hamrohlar.
6-mavzu
Amiriy hayoti va ijodi
(1787-1822)
REJA:
1.
Amiriyning bolalik va o’smirlik hayoti
2.
Shoir lirikasi
3.
“Lab o’yur takallumg’a” g’azali
O'zbek adabiyoti tarixida „Qo'qon adabiy muhiti" deb ataladigan estetik hodisaning asoschisi, Qo'qonxoni (1810—1822), iqtidorli shoir va e'tiborli siyosiy arbob Umarbek 1787- yilda ming urug'ining xonlik taxtiga to'g'ridan-to'g'ri daxldor vakillaridan biri Norbo'tabiy xonadonida tug'ildi. Bolaligidan barcha aslzodalarga xos puxta ta'lim olgan Umarbek zamonasining yetuk ustozlaridan bo'lmish Muhammad Yoqub qo'lida juda chuqur tahsil ko'rgan. Tasavvuf ilmidan atroflicha xabardor ustozi shogirdni ham shu yo'lda bir muncha dardlagani uchun bo’lsa kerak, keyinchalik Umarxon yozgan asarlarda so'fiylik izlari yaqqol ko'zga tashlanadi.
Umarbek madrasada tahsil olayotgan yillarda Qo'qon xonligi taxtida uning tug'ishgan akasi Olimxon o'tirar edi, Yoshligidan davlat ishlarida qatnashib yurgan Umarbek madrasa ta'limini tugallab, akasi saroyida xizmat qila boshladi. O'sha vaqtdayoq o'z tabiatidagi qator fazilatlari bilan atrofidagilarning* chuqur ehtiromiga sazovor bo'ldi. Umarbek bilimdon va ma'rifatli ziyoligina emas, balki eng chigal siyosiy vaziyatlardan chiqib keta oladigan mohir siyosatchi ham edi. Shu sababli bo'lsa kerak, akasi uni 1807- yilda Farg'ona hokimi qilib tayinlaydi. Shu yillari u Andijon hokimi Rahmonqulibiyning oqila va go'zal qizi Mohlaroyim — bo’lajak mashhur shoira Nodiraga uylanadi.
1810-yilda mustaqillik uchun bosh ko'targan Toshkent hokimligi ustiga qo'shin tortib, yo'lga chiqqan Olimxon o'ldiriladi va taxtga Umarxon chiqadi. Shundan boshlab, to umrining oxiriga qadar o'n ikki yil mobaynida Umarxon saltanatni so'raydi. Umarxon hukmdor sifatida ham qator xayrli ishlarni amalga oshirgan. Chunonchi, u o'zboshimcha beklarni tinchitishga, ularning e'tiborini obodonchilik va yaratish ishlariga qaratishga erishadi. Umarxon hukmronligi davrida uning tashabbusi va moliyaviy homiyligida madrasalar, maktablar, karvonsaroylar qurildi. Xon davlat chegaralarini kengaytirish va mustahkamlash borasida ham bir qator tadbirlarni amalga oshirdi. Chunonchi, Rossiyadan keladigan tahdidlarni bartaraf etish uchun Oqmachit qal'asini qurdirdi. Umarxon hozirda Andijon viloyatiga qarashli Shahrixon shahriga asos solgan. Bir necha qishloqlar bino qildi. Bir qator ariqlar qazdirib, yangi yerlar ochdirib, xalqining hayotini yaxshilashga urindi.
Umarxon Amiriy taxallusi bilan she'rlar yozgan. Uning o'zi ijod bilan shug'ullanibgina qolmay, u bilan bir davrda yashagan ijodkorlarga qilgan homiyligi ham alohida ahamiyat kasb etadi. Uning davrida Uvaysiy, Nodira, Dilshod Barno singari ayol shoiralarning ijod qilishiga imkon tug'dirildi. Shuningdek, Akmal, Gulxaniy, Maxmur, Fazliy, Mushrif, Mirzo Qalandar, Mulla Abdukarim, Xon va boshqabir qator shoirlar ijodi ravnaq topdi. „Majmuat ush-shuaro" tazkirasi Amiriy homiyligida dunyoga keldi. Uning saroyi ma'rifat va ijod ahli uchun ochiq edi.
Amiriy Alisher Navoiyga ergashib, undan kuchli ta'sirlangan holda ijod qildi. Navoiyning yigirma besh g'azaliga taxmis bog'laganligi uning buyuk mutafakkirga asl munosabatini ko'rsatib turadi. Ayni vaqtda, uning o'z uslubi, o'z ifoda yo'sini bor edi. Shu jihatlar uning asarlarini bugungi kun o'quvchisiga ham o'qimishli qiladi. Umarxon hayotligida devon tartib etgan shoirdir. Amiriy mashhur shoira Nodirabegimning umr yoidoshi ekanidan tashqari, Xon taxallusi bilan she'rlar yozuvchi Madalixonning otasi ham edi. Amiriyning Nodirabegim bilan ijodiy hamkorligi juda davomiy va sermahsul bo'lgan. Bu holni Nodira devonining debochasidagi e'tirofdan yaqqol bilib olish mumkin. Nodira devon debochasida yozadi: „...goho ul hazrat ba'zi toza mazmunlardan bir misra bilan savol tariqasida so'rar erdilar, ...misra bilan javob aytur erdim va tabiatlarini xush qilur erdim. Biri buldurkim, bir kun savol qildilarkim, misra: „Nega arbobi xirad ahli junundin ori bor?" Javob aytdimki, misra: „Kim bular uryon, alarning jubbau dastori bor".
Shoir Amiriy 1822- yilda 35 yoshida vafot etgan.
Lirikasi. Amiriyning juda uzoq yillardan buyon mashhur „Chorzarb" kuyiga solinib, qo'shiq sifatida aytib kelinayotgan „Qoshingg'a teguzmagil qalamni" misrasi bilan boshlanadigan g'azalida shoir lirikasiga xos xususiyatlar to'liq mujassamlanganini qayd etish o'rinli bo'ladi. Inson ruhiyatining turfa holatlarini nozik his qiladigan Amiriy she'riyatining hayotsevarlik, umidbaxshlik jihatlari g'azal matla'sidayoq yaqqol ko'zga tashlanadi:
Qoshingg'a teguzmagil qalamni,
Bu xat bila buzmagil, raqamni.
Yorning qoshi qalam tekkizilmasa ham qop-qora. Uning rangi oshiqning taqdiriga o'xshab ketadi. Xalqda kishining taqdiri avvaldan yozib qo'yiladi degan qarash bor. Shu bois yor qoshiga qalam tegsa, taqdir raqamlari, bitiklarining o'zgarib ketishidan cho'chiydi. Oshiqning xavotiri shundan. U, qora bo'lsa ham, muhabbat taqdiridan rozi. Keyingi baytda oshiq yorni butparastlar sig'inadigan sanamlarday ilohiy qudratga egaligini chiroyli yo'sinda aks ettiradi. Uchinchi baytda esa, ma'shuqadan oshiqqa rahm (tarahhum) etish o'tiniladi. Shoir tasvirni baytma-bayt kuchaytirib boradi. Shu bois to'rtinchi baytda oshiqning ko'ngil qushi ov qilinmasligi so'raladi:
Ko'nglum qushi toyiri hariming,
Sayd etma kabutari haramni.
Qahramonning ko'ngil qushi ma'shuqaning haramiga asir bo'lgan, kabutarday titroq jonni ovlash insofdan emas. Keyingi baytda ohang yengil ko'rinsa-da, ifoda o'ta murakkab:
To bevatan o'lmasin ko'ngullar,
Zulfungdin ayurma pech-u xamni.
Oshiqning ko'ngil qushi yor zulfining tuzoqlariga ilinib yotishni saodat biladi va ma'shuqadan sochining buramlari (pech-u xam)dan ayirmaslikni tilaydi. Undan keyingi baytda sevgilisini kutaverib, yo’lning changiga aylangan oshiq holatidan nolinadi:
Yo'lungda g'ubori roh bo’ldim, Boshimga yeturmading qadamni.
Mumtoz she'riyat odobiga ko'ra ma'shuqadan hech narsa talab etish, uni uyaltirish mumkin emas. Shu bois oshiq oyog'ing boshimga tegmadi, deydi. Bu ifoda, aslida, biz tomonga sira kelmading degan ma'noni bildiradi. G'azal maqta'sida shoirning poetik iste'dodi yaqqol namoyon bo'ladi. U qoidaga ko'ra so'nggi baytda taxallusini keltirishi kerak edi. Taxallus bo'lmish Amiriy so'zi esa, o'z-o'zidan hukmfarmolikni ifodalardi. Holbuki, oshiq mute bo'lishi, unda hokimlikning nishoni ham bo'lmasligi kerak edi. Amiriy ustalik bilan bu ishning uddasidan chiqadi:
Iqlimi vafo Amiridursen,
Ey shoh, bu gadog'a qil karamni.
Shu tariqa, biror marta rkhm qilmagan ma'shuqa vafo amiriga, chin amir esa, marhamat kutguvchi gadoga aylanadi. G'azal maqta'sida ham tasvir tarangligi avj nuqtada saqlanib qolaveradi.
Amiriyning „Lab uyur takallumga, zulfingni parishon qil" misrasi bilan boshlanadigan g'azali ham aksar she'rlari singari ishqiy iztiroblar to'g'risida. Lekin dastlabki bayt hech kutilmagan yo'sinda huzurbaxsh holat ifodasi o'laroq yangraydi:
Lab uyur takallumga, zulfingni parishon qil,
Qand qiymatin sindur, narxi anbar arzon qil.
Yordan lab uyurib, ya'ni og'iz.ochib shirin so'zlari bilan qand qimmatini sindirish, zulfini parishon qilib, ya'ni sochlarini yozib, undan taralgan xush bo'ylar bilan mushki anbarning narxini tushirib yuborish so'raladi. Shunday qilinsa, o'z-o'zidan oshiqqa marhamat ko'rsatilgan bo'lardi. Shoir o'zini gadoga, ma'shuqani husn shohiga mengzaydi va har zamonda ko'z qirini tashlab, xayr-ehson qilishga chaqiradi:
Husn shohisen, jono, bu hazin gadolarg'a,
Ko'z uchi ila boqib, xayr birla ehson qil.
Go'zallik shunchalar qudratliki. yorning o'tli yuzi ta'sirida otashparast o'z dinidan chiqib musulmonchilikka kirib ketishi mumkinligi uchinchi baytda mahorat bilan tasvirlanadi. She'r shu tarzda ishq quwatining cheksizligini madh etish yo'sinida borib, maqta'ga kelganda yorning tengsiz go'zalligi va oshiqning unga bo'lgan cheksiz muhabbatining oshkor bo'lmasligi tilagi bilan yakunlanadi. Ya'ni odamning ko'ngliga tegishli tuyg'ular ko'ngil kabi pinhon boigani tuzuk:
Yor la'lidin harfe ayladim, Amir, insho,
Ey ko'ngul, bu gavharni jon ichinda pinhon qil.
Amiriyning „Tabibo, sharti o'ynab icharga bermog'in yandim,2 Labidin talx-u shirin so'z erur doruyi gulqandim" matla'li g'azalida ma'shuqa bergan azoblardan ruhiga taskin izlaydigan oshiq tuyg'ulari g'oyat o'ziga xos tarzda tasvir etiladi. Oshiq ikkinchi baytda yordan xorlamaslikni o'tinsa, keyingi baytda zulfiga taroq urishdan saqlanishni o'tinadi. Negaki, uning joni yor sochining har tdasigajpayvand bo'lib ketgan:
Kel, ey mashshota, rahm et, yor zulfig'a tarog'urma,
Erurjon rishtasidin oni har torig'a payvandim.
Keyingi qo'shmisrada oshiq shirin so'z yor uni bir og'iz so'z bilan tiriltirganidan quvonganini ifodalaydi. G'azal maqta'sida o'zining yorga qanchalik bog'lanib qolganini oldingi baytdagi timsolni davom ettirgan holda ifoda etadi:
Balodur zulfi purtobi, Amir, andin ko'ngul uzma,
Ki har torig'a bir payvand erur payvand-payvandim.
Amiriy ayrim g'azallarida ishq yo'lida iztirob chekayotgan va alamdan mayga ruju qo'ygan, visolni qadah tubidan qidirayotgan oshiqni toat-ibodatdan chalg’imaydigan zohidga qarshi qo'yadi. Bu tur g'azallari orasida „Qizartib chehra maydin oshiqi zoringni kuydirma" satri bilan boshlanadigan sheri diqqatiga molikdir. G'azalning ikkinchi baytida shoir zohidga murojaat qilib deydi:
Yonar o'tg'a xusumat aylasa bo'lg'aymu, ey zohid, Muhabbat ahlig'a dam urma, dastoringni kuydirma.
Xuddi yonayotgan o't bilan o'chakishib bo'lmaganidek, vujudi ishq otashida qovurilayotgan ishq ahliga toat-ibodatdan dam urib, sallani kuydirish mumkinligidan ogohlantiradi. Oshiqning boshini aylantirib imondan ayirgan yor soch tolalaridan kechmoqlik zohid so'ziga kirib belbog'ini kuydirgan nasroniyning ishiga o'xshash bo'lishi aytiladi:
Erur sargashtai maqsudi imon yor gisui,
Kirib zohid so'zig'a ushbu zunnoringni kuydirma.
G'azalning „Bel-u og'zi xayolin mug'tanim bo'lmaysan ey ko'ngul, Nakim yo'qdir anga shukr ayla, yo'q-u boringni kuydirma" satrlarida mumtoz adabiyotimizdagi an'anaviy tashbihlar yangi jilolari bilan namoyon bo'ladi. Har qanday mo'min, ayniqsa, so'fiy uchun noshukurlik kechirilmas ulkan ayb. Shu bois og'izning yo'qligi-yu, belning borligiga shukur qilmoq kerak. Aks holda, kishi yo'q-u boridan ayrilishi, imonsizlar qatoriga o'tib qolishi mumkin. G'azalning qolgan baytlarida ham tasvir maromi susaymaydi, oshiqning eng qaltis vaziyatlardagi holati nozik ifoda qilinishiga erishiladi.
Shoirning „Nega muncha siyohdur kokul" misrasi bilan boshlanadigan g'azalida ham muhabbat tuyg'usi qalamga olingan.
She'rning lirik qahramoni o'z oldiga shu tariqa savol qo'yar ekan, mumtoz adabiyotda ham hech kimning xayoliga kelmagan yo'sinda unga javob topishga erishadi:
Nega muncha siyohdur kokul,
Magaram dudi ohdur kokul.
Qahramonning izohiga ko'ra, kokilning qoraligi oshiq ohining dudi tufayli bo'lishi ehtimol. Negaki, dud, ya'ni tutun hamisha qoraytiradi. Ehtimol, oshiqning yor oyog'i tagida chekkan adoqsiz ohlari dud bo'lib, uning boshiga qo'nganidan sochlari qoraygandir. Ikkinchi baytda shoir xayoloti parvozi yanada balandlashadi. Uning nazarida, qop-qora sochlar orasidan ko'ringan yor yuzi oppoq oyning qo'rg'onlashiga o'xshaydi:
Halqai zulfdin ko'rundi yuzi,
Holai badri mohdur kokul.
Oqlikni bo'rttirib ko'rsatish uchun qoralikdan ustalik bilan foydalana bilish uchun ulkan poetik iste'dod zarur bo'ladi. Keyingi baytlarda shoir kokilga „husn iqbolini yashirish" uchun kuloh, oshiqning yor xoli va xati, ya'ni labi ustidagi mayin tuklari tomonidan qatl etilishiga guvoh va husn mamlakati amiriga saltanatni boshqarishga dastgoh singari sifatlarni baxsh etadi. Muhimi shundaki, Amiriy tasvirning biror o'rnida zo'rakilik qilmaydi, tabiiylikka daxl yetkazmaydi, hayotiy va badiiy mantiqdan chekinmaydi.
Shoirning „Junun daryosi tug'yon aylamakni mendin o'rgandi" deb boshlanadigan g'azalida ham shu tasvir yo'siniga amal qilingan. Mubolag'aning g'uluv darajasidagi kuchaytirilgan ifodalari, ruhiy imkoniyatning chegaralariga qadar yuksalib borgan tasviriy miqyos Amiriy she'rlariga estetik ko'lam bag'ishlaydi. Ularni qamrovli, ta'sirchan, kutilmagan tashbihlarga boy bo'lishini ta'minlaydi:
Junun daryosi tug'yon aylamakni mendin o'rgandi, Talotum birla to'fon aylamakni mendin o'rgandi.
Odatda, she'riyatda inson xatti-harakat va ruhiy holatlarni tabiiy hodisalardan o'rganganligi tasvirlanardi. Bu o'rinda kutilmagan badiiy holat yuzaga keladi. Ya'ni tentaklik daryosi tug'yonni, toshqinni, guvillashni she'r qahramonidan o'rganganligi tasvirlanadi. Keyingi baytda matla'dagi tasvir necha bor quyuqlashadi:
G'am-u dard-u muhabbat gulshanida gul bila g'uncha,
Yaqo chok-u ko'ngul qon aylamakni mendin o'rgandi.
Muhabbat gulshanidagi gul to'kilmoqni, g'uncha yaqosini yirtmoqni oshiqdan o'rgangan ekan. Bu tasvir shiddati keyingi baytlarda ham ushlab turiladi. G'azal matniga kirib borgan sari oshiqning hech kimnikiga o'xshamaydigan fidoyi qiyofasi tobora ravshanlashib boraveradi. She'r yakuniga yaqinlashganda u Majnunga murojaat qilib, telbalik maktabida muallim ekanini va sahar ham kiyimlarini yirtishni, ya'ni tunni parchalab yorug'lik keltirishni undan o'rganganligini aytadi:
Muallimmen bukun savdo dabistonida, ey Majnun,
Sahar choki giribon aylamakni mendin o'rgandi.
G'azal maqta'sida shoir mumtoz ishqiy lirika tajribasida kamdan-kam bo'ladigan holatni beradi. Ya'ni oshiq dardiga davo topganini ifoda etadi:
Amir, ul oy g'amidin ayladim dardim ilojini,
Hakimi ishq darmon aylamakni mendin o'rgandi.
Amiriy lirikasida umrning g'animatligi, hayot imkoniyatlaridan o'z vaqtida foydalanish zarurligi ichki bir dard bilan ifoda etiladi. Lekin Amiriy qalamidan to'kilgan dard ezginlik bermaydi, balki hayotbaxshlik, umidvorlik paydo qiladi. Shoirning „Tushti tori zulfi yuzdin ko'nglum ichra pechtob" misrasi bilan boshlanadigan g'azalida ham shu holatni kuzatish mumkin:
Tushti tori zulfi yuzdin ko'nglum ichra pechtob, Aylamish ko'ksum aro siymob1 yanglig' iztirob.
Amiriyning tasvir bobidagi mahorati matla'dayoq yaqqol ko'zga tashlanadi. Yor yuziga tushib turgan soch oshiqning ko'ngliga kirdi va uni tuzoq kabi domiga olgach, uning ko'nglida kilkillab turgan simobday iztirob paydo bo'ldi. Ayni „siymob" so'zini eritilgan kumush ma'nosida „kumush suv" deb ham tushunish mumkin. Yuqoridagi g'azallar tahlilida tabiiy narsalar odam holatiga o'xshatilgani aytilgandi, bu baytda ruhiy holat, ya'ni iztirob simobning yurishiga o'xshatiladi. Keyingi baytlarda ma'shuqaning chiroyi va uning oshiqqa ko'rsatgan ta'siri yuqorilab boradi va u:
Men nechuk savdo bilan rasvoyi olam bo'lmayin,
Telba bo'lg'oy mohi ruxsoringni ko'rsa oftob
deya o'z holatini „asoslash"ga urinadi. Chunki yuzini oftob ko'rsa, telba bo'lib qoladigan darajadagi go'zalni sevgan oshiqning jinnilik bilan „rasvoyi olam" bo'lishi ajablanarli emas. Butun she'r mobaynida shoirning tasvir mahorati bo'rtib ko'rinib turadi. Amiriy lirikasida badiiy tasvir mahorati, tamsillarning originalligi, ko'pfunksiyaliligi shoirning o'ziga xosligini ta'minlaydigan omillardirki, ular ijodkorni bugunga ham, kelajakka ham oshno qiladi.
Savol va topshiriqlar
1.
Amiriyning hayot yo'li va shaxsiy sifatlari haqidagi ma'lumotlarni o'zlashtiring hamda ularni shoir ijodi bilan bog'lang.
2.
„Qoshingg'a teguzmagil qalamni, Bu xat bila buzmagil raqamni" satrlarini sharhlang.
3.
„Yo'lungda g'ubori roh bo'ldim, Boshimga yeturmading qadamni" satrlarida ifodalangan oshiq holati va armonini tushuntiring.
4.
Maqta'dagi: „Iqlimi vafo Amiridursen, Ey shoh, bu gadog'a qil karamni" murojaati kimga qaratilgan? Uning ma'nosini anglating.
5.
„Lab uyur takallumga, zulfingni parishon qil, Qand qiymatin sindur, narxi anbar arzon qil" satrlarida jonon labi va zulfi bilan qand hamda anbar narxi o'rtasidagi bog'liqlikni izohlang.
6.
„Filotun ishq darsida menga shogird erur, lekin Xatingni ramzidin ogoh emas ta'bi xiradmandim" satrlarida Aflotunga ishq bobida ustoz ekanligini da'vo qilayotgan oshiq holatini ifodalang.
7.
Shoirning uch g'azalini yod oling.
Boborahim Mashrab
(1653-1711)
Mashrab 1665- yilda Namanganda Mulla Bozor oxund degan kishining qo’lida shogird edi. U bu dargohda yetti yil shogirdlik qildi. 1671- yilda o'n sakkiz yoshida Samarqandga keladi, bir yilgina bu shaharda tahsil oladi. Namanganga qaytib, undan Qashqar safariga jo'naydi. Ofoqxo'ja nomli mashhur eshonga murid tushadi. Uning To'tibekach ismlik kanizagini sevib qolganligi sababli pirining g'azabiga uchrab, erkakligidan mahrum etiladi va quvib yuboriladi. Shu tariqa, u o'n sakkiz yillik safardan keyin yana Namanganga qaytib keladi. Shu davrda onasidan ayriladi. Qalandar xirqasini kiyib, bir yil Movarounnahr shahar-qishloqlarini kezib chiqadi. 1691- yilda esa, do'sti Pirmat Setoriy bilan yigirma yillik safarga ketadi. Va 1711- yilda Qunduzda Balx hokimi Mahmud Qatag'on buyrug'i bilan qatl etiladi. Mashrabning safar va sayr-u sayohatlari u haqdagi qissalarda ilohiylik rangiga bo'yalgan. Chunonchi, uning har bir xatti-harakati bashorat, qismat shaklida bir-biri bilan bog’lab berilgan.
Mashrabning adabiy merosi yuqorida nomi tilga olingan „Devoni Mashrab" va turli-tuman bayozlar, majmualar orqali bizga yetib kelgan. „Devoni Mashrab" biz ko'zda tutadigan „devon" tushunchasini bermaydi. U — asli „Devonayi Mashrab"ning qisqaroq shakli. She'riy to'plam emas, balki Mashrabning hayot yo'li va sarguzashtlarini uning o'z she'rlari vositasida hikoya qilib beruvchi qissa. Uni g'ayritabiiy xatti-harakatlari uchun „devona", „Shoh Mashrab" deb ataganlar. Uning maxsus, an'anaviy tartiblarga rioya qilib tuzilgan she'riy devoni yo'q. Aytish kerakki, shoirning she'riy merosi hanuzgacha to'la to'plangan emas. Izlagan sari yangi-yangi she'rlari topilmoqda. Shoir she'rlari turli saviyadagi kotiblar tomonidan ko'chirilganligi uchun xatolari juda ko'p. Jaloliddin Rumiy „Masnaviy"sining sharhiga bag'ishlangan „Mabdayi nur" (Nurning chiqish joyi) kitobi ham Mashrab qalamiga mansub. Mashrabning ko'pgina she'rlari boshqalarniki bilan aralashib ketgan. Chiqishda „Mashrab" taxallusli o'nga yaqin shoir o'tgani ma'lum. Shulardan ikkitasi — movarounnahrlik. Biri — Boborahim Mashrab bo'lsa, ikkinchisi qarshilik hofiz Ro'zi- boydir. Ro'ziboyni „Mashrabi soniy", ya'ni ikkinchi Mashrab deb ataganlar.
Mashrabning bizga ma'lum she'rlari mumtoz adabiyotimizning keng tarqalgan g'azal, mustazod, murabba', muxammas, musaddas, musabba' (yettilik) janrlarida. Eng ko'pi, shubhasiz, g'azal. Shoir she'rlarining bosh mavzusi — ilohiy ishq. Mutasavvif shoir bo'lgani uchun ham g'azallarining birida Mashrab ochiq-oydin qilib:
Ma'rifat bozorining devonasi,
Bulhaqiqat ishqining mayxonasi
degandi. Mashrabning o'zga so'fiy shoirlardan farqi shundaki, ular o'zlarining mutasavvifliklarini u qadar ko'z-ko'z etmagan bo'lsalar, Mashrabda bu tuyg'u jununvash ko'rinish oladi. U Allohga bo'lgan muhabbatini yashirib o'tirmaydi, uni otashin satrlarda oshkora kuylaydi, tasvirda ham pardali ifodalardan ko'ra tuyg'ular junbushini berishni xush ko'radi:
Oh urib chiqsa, jahonni kuydirar,
Oshiq ahlin ziynat-u sarmoyasi.
Ikki dunyoni ko'zimga ilmadim,
Menki ul diydorning hayronasi.
Mashrab uchun namuna bo'lishga arziydigan ikki timsol bor. Ular: Ibrohim Adham va Mansur Xalloj. Ibrohim Adham podshoh edi, bir kechada shohona libosini darveshlik jandasiga almashtirib, Allohni izlab ketdi. Mashrabga uning mana shu fidoyiligi, Alloh ishqini ikki dunyoning ne'matiga almashtirmaganligi yoqar edi. Mansur esa, Allohni o'z qalbidan topib va „men"ligidan voz kechib, „Anal — haq!", ya'ni men — haqman, Allohman! dedi. Uni, xudolik da'vo qildi, deb dorga osdilar. Mansur Xalloj timsoli insonning ruhiy hurligini cheklashga qaratilgan aqidalarga qarshi isyon, erkin fikrlilik ramzi bo'lib qoldi.
Mashrab she'riyatining so'fiyona ruhi uning „Bu tani xokini-yu ruhi ravonni na qilay?!" satri bilan boshlanadigan g'azalida, ayniqsa, yorqin ko'rinadi:
Bu tani xokini-yu ruhi ravonni na qilay?!
Bo'lmasa qoshimda jonona, bu jonni na qilay?!
Xok — tuproq. Ruhi ravon — inson ruhi. Ruhning nimaligini tushuntirish o'ta mushkulligi Qur'oni Karimda ham qayd etilgan. Barcha odamlarning otasi Odam Ato tuproqdan yaratilgan. Demak, hammaning, jumladan, shoirning tani ham tuproqdan. Shoirga nafaqat tuproqdan bo'lgan tan, balki undan ko'p bor yuksak bo'lgan ruh ham kerak emas. U qoshida jonona (jonona deyilganda, xudo ko'zda tutilayapti)ni ko'rmas, ekan, jonni ham, ruh deganlarini ham hech deb biladi. Ikkinchi baytda, shoir yanada shakkokroq ko'rinadi:
Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq ne kerak?
Ibrohimdin qolg'on ul eski do'konni na qilay?!
Makkaga, uni „baytulloh" — Allohning uyi sifatida tavof qilgani boriladi. Mashrab bunga ko'nmaydi. U Makkaga yori bilan, boda bilan bormoq istaydi. Shoirning o'z mantig'i bor, albatta. Yor Allohdir. Boda — uning ishq-u muhabbati. U bundan boshqa hech narsani tan olmaydi. Shoir uchun Allohsiz Ka'ba „Ibrohimdan qolgan eski do'kon" ekani shundan.
Urayinmu boshima sakkiz behisht-u do'zaxin,
Bo'lmasa vasli menga, ikki jahonni na qilay?!
Chinakam so'fiyga xos jihatlar g'azalning ayni shu misralarida yaqqol namoyon bo'ladi. Oddiy kishining Allohga muhabbati, undan qo'rquvi tagida jannatga yetishish maqsadi turadi. Mutasavvif uchun bunday maqsad ta'magirlik hisoblanadi. So'fiy Yaratganning jamoliga yetishishnigina o'ylaydi. Unga Yaratganga muhabbat sababli jannatga erishish va do'zaxdan qutulib qolishni niyat qilish — uyat. Chunki go'yo muhabbati uchun haq talab qilganga o'xshab qoladi. Chin ishq beg'araz bo'lmog'i kerak. Asar maqta'sida bu fikr ochiq va aniq aytiladi:
Bir xudodin o'zgasi barcha g'alatdur, Mashrabo,
Gul agar bo'lsa qo'lumda, ul tikonni na qilay?!
She'rdagi savol va xitob ohangi, „jonona" va Jon" so'zlaridagi bo'g'in takrori, mumtoz adabiyotimizda ko'p qo’llanadigan ramal vaznining „musammani mahzuf" (foilotun, foilotun, foilotun, foilun; foilotun, foilotun, foilotun, foilun) shaklidan samarali foydalanish unga alohida joziba bag'ishlagan. Ayni paytda, shoir ishqining butun mazmun-mohiyati oynadagidek namoyon bo'lgan.
„Chidayolmas" radifli g'azali „ishq mazhabi" tavsifiga bag'ishlangan. Bu yerda Navoiy aytib o'tib ketgan „xos ishq" ko'rsatib berilgan. Mashrab uni shunday bayon qiladi. G'azalning matla'sini keltiramiz:
Ishq mazhabiga taqvi-yu toat chidayolmas,
Tasbeh-u sano, zuhd-u ibodat chidayolmas.
Taqvo — dindorlik, parhezkorlik. Sano — Allohni maqtash. Zuhd — dunyodan voz kechib, Alloh yo'lida ibodat bilan shug'ullanish. Shoir fikricha, uning ishqi dindorlikning odatdagi qolipiga sig'maydi. Chunki Yaratganga bo'lgan muhabbat shu qadar ko'lamli, shu qadar otashinki, unga ro'para kelgan toat-ibodat ham, tasbeh-u sano ham chidayolmaydi. G'azalda tasvir kuchi, oshiq jazavasi miqyosi baytma-bayt ortib boradi:
Devona qilur ishqi sanam vasli chu Majnun,
Nomus-u hayo, ayb-u qabohat chidayolmas.
G'azal maqta'sida junun holiga tushgan shoir ruhiyati beriladi. U o'z tuyg'ularini „raqs-u samo'" — zikr orqali ifodalash zarurligini anglaydi. Negaki, „Ishq mazhabida obi tahorat chidayolmas". Ishq olovida qovurilgan oshiq qalbi holati tahorat suvini bug'lantirib yuborar darajada haroratli ekani shu tariqa jozibali aks ettirilgan.
Quyidagi g'azalda bu fikrlar yanada ta'sirli shakl va manzaralar oladi. Shoirning ishqi tavsifi barobarida dunyoning ishlari, jumladan, tirikchilik tashvishlari, tan va ruhning rohat-farog'atga moyilligi, bularning esa oxir-oqibatda „ishq"iga xalaqit berishi kabi masalalar ko'tariladi:
Dunyoga kelib loyiga bilmay bota qoldim,
Darmon yo'qidin necha og'iz so'z qota qoldim.
Nega shoir gapni dunyoning loyidan boshladi? Chunki bu dunyo shunday qurilganki, unga kelgan odam gunoh qilmasligi mumkin emas. Ikkinchi tomondan, inson degan mavjudotga shunday tabiat berilganki, uning gunoh qilmasdan yashashi mumkin emas. Dunyoning loyi borligi va shoirning unga kelib, bilmay „bota qolishi" shundan. Inson ko'pincha o'z ixtiyoriga zid yashaydi. Bu uni loyga botiradi. Loyga botib yurish har qanday kishining ham darmonini oladi. Shuning uchun darmonsiz solik dardlarini batafsil va yetkazib ayta olmaydi, bir necha og'iz „so'z qota qoladi". Keyingi baytda shoirning e'tirof-u e'tirozi muayyanlashadi:
Ko'rdumki ani dushmani ruh-u tan ekandur,
Lo o'qi bila ikki ko'ziga ota qoldim.
Tan bilan ruhning oshiq muhabbatiga xalaqit berishi, hatto dushman bo'lishi mumkinligi kishini o'yga to’ldiradi. Shoirning fikrlash mantig'i shunday: ruh orom istaydi, osoyishtalikni xohlaydi. Tan rohatga, farog'atga talpinadi. Bular — tan bilan ruhga xos bo'lgan xususiyatlar. Ularni o'zgartirish juda qiyin. Bu hol oshiq xayolini yordan chalg'itishi, hatto, unutish darajasiga olib borishi mumkin. Tan bilan ruhning „dushman"ligi shunda. Shuning uchun ham oshiq — shoir „lo" o'qi bilan ruh va tan¬ning „ikki ko'ziga ota qoldi". „Lo" arabcha so'z bo'lib, „yo'q!" degani. Demak, oshiq tan bilan ruhning barcha xohishlarini rad etadi. Boshqacha aytganda, nafsdan o'zini butkul tiyadi. Aslida, u xohishlarinigina emas, o'zini ham rad etmoqni istaydi. Chunki, yor vasliga, uningcha, „bu tani xok-u ruhi ravon" bilan yetishib bo'lmaydi. Bu gaplar mazmunga tegishli. Ushbu fikrning ifoda yo'siniga ham e'tibor qiling. „Lo" so'zi arab imlosida o'qlatigan yoyni esga soladi. (Qayrilgan „lom" harfi va unga tik qadalib turgan ,,alif"ni ko'z oldingizga keltiring). Demak, shoir fikrni shunchaki aytish bilan kifoyalanmaydi, balki holatning suvratini ham chizishga urinadi. Uchinchi baytda gap mayxona va masjidga ko'chadi:
Mayxonaga kirdim, bila qoldim kuyarimni, Masjidga kirib, zohidi yaxdek qota qoldim.
Ma'lumki, may va mayxona tasavvufiy she'rlarda tez-tez uchraydigan timsollardan. May — Alloh vasliga erishish, u bilan birlashish vositasi. „Yorning jamoli shunchalar o'tliki, oshiqni yondiradi. Oshiqning mayxonaga kirganda „kuyishi" shundan. Masjid-chi? Mashrab — oshiq. U shariat qoidalariga amal qilish, zohid singari uzlatga chekinish bilan maqsadiga erishmoqchi emas. Bu tadbirlar uni, aksincha, maqsadidan uzoqlashtirishi mumkin. Shuning uchun „zohid"ga „sovuq" sifatini beradi va uni „zohidi yax", deb ataydi. Oshiqning „Masjidga kirib, zohidi yaxdek qota qolishi" aslida uning dunyoga kelib, „bilmay bota qolgan" „loy"laridan edi. Shuning uchun ham to'rtinchi baytda shoir zohid bilan bahsga kirishadi:
Zohid, menga bir shishada may, senga namozing,
Ming tavqini bir kosai mayga sota qoldim.
Uning e'tiqod bilan o'qigan „namozi"dan „bir shisha may"ni avlo ko'radi va shariatning ming hukmi—tavqini „bir kosa mayga sota qoladi".
Oshiq boshqalar nazdida — telba. Chunki yorining bir jilvasiga ikki jahonni hadya etib turibdi:
To telbaligim shuhrati olamni tutubdur,
Bir jilvasiga ikki jahondin o'ta qoldim.
Vahdat mayini piri mug'on ilkidin ichtim, Mansur kabi boshimi dorga tuta qoldim.
Aslida u sog'lardan sog'roqdir. Chunki u vahdat mayini faqat pirlar piridan ichgan. Bu hol unga boshini Mansur doriga dadil tutish imkonini bergan. Chunki uni bu dunyoga bog’laydigan g'arazli iplar uzilgan. U oliy haqiqatga— Allohning o'ziga yetmoqqa intiladi. So'nggi baytda gap aylanib, taqdirga keladi va mantiqiy yakunini topadi. Ya'ni hushi joyida bo'lmagan odamdan xafa bo'lish, uning qilmishlarini ayb sanash to'g'ri emas, ishq deb atalmish ko'chadan o'tgan yo'lovchi borki, shunday qismatga mahkumdir:
Ayb aylamangiz, Mashrabi bexudni, yoronlar,
Naylayki, bu g'urbat ko'chasidin o'ta qoldim.
Mashrabning hamma she'rlarini ham boshdan oxirigacha sof tasavvufiy deb qarash unchalar to'g'ri emas. Shoir „Qaydasan?" radifli g'azalida berayotgan so'roqdan va matla'dagi gapni ko'ngilga ko'chirishidan tashqari she'rdagi tasvir va tamsillarning barchasini bevosita atrofdagi voqelik bilan bog'laydi:
Ey, mening nozik nihol, oromijonim qaydasan?
Bu ko'ngul bo'stonida g'uncha dahonim, qaydasan?
Necha yillar bu ko'ngul mushtoq erur diydoringa,
O'rgulay, ey dilbari shirin zabonim, qaydasan?
Ayrilib men yordin bir necha kun bo'ldum judo,
Axtarib keldim sani, sarvi ravonim qaydasan?
Holi zorim ko'p yamondur, kelmasang bir yo'l so'rab,
Ey, mening xush mehribonim — yori jonim qaydasan?
Ko'zlarim giryon bo'lub, qoldim bu g'am sahrosida,
Hasratingda chiqdi bu oh-u fig'onim, qaydasan?
Tashnalabdur Mashrabing, bo'ldi yurak-bag'ri kabob,
Furqatingda chashmai obi ravonim, qaydasan?
Shoir matla'ning birinchi satrida yorning qiyofasini chizadi. U — „nozik nihol", demak, qaddi-qomati kelishgan, „g'uncha dahon" — og'zi g'uncha kabi chiroyli. Ma'shuqa — shoirning ko'ngul bo'stonida paydo bo'lgan gul. She'rdagi sog'inch hissi sodda, samimiy va tushunarli ifoda bilan qo'shilib alohida joziba baxsh etgan. Ohang ham, aytish mumkinki, turkona. Chunki uning vazni aruzning turkiy she'riyatda eng ko'p qo'llanadigan bahrlaridan biri — ramalda. Chunonchi:
Ey, me ning no zik ni hol, o ro mi jo nim, qay da san?
- v - - - v - - - v - - - v -
fo i lo tun fo i lo tun fo i lo tun fo i lun
Bu ko' ngul bo's to ni da g'un cha da ho nim, qay da san?
- v - - - v - - - v - - - v -
fo i lo tun fo i lo tun fo i lo tun fo i lun
Mashrab she'rlari mazmuniga ko'ra ham, ifodasi jihatidan ham u qadar sodda emas. Chunki Mashrab falsafasining o'zi juda murakkab. Unda bu yorug' olam Alloh tushunchasi bilan birlashib ketadi. Shoir ijodida biz ko'rib turgan bu atrof-olam hammasi sir-sinoat va unda faqat Alloh namoyon ekani ifodasini topadi. Quyidagi g'azalda bu fikr-qarashlar ochiqroq ifoda qilingan:
To kiydi qizil o'zini zebo qilayin deb,
O't yoqti jahon mulkida g'avg'o qilayin deb.
Matla'da ilohiy mazmun hali ayon ko'rinib turgani yo'q. Uni „yor o'ziga oro berish uchun alvon libos kiydi va oshiqlar orasida g'avg'o solmoq uchun ular ko'ngliga o't yoqdi",— degan hayotiy-maishiy yo'sinda tushunish to'g'riroq bo'lishi mumkin. Bu tashqi ma'nosi. Tasavvufiy ma'nosi esa: Parvardigor o'z qudrati mo'jizalarini bilmoq bo'ldi va alvon libosga burkanib, oshiqlariga ko'rindi. Bu bilan hammaning ko'ngliga o't yoqdi:
Mastona xirom etti-yu ko'rguzdi qaddini,
Mendek necha devonani shaydo qilayin deb.
Bu baytda tabiiy yor belgilari yanada ko'proq. Ammo Alloh yor qiyofasida. U mastona yurib keladi, chunki u o'z go'zalligidan, aniqrog'i, bu go'zallikning barcha oshiqlarini mahliyo qilganidan mast. Shuning uchun ham u o'z qaddi-bastini tantanavor namoyish etadi. Ma'shuqaning ko'rinishi tasvirida ham mantiqiy izchillik bor. Oldin libosi, so'ng qaddi-qomati ko'rinadi. Navbat yorning jamoliga keladi:
Zebo sanamim gul yuzidin parda ko'tardi,
Olam hama ko'z bo'ldi tamosho qilayin deb.
Go'zal mahbuba gul yuzidan pardani ko'targan edi, butun dunyo uni tamosho qiluvchi ko'zga aylandi. Bu baytning ma'nosi yaxshiroq tushunilishi uchun Mashrab izdoshlaridan bo'lgan Majzub Namangoniyning bir misrasini keltirish o'rinli bo'ladi:
Soqiy—manam, sog'ar—manam, ore, manam, manam, manam.
Soqiy ham o'zimman, qadah ham o'zimman, o'zim ham o'zimman, demoqda shoir. Mansur „anal-haq"ining ayni o'zi. Mashrabning yuqoridagi baytida ham xuddi shu singari borliqni ilohiylashtirish, yagona mavjudlik, ya'ni vahdati vujud ma'nosi ifoda etilgan.
Mashrab fikricha, oshiq va ma'shuqa aslida bitta. G'azal yuqoridagi tartibda davom etadi. Gap yorning „zulfi", „qoshi"ga ko'chadi. Qosh tasviri yana oshiqning qonini to'kish bilan bog'lanadi. Mumtoz adabiyotda qosh qilichga o'xshatiladi va shoirning bunday qismatga tayyorligi ifodalanadi:
Boshimni kesib olg'il-u xushhol bo'lub ket,
Qonimni to'kub, lolayi sahro qilayin deb.
Oshiqning sadoqati, muhabbati, ma'shuqaga ishonchi shunchalikki, u jonini omon saqlash haqida orzu ham qilmaydi. Uning uchun ishq yo'lida qurbon bo'lmoq — saodatga erishmoq bilan teng. Ma'shuqaning bu xil keng qamrovli mazmunga egaligi shoirning boshqa she'rlarida ham uchraydi. Masalan, bu holni uning mashhur she'rlaridan bo'lgan:
Malaksan yo bashar, yo hur-u g'ilmonsan, bilib bo'lmas, Bu lutf-u, bu nazokat birla sendin qayrilib bo'lmas
matla'li g'azalida ham ko'rish mumkin. Oshiq yorning „malak" (farishta) yo „bashar" (odam) yoki hur-g'ilmon (jannat qizlari va xizmatkorlari) ekanini bilolmay ajablanadi. Negaki, ma'shuqa — yer yuzidagi odamlarga aslo o'xshamaydigan darajada go'zal. Bu ajablanishlarni vahdati vujudning g'aroyibotlaridan hayratga tushish deb izohlash ham mumkin. Muallif, iloji boricha, o'z holatiga ham sirli tus beradi. O'zining boshqalarga o'xshamasligini, ahvolini hech kim anglay olmasligini uqtirib turadi, „ishq"ining betakrorligiga qayta-qayta ishontirmoqchi bo'ladi. Bu ham tasavvuf she'riyati uchun xos bo'lgan xususiyatlardan. Masalan, uning she'rlaridan biri:
Hech kima ma'lum emas holi parishonim mening,
Osmonni tiyra qildi oh-u afg'onim mening
satrlari bilan boshlanadi. Oshiqning g'ambodaligi shunchalikki, ayriliq sabab u tortgan ohlarning dudidan osmon qorayib ketgan. Lekin keyingi bayt tamomila o'zgacha bir kayfiyatni ifoda qiladi:
Men nechun shod etmayin, bul xasta ko'nglumni bugun, Keldi holimni so'rab, ul sho'xi jononim mening.
Shoir — o'zgaruvchan kayfiyat egasi. Bir kichkina e'tibor uni baxtsizlik chohidan saodat tog'iga chiqarib qo'yadi. Yorning hol so'rashi oshiqning „xasta ko'ngluni" shod etishiga sabab bo'ladi. Bu she'rda nozik ishoralar, qandaydir mavhum va mubham holatlar pardali yo'sinda tasvirlangan esa-da, unda majoziy muhabbatni kuylash yetakchilik qilgani ko'rinib turadi:
Noz-u istig'no bilan kelgil, meni holimni so'r.
Termulub doim yo'lungda chashmi giryonim mening.
She'rning maqta'sida dunyoviy ruh yanada yaqqolroq bilinadi. Chunki bu o'rinda oshiq uni qiynayotgan ma'shuqaga bevosita murojaat qiladi:
Tobakayjabr-u sitam birla yurursan, ey, rafiq,
Chiqti. Mashrab, ushbu g'amdin bu aziz jonim mening.
Yorning jabr-u sitamlari shoirning shirin joni chiqishiga olib keldi. Bu she'rda oldingi g'azallardagi nihoyasiz sabr tasviri unchalik ko'zga tashlanmaydi. To'g'ri, bu yerda ham oshiq ma'shuqaning sitamlaridan astoydil yozg'irmaydi. Lekin g'azalda yorni insofga chaqirish ruhi sezilib turadi.
Mashrabning ayrim she'rlarida XVII — XIX asrlarda Turkistonda keng yoyilgan qalandariya mazhabiga moyillik seziladi. Qalandarlik, shoir nazarida, barcha yomonliklarni rad etishning, qabohatlardan uzoqda bo'lishning eng yaxshi, boshdan-oxir hurlik-erkinlik yo'lidir. Bu erk Allohga ko'ngul qo'ymoq hurligidir. Razolat va zalolatni yengmoq, haqiqatni ochmoq hurligidir. She'rga e'tibor qilaylik:
Murodingga yetay desang, qalandar bo’l, qalandar bo'l, Sitam ahlin yutay desang, qalandar bo'l, qalandar bo'l.
Og'izdan dur sochay desang, sharobi ishq ichay desang, Yomonlardin qochay desang, qalandar bo'l, qalandar bo'l.
Fasod ahlin quvay desang, (ketiga) bir uray desang,
Bu dargohdin suray desang, qalandar bo'l, qalandar bo'l.
Riyozatsiz bo'lay desang, tanim ozod yuray desang, Jahonni sayr etay desang, qalandar bo'l, qalandar bo'l.
Razolat kuyduray desang, zalolat o'lduray desang, Hamasin supuray desang, qalandar bo'l, qalandar bo'l.
Bu taqvodin kechay desang, xonaqohdin qochay desang, Haqiqatni ochay desang, qalandar bo'l, qalandar bo'l.
Guharrezlik qilay desang, hamani kulduray desang,
Chu Mashrabdek bo'lay desang, qalandar bo'l, qalandar bo'l.
Qalandariya aslida Ahmad Yassaviydan boshlangan „jahriya"ning bir ko'rinishi. „Jahr" baland ovoz bilan zikr tushmoqdir. Qalandarlar ustlarida janda — rido, bellarida sadaqa yig'adigan kashkul bilan yurtma-yurt kezib yurganlar. Mol-dunyo, davlat-u saltanat, kibr-u havo, manmanlikni tark etib, faqirona umr o'tkazishga so'zda va amalda harakat qilganlar.
O'z zamonasida qalandarlik davrning eng ilg'or harakatiga aylangan, atrofiga sog'lom kuchlarni yig'gan. So'fiylikning jamoa-uyushmasi hisoblangan qalandarlikning o'z rasm-taomillari bo'lgan. Masalan, pirga qo'l berib, muridlikni zimmasiga olgan har bir kishi to'rt qoidaga amal qilishi shart bo'lgan.
1.
Sirpo'sh — o'zganing sirini ochmaslik.
2.
Xomush — kamgaplik.
3.
Zahrno'sh - har qanday achchiq gapni yutish.
4.
Faromush — har qanday vaziyatda ham og'ir bo'lish, o'ch olishga urinmaslik. Bu to'rt shart qabul qilingach, unga kisvat (kiyim) berilgan. Kisvatdegani quyidagilardan tarkib topgan: a) shaydoyi degan uchi burma do'ppi. Uning atrofiga „Illo fato illo Ali, yo sayf-u illo zulfiqar, har baloye pesh oyad, daf kun parvardigor!" so'zlari yozilgan; b) chiltor o'ralgan. Chiltor — shaydoyi ustidan o'raladigan shokilali salla; d) kuloh.Qalandarlarga ikki-uch yildan keyin beriladigan, ichi namat, usti duxoba, tuya junidan shokilali qilib to'qilgan bosh kiyim; e) kamar. Ich tomoni namat, usti duxoba qayish. Tevaragiga: „Kamar bastam ba nomi Shohi mardon, Dili g'amnoki moro shohi gardon" (Mardlar shohi nomi bilan kamar bog'ladim, Biz, dili g'amnok gardlar shohimiz) deb yozib qo'yilgan; f) janda — besh-olti yil yurt kezgan qalandarlarga beriladigan kiyim.
Qalandarlar tirikchilikning g'amini yeyishmagan. Ular topilganiga qanoat qilishgan. Qalandarlarning tariqatga doir va ma'naviy yumushlari pir, eshon tomonidan belgilab berilgan. Eshoni murshidning xo'jalik sohasidagi ishlarini qalandarlar orasidan „g'olib" deb ataladigan sarkor bajargan. Qalandarlar quyidagi ashyolarni doimiy ravishda olib yurishgan:
1.
Do'stlaringiz bilan baham:
4
0
0
0
0
0
0
4
1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 12
________________________________________
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling
Bosh sahifa
Guide
Referat
Report
Request
Review
Do'stlaringiz bilan baham: |