XX
Hudhud Simurg'dan afsona aytgach, qushlar tabiatida shavq o'tining alangalangani
Bu so'zlar qushlarda faryod ko'tardi va ulardan har birining ko'ngliga shavq
g'ulg'ulasini soldi. Ular Hudhudga shunday dedilar
— Ey, peshvo! Bunday shohdan ayriliqda yashash mumkin emas. Olamda bizning turli
holatimizdan ogoh bo'lgan shunday shohimiz bo’la turib, biz jaholatga giriftor bo'lmaylik.
Uning firoqi bizni zor etmoqda. Aqlu hushi bor kishi oldida shu narsa ravshanki, hayotda
bunday g'aflatda yashagandan ko'ra o'lim ko'p marta yaxshiroqdir.
Sen o'z so'zlaring bilan bizga yo'l ko'rsatding. Endi barchamizning sendan iltimosimiz
shu: hammamizga bosh bo'lib, bu safarimizda bizga yo’lboshchilik qilgil. Biz shoh yo'liga
o'z jonimiz bilan, balki jonimizni hovuchlab, jiqqa ko'z yoshlarimiz bilan kiraylik. Uning
vasliga erishishga intilaylik-da, bu istagimizdan bir nafas ham chekinmaylik. Bu yo'lda
qanot qoqib, har qanday dengizu sahrolardan uchib o'taylik. Yo uning visoliga
yetgaymiz, yo bu yo'lda jonimizni tark etgaymiz!
XXI
Hudhud qushlarga ko'nib, ularni bu yo'lga targ'ib etgani
Hudhud qushlarning bu so'zlaridan shodu xurram bo'lib, ularga shunday dedi:
— Ey aftodahol to'da! Bizga falak baxtiyorlikka erishishda madad bersa, chindan ham
bu safarni ixtiyor qilgan bo'lsangiz, men ham bu yo'lda jonim boricha, balki jism ichra
darmonim qolguncha yordam berayin. Hammangizga hamrohlik qilib, sizni barcha
manzillardan ogoh qilayin. Yo'lda har qanday g'am yetsa hamdamlik, biron yashirin dard
bo'lsa mahramlik qilayin. Oldingizda mushkul ish ko'ndalang bo'lsa, jonim bilan uni hal
qilay. Sizga har qanday yaxshi-yomon ro'para bo'lsa, uni daf etishga doim tayyor bo'lay.
Uchayotgan paytingizda hamkorlik, qo'nar joyingizda esa posbonlik qilayin.
Hudhud qavmidan bu muddaoni anglagach, ularga tahsin va duolar o'qidi. Mastona
bir holda ularga har xil sirlarni bir boshdan ochib bera boshladi:
— Ey siz! Hammangiz bilish sirlariga moyilsiz, zotingiz bu pinhon xazinadan so'zlaydi.
Siz yaratilish ibtidosida abadiy jannat bog'idagi daraxtlar shoxida yoqimli dostonlar
kuylar edingiz. Hammangiz shoh siriga mahramlik qilmoqchisiz. Sizning yoqimli
sayrashingiz uning tasbehidandir, qo'shiq va dostonlaringizda ham uni ta'rif etasiz.
Uning yodi sizga doimo baxt kabi; vaqtingiz esa uni eslab, fikrlash bilan o'tadi. Bir tuban
odam sizning to'dangizni hurkitib yuborganda, ko'zingizdan yorug' sham yashirindi.
Qushlar to'dasiga bundan qo'zg'olon yetishib, har biri ovorayu bexonumon bo'ldi. Asl
gulshan sari yo’l topa olmayin, balki u xotirdan butunlay ko'tarildi. Bu tuproqni oshyon
aylagan ularga dahr bog'i sari mayl etishlikni ayon qildi.
— Bu g'aribistonda turg'un bo'lganlar ko'nglingizdan u nozu ne'matlar ketgan
chog'da, haq ko'mak bersa, men tezlik bilan jahd etib, yana sizni u bilan yondosh etayin.
Lisonut-tayr. Alisher Navoiy
Do'stlaringiz bilan baham: |